Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniyada qamalgan Xitoy josuslari va Yevroittifoq-Isroil mojarosi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Rossiya–Ukraina urushi
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida mamlakat bo‘ylab Ukrainaning 1000 ga yaqin droni va to‘rtta qanotli raketasi tutib qolingan va yo‘q qilingan. Kechagi hujumda Rostov viloyatidagi neft omboriga ham zarba berilgan va u yerda bir kishi halok bo‘lgan.
Umuman olganda, kechagi hujum urush boshlanganidan buyon eng katta dronlar hujumi ekani aytilmoqda. Moskva tomon uchirilgan 200 ga yaqin dron neft zavodlariga urilgach, poytaxt osmonidan qora neft tomchilari yomg‘ir bo‘lib yog‘di.
Moskva rasmiylari esa har qanday «neft yomg‘iri» yog‘ayotganini inkor etdi. Ammo shaharning rasmiy Telegram kanalida jabrlangan tuman aholisi derazalarni yopiq saqlash haqida ogohlantirildi.
Moskvada dron zarbalari va uning oqibatlari tasvirlarini e’lon qilishni taqiqlagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab videolar tarqaldi. Eng dramatik lahza – portlash natijasida katta rezervuarning qopqog‘i o‘nlab metr yuqoriga uchib ketgani bo‘ldi. Moskvadagi to‘rtta aeroport ham vaqtincha yopildi: 500 dan ortiq aviareyslar bekor qilindi yoki qoldirildi.
Umuman olganda, kechagi tarqalgan videolarda Moskvada bir necha soatga xuddi front chizig‘iga aylanib qolgandek tasavvur berdi: ko‘chalarda harbiylar dronlarni urish uchun raketa uchiryapti. Butun osmonda dronlar uchib yuribdi.
Aslida urush boshlaganidan keyin Moskva atrofida keng ko‘lamli havo mudofaa tizimlari o‘rnatilgan. Ammo hech qanday havo mudofaa tizimi dronlarning ommaviy hujumlaridan to‘liq himoyani kafolatlay olmayapti.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dron zarbasi o‘tgan haftada Kiyevdagi tarixiy monastirni olov ichida qoldirgan hujumga javob ekanini aytdi. «Biz bu urushni xohlamaymiz va hech qachon xohlamaganmiz. Lekin agar Ukraina yonsa, sizlarning Moskvangiz ham yonadi», dedi Zelenskiy.
Bunga javoban Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga «ommaviy miqyosda» zarbalar berilishini aytdi.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda 2025 yil oktyabr oyida sulh o‘rnatilganidan keyin Isroil hujumi natijasida halok bo‘lgan falastinliklar soni 1000 dan oshdi. Isroil tomoni esa ushbu davrda to‘rt nafar askari o‘ldirilganini aytmoqda.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasiga ko‘ra, so‘nggi zarbalar oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, Isroilning zarbasi G‘azo shahridagi asosiy ko‘chada ketayotgan avtomobilga tekkan va uch kishi halok bo‘lgan. Payshanba kuni kechroq G‘azoning markaziy hududi yaqinida Isroil kuchlari yana bir kishini o‘ldirdi.
Bu zo‘ravonliklar – vositachilarning sulh tuzish bo‘yicha yangi urinishlariga qaramay davom etmoqda. Isroil harbiylari esa Hamas askarlarini nishonga olganini bildirdi.
Isroil va Hamas Trampning G‘azo bo‘yicha rejasining keyingi bosqichini qanday amalga oshirish borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ushbu reja Hamasning qurollarini topshirishini va Isroil qo‘shinlarining olib chiqilishini ko‘zda tutadi.
Muzokaralarga yaqin ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, Tinchlik kengashi maxsus vakili Nikolay Mladenov shu haftada Qohirada Misr, Qatar va Turkiya vositachilari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Mladenov Hamas va boshqa guruhlarga «yo‘l xaritasi»ning qayta ko‘rib chiqilgan variantini topshirgan. Hamas rasmiysi Reuters agentligiga ushbu hujjat hozirda o‘rganib chiqilayotganini tasdiqladi.
Britaniyada Xitoy josuslari qamaldi
Britaniyada ikki erkak Xitoyga josuslik qilishda ayblanib 8 va 10 yilga qamaldi. Ular Hongkong va pirovardida Xitoy foydasiga ishlagan hamda Britaniyada istiqomat qilayotgan, demokratiya tarafdori bo‘lgan dissidentlarni josuslik yo‘li bilan kuzatishda aybdor deb topildi.
Aybdorlardan biri Buyuk Britaniya chegara xizmatida ishlagan 66 yoshli Bill Yuan va 41 yoshli Piter Vay. Ular 2023 yil dekabridan 2024 yil maygacha belgilangan nishonlarni yashirincha kuzatib borishgan. Vay, shuningdek, lavozimidan suiiste’mol qilib, nishondagilar ma’lumotlarini qidirish uchun Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasiga noqonuniy kirgan.
Ular Britaniyada Xitoy foydasiga josuslikda ayblanib jazolangan birinchi shaxslar deb hisoblanmoqda. Sudya Yuanni sakkiz yilga, Vayni esa 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Har ikkalasi ham Xitoy va Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan bu shaxslar qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. Xitoyning Londondagi elchixonasi esa ushbu sud ishini «siyosiy yurishdan boshqa narsa emas» deb atadi.
Jyenevada marosim bo‘lmaydi
AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Shveytsariyada eronlik muzokarachilar bilan uchrashish rejalashtirilgan safarini bekor qildi. AQSh rasmiylari shu haftada Jyenevada AQSh–Eron kelishuvini rasmiy imzolash marosimi o‘tkazilishini aytgandi. Biroq Eron tashqi ishlar vazirligi har ikki davlat prezidentlari kelishuvni imzolaganidan keyin bunga ehtiyoj yo‘qligini aytib, shubha bildirgan.
Shuningdek, Eron sulh 60 kunga uzaytirilganidan keyin texnik muzokaralarni boshlashga tayyorligini ma’lum qilgandi. Keyinroq Eron OAVlari dastlab AQSh kelishuvni amalga oshirayotganiga oid belgilarni ko‘rishi kerakligini xabar qildi.
Eron Oliy rahnamosi Mujtaba Xominaiy Tramp bu bitimni «chorasizlikdan» imzolaganini aytdi. Bu Eron yadro dasturi bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar oson kechmasligiga signal deya ko‘rilmoqda. «Agar Amerika tomoni haddan tashqari ko‘p narsa talab qilmoqchi bo‘lsa, biz buni qabul qilmaymiz», dedi u o‘zining yozma murojaatida.
Tinchlik muzokaralariga kiritilmagan Isroil esa Livanda janglarni davom ettirmoqda. Bu esa kelishuvning kuchda qolish-qolmasligi borasida savollar tug‘dirmoqda.
Isroil va Yevroittifoq mojarosi
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Sa’ar payshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Kaya Kallas bilan aloqalarni uzayotganini ma’lum qildi.
Bu qadam G‘azodagi urush, G‘arbiy sohildagi zo‘ravonliklar sabab Yevropa Ittifoqi va Isroil o‘rtasi munosabatlar keskinlashgan bir paytda yuz bermoqda.
Sa’arga ko‘ra, Kallas «bir qancha vaqtdan beri Isroil davlatiga nisbatan ashaddiy va ochiqdan ochiq adolatsizlik bilan munosabatda bo‘lmoqda».
Isroil tashqi ishlar vaziri «Euractiv» nashrining 12 iyundagi xabariga ishora qildi. Unda Kallas “Isroilning G‘azo va G‘arbiy sohilda falastinliklarga munosabatini – Janubiy Afrikaning aparteid rejimi xatti-harakatlariga qiyoslagani” da’vo qilinadi.
Ittifoqning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas esa Yevroittifoq Isroil bilan konstruktiv munosabatlarga «har doim sodiq» ekanini ta’kidladi. Lekin aynan aparteid haqidagi so‘zlarga izoh bermadi.
«Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish uchun ikki davlat yechimi birdan-bir maqbul yo‘ldir. Yevropa Ittifoqi bu maqsadga erishishni tobora qiyinlashtirayotgan Isroilning noqonuniy aholi punktlari qurilishini qoralagan. Bu Yevropa Ittifoqining pozitsiyasidir», deb yozdi Kallas.
Hafta boshida Kallas bir qator a’zo davlatlar chaqirig‘idan so‘ng, Yevropa Ittifoqi Isroil aholi punktlari bilan savdoni cheklashni o‘rganib chiqishini aytgandi. O‘tgan oyda u G‘arbiy sohildagi ko‘chmanchilarga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini e’lon qilgan edi.
Mavzuga oid
16:00 / 18.06.2026
Kelishuv imzolagan prezidentlar va Moskva osmonida yuzlab dronlar – kun dayjesti
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026