O‘zbekiston | 21:34 / 20.01.2026
2406
4 daqiqa o‘qiladi

«Metan zapravkalar»ga navbatdagi cheklov va Chorvoqdagi turizm loyihasining jamoatchilik muhokamasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Metan zapravkalar» faoliyatiga yana vaqtincha cheklov kiritildi

Havo harorati pasayishi va tabiiy gazga talab oshishi ortidan ayrim hududlarda gaz quvurlarida bosim pasaymoqda. Shu munosabat bilan aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obektlarini birinchi navbatda ta’minlash maqsadida «metan zapravkalar» ishiga vaqtincha cheklov joriy etildi.

Mazkur choralar faqat sovuq kunlarda aholi uchun barqaror ta’minotni ta’minlashga qaratilgani, vaziyat barqarorlashishi bilan cheklovlar bekor qilinishi ta’kidlanmoqda.

Aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.

«Sea Breeze Uzbekistan» turistik majmuasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi

23 yanvar kuni Bo‘stonliq tumani hokimligida «Sea Breeze Uzbekistan» turistik majmuasi qurilishi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi.

Jamoatchilik eshituvi loyihasi doirasida hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari, atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir, chiqindilarni boshqarish, yashil hududlar va suv obektlarini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik choralari va monitoring masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Chorvoq atrofidagi 577 gektar yer maydoni ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarovning «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi uchun ajratib berilgan. Loyiha Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘i hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi.

Ichki ishlar tizimida migratsiya xizmatlari raqamlashtiriladi, «Aqlli» shoxobchalar joriy etiladi

Prezident qaroriga muvofiq, migratsiya va personallashtirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari bosqichma-bosqich aholi uchun qulay va shaffof xizmat ko‘rsatuvchi servis tuzilmalariga aylantiriladi, sohada davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi hamda shaxsga doir ma’lumotlarning ishonchliligi ta’minlanadi.

Qarorga asosan, 2026 yil 1 maydan boshlab tajriba tariqasida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar)da sun’iy intellekt asosida ishlovchi, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega «Aqlli» migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi. Ularda bir qator davlat xizmatlari avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rsatiladi, keyinchalik xizmat turlari kengaytirib boriladi.

Toshkentda FIFA Series 2026 futbol turniri o‘tkaziladi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan FIFA Series 2026 turnirlari tarkibini e’lon qildi.

Mart oyida o‘tkaziladigan turnirlardan biriga Toshkent mezbonlik qiladi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasi bilan birga Gabon, Trinidad va Tobago, shuningdek, Venesuela ham ishtirok etadi. O‘yinlar yarimfinal va final sxemasi bo‘yicha o‘tkaziladi, taqvim keyinroq e’lon qilinadi.

Qayd qilinishicha, FIFA Series 2026 turnirlarida qirq sakkizta milliy jamoa, ya’ni jahon futbol hamjamiyatining deyarli to‘rtdan bir qismi ishtirok etadi. Barcha o‘yinlar butun dunyo bo‘ylab translatsiya qilinadi.

Mavzuga oid