Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nobel mukofoti sovrindorlaridan kimlar o‘z mukofotini sotgan, kimoshdi savdosiga qo‘ygan yoki sovg‘a qilgan?
Venesuelalik Mariya Korina Machado o‘zining Nobel medalini Donald Trampga sovg‘a qildi. Bu kamdan-kam uchraydigan hodisa, lekin misli ko‘rilmagan emas. Tarixda o‘z medalini sovg‘a qilgan, sotgan yoki kimoshdi savdosiga qo‘ygan shaxslar ko‘p bo‘lgan.
Foto: AP
15 yanvar kuni Oq uyda Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado o‘zining tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini (ya’ni Alfred Nobel tasviri tushirilgan oltin medal) AQSh prezidenti Donald Trampga topshirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «uning ozodligimizga bo‘lgan noyob sadoqatining e’tirofi» edi.
Machado prezident Nikolas Maduro qatag‘onlari sharoitida Venesuelaning muxolifat harakatini boshqargani, xususan, 2023 yilgi bahsli prezidentlik saylovidagi ishtiroki uchun 2025 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
«Men Qo‘shma Shtatlar prezidentiga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirdim», dedi Machado jurnalistlarga Oq uyni tark etar ekan.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Venesuela muxolifati yetakchisi medalni unga saqlash uchun qoldirganini tasdiqladi va u bilan uchrashish o‘zi uchun «katta sharaf» bo‘lganini aytdi.
«Bu ko‘p narsalarni boshidan kechirgan ajoyib ayol. Mariya menga qilgan ishim uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirdi. O‘zaro hurmatning ajoyib ko‘rinishi. Rahmat, Mariya», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Machado harakatini misli ko‘rilmagan deb bo‘lmaydi. Qoidaga ko‘ra, u medalni berishi mumkin, lekin mukofotning o‘zini emas. Euronews tarixda yuz bergan shunga o‘xshash voqealarni jamladi.
Nobel jamg‘armasining nizomi va Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra, laureat unvoni berilganidan keyin faqat ushbu shaxsga tegishli bo‘lib, qonuniy ravishda bo‘linishi yoki boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas.
Medal yoki laureatlikni tasdiqlovchi diplom kimgadir sovg‘a qilinishi, sotilishi yoki kim oshdi savdosiga qo‘yilishi mumkin, ammo bu laureat unvonini boshqaga o‘tkazilishini anglatmaydi. Nobel mukofotining bir qancha sovrindorlari, garchi vaziyat va sabablar turlicha bo‘lsa-da, ilgari o‘z medallarini bergan yoki sotgan.
Ukrainalik qochqinlar foydasiga auksion
Rossiyada so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlari uchun 2021 yilda filippinlik Mariya Ressa bilan birgalikda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov 2022 yil iyun oyida kimoshdi savdosida medalini rekord darajadagi 103,5 million dollarga sotdi.
Nyu-Yorkdagi Heritage auksionida medalni anonim xaridorga sotishdan tushgan barcha mablag‘lar ukrainalik qochqin bolalar uchun YUNISEF jamg‘armasiga o‘tkazilgan.
Kimoshdi savdosi Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan bir necha oy o‘tib bo‘lib o‘tdi. Muratov Rossiyaning so‘nggi mustaqil nashrlaridan biri «Novaya gazeta» bosh muharriri edi. Nashr 2022 yil mart oyida o‘zgacha fikrlash va Kremlning urushning dastlabki haftalaridagi harakatlarini tanqid qilishning to‘liq bostirilishi fonida Rossiya rasmiylaridan ogohlantirish olganidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi.
Urush davrida mablag‘ to‘plash
Ikkinchi jahon urushi boshida daniyalik fizik olimlar Nils Bor va Avgust Krogning 1922 va 1920 yilda olgan Nobel medallari 1939-1940 yillardagi Finlyandiya va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi qishki urush paytida Finlyandiya tinch aholisiga yordam berish maqsadida mablag‘ yig‘ish uchun kim oshdi savdosida sotildi. Keyinchalik medallar Daniya muzeylariga topshirildi.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi paytida nemis fiziklari Maks fon Laue va Jyeyms Frank (ikkalasi ham Nobel mukofoti sovrindorlari) Nils Borga o‘z medallarini fashistlardan yashirish uchun bergan. Medallar natsistlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun Bor laboratoriyasida ishlaydigan venger kimyogari Jorj de Xeveshi ularni kislotada eritgan.
Urushdan keyin oltin qayta tiklandi va Nobel jamg‘armasi medallarni qayta ishlab, fon Laue va Frank oilasiga qaytardi.
Biroq, Nobel mukofoti medallari bilan bog‘liq voqealarning hammasi ham bir xil ijobiy emas, laureatlarning ba’zi qarorlari juda bahsli edi.
Masalan, 1920 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olgan norvegiyalik yozuvchi Knut Hamsun o‘z medalini fashistlar Germaniyasining targ‘ibot vaziri Yozef Gebbelsga topshirdi.
1943 yilda Adolf Hitler va Gebbels bilan uchrashgan Hamsun natsizm tarafdori bo‘lib, Norvegiyaning nemislar tomonidan bosib olinishini qo‘llab-quvvatlagan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘zining Nobel medalini Gebbelsga ramziy qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida topshirgan. Urushdan keyin Hamsunning obro‘si tushib ketganiga ajablanmasa ham bo‘ladi, ammo uning adabiy asarlari hanuz o‘rganilmoqda.
Jyeyms Uotson ishi
1962 yilda Frensis Krik va Moris Uilkins bilan birgalikda DNK tuzilishini kashf etgani uchun fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olgan Jyeyms D. Uotson 2014 yil dekabr oyida Christie’s kimoshdi savdosida o‘z medalini 4,8 million dollarga sotdi.
Uotson so‘zlariga ko‘ra, tushgan mablag‘lar ilmiy-tadqiqot institutlari va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflangan. U hozir hayot bo‘lgan Nobel mukofoti sovrindorlari orasida birinchi bo‘lib o‘z mukofotini sotdi. Medalni rossiyalik milliarder Alisher Usmonov sotib oldi va 2015 yilda Moskvada bo‘lib marosimda Uotsonga qaytarib berdi. Usmonov olim bu medalga «munosib» ekanini aytdi.
Sotish to‘g‘risidagi qaror Uotson tomonidan moliyaviy qiyinchiliklar fonida qabul qilindi. Nashrning ta’kidlashicha, bu irq va intellekt, ayniqsa, kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan odamlarga nisbatan salbiy fikrlar oqibati edi. Bu fikrlar uning obro‘siga putur yetkazdi va Cold Spring Harbor laboratoriyasi rahbarligidan ketishiga sabab bo‘ldi. Laboratoriya Uotsonni unvonlardan mahrum qildi va 2019 yilda u bilan barcha aloqalarni uzdi. Uotson avvaliga o‘z fikrlari uchun uzr so‘radi, ammo keyinchalik o‘z qarashlari o‘zgarishsiz qolganini aytdi.
Frensis Krik olgan Nobel mukofoti medali ham 2013 yilda Heritage auksionida 2,27 million dollarga sotilgan. Sotuvdan tushgan mablag‘ning bir qismi Londondagi Frensis Krik institutiga o‘tkazildi.
Xalqaro hamkorlikni tushunishga hissa qo‘shgani uchun 1933 yilda Norman Enjyelga topshirilgan Tinchlik uchun Nobel mukofoti medali 1983 yilda Sotheby’s auksionida sotildi. Hozir u Londondagi Imperator harbiy muzeyida saqlanadi.
1975 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Aage Bor medali 2011 yilda va 2019 yilda kimoshdi savdosida sotilgan. Aage 1922 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Nils Borning o‘g‘li.
Pul xayriyalari
Ba’zi laureatlar Nobel mukofoti uchun olgan pullarini medaldan ajralmaslik uchun xayriya qilgan.
1921 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Albert Eynshteyn avvaldan kelishilgan ajralish bitimiga ko‘ra, pul mukofotini birinchi xotini Mileva Marich va ularning farzandlariga berdi.
2000 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Pol Gringard butun mukofot jamg‘armasini ayol olimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili o‘tkaziladigan Perl Mayster Gringard mukofotini ta’sis etishga xayriya qildi.
1999 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Gyunter Blobel mukofot pullarini Drezdendagi restavratsiya loyihalari va ona shahridagi sinagoga qurilishiga xayriya qildi.
1990 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan E. Donnall Tomas suyak iligi transplantatsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z tadqiqot markaziga pul mukofotini xayriya qildi.
Hozirgi vaqtda Nobel mukofoti 11 million shved kronasi, ya’ni taxminan 1 million yevro miqdoridagi pul mukofotini o‘z ichiga oladi. O‘nlab yillar davomida bu miqdor o‘zgarib, oshib turdi.
Mavzuga oid
14:41 / 16.01.2026
OAV: AQSh aviatashuvchi guruhini Yaqin Sharqqa yo‘naltirdi
09:09 / 16.01.2026
“Eronda 800 ta qatl to‘xtatildi”: Oq uy Trampning bayonotini izohladi
08:32 / 16.01.2026
Machado Oq uyda Trampga Nobel tinchlik mukofotini “topshirdi”
16:19 / 15.01.2026