Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Merkosur bilan erkin savdo kelishuvi: yevrodeputatlar yuridik tekshiruv talab qildi
Yevroparlament (YeP) Yevroittifoq va Janubiy Amerikadagi Merkosur blokiga kiruvchi davlatlar o‘rtasidagi erkin savdo haqidagi kelishuvni tekshirishni so‘rab, Yevropa Ittifoqi sudiga murojaat qilishga qaror qildi. Chorshanba kuni, 21 yanvarda bu qarorni 334 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 324 nafari qarshi ovoz berdi, 11 nafari betaraf qoldi.
Foto: EPA
Parlament o‘z raisiga Lyuksemburgdagi sudga so‘rov yuborib, kelishuv yuzasidan huquqiy xulosa berishni so‘rashni topshirdi. Bunday xulosani kutish Braziliya, Argentina, Paragvay va Urugvay bilan tuzilgan shartnomani ratifikatsiya qilish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin.
Dpa agentligi qayd etishicha, nazariy jihatdan, agar Yevrokomissiya bunga rozi bo‘lsa, sud xulosasi e’lon qilinmasidan oldin ham kelishuv vaqtincha qo‘llanishi mumkin.
Yevroparlamentdagi sotsial-demokratlar fraksiyasi raisi Rene Repazi avvalroq sudga murojaat qilish Yevrokomissiyani yakuniy qarorni kutmasdan, kelishuvning savdo qismiga doir bandlarini vaqtincha qo‘llashga qaror qilishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Yevrokomissiya esa keyingi qadamlarni YeIga a’zo davlatlar va Yevroparlament bilan muhokama qilish niyati borligini bildirib, deputatlarning qarorini “juda afsuslanarli” deb atadi.
Kelishuvning o‘zi shanba kuni, 17 yanvarda Paragvayda 25 yillik muzokaralardan keyin imzolangan. U YeI va Merkosur mamlakatlari o‘rtasida tovar va xizmatlar almashinuvini rag‘batlantirish maqsadida savdo to‘siqlari va bojlarni kamaytirishni nazarda tutadi.
Sudga murojaat qilish tashabbusi asosan so‘llar va “yashillar”dan chiqqan, biroq uni o‘ng kuchlar vakillari ham qo‘llab-quvvatlagan. Tanqidchilar kelishuvning siyosiy va savdo qismlarga bo‘linishiga e’tibor qaratmoqda: siyosiy qismi YeI mamlakatlarining milliy parlamentlarida ratifikatsiya qilinishi kerak, savdo qismi esa faqat Yevroparlament tasdig‘ini talab qiladi. Da’vogarlar fikricha, bu amalda milliy qonun chiqaruvchi organlarni chetlab o‘tishga olib keladi.
Bundan tashqari, ular Merkosur davlatlariga kompensatsiya va zararni qoplashni talab qilish imkonini beruvchi mexanizmdan, shuningdek iste’molchilarni himoya qilish, atrof-muhit va hayvonlar farovonligi sohasida YeI standartlari susayib ketishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Yevropa xalq partiyasi va sotsial-demokratlar fraksiyalarining rasmiy pozitsiyasi sudga murojaat qilishga qarshi bo‘lganiga qaramay, ayrim milliy delegatsiyalar — ayniqsa Fransiya va Polshadagilar boshqacha ovoz berdi. Yevroparlamentda fraksiyaviy intizom odatda milliy parlamentlarga qaraganda kamroq qat’iy hisoblanadi.
GFR kansleri Fridrix Mers Yevroparlament qarorini keskin tanqid qildi. U Yevropa Ittifoqi sudiga murojaatni “afsuslanarli” deb atab, bu qaror hozirgi geosiyosiy vaziyat va Yevropaning manfaatlarini hisobga olmaganini aytdi.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, Merkosur davlatlari bilan kelishuv — YeIning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashi, savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishi va Yevropaning ayrim bozorlar hamda yetkazib beruvchilarga bog‘liqligini kamaytirishi kerak bo‘lgan muhim strategik loyihadir. Kansler federal hukumat kelishuvning qonuniyligiga ishonishini va uni amalga oshirish uchun yuridik to‘siq ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Mers, shuningdek, ratifikatsiya jarayoni cho‘zilishi YeIning xalqaro hamkorlariga noto‘g‘ri signal yuborishini aytdi. Uning fikricha, global raqobat kuchayib, geosiyosiy keskinlik ortgan sharoitda Yevropa “oylar va yillar davom etadigan noaniqlik”ka yo‘l qo‘ya olmaydi. Kansler Yevrokomissiya va a’zo davlatlarni kelishuvni imkoni boricha tezroq vaqtincha qo‘llashga kiritish uchun huquqda ko‘zda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.
“Hech qanday yangi kechikishlar bo‘lmasin”, — dedi Mers, kelishuvdan keladigan iqtisodiy foyda ham yevropalik eksportchilar, ham Janubiy Amerika mamlakatlari uchun muhimligini ta’kidlab.
Kelishuvni Germaniya sanoati vakillari ham keskin tanqid qildi. Germaniya kimyo sanoati ittifoqining bosh ijrochi direktori Volfgang Grosse Entrup Yevroparlament bu qaror bilan o‘zini o‘zi cheklash va iqtisodiy turg‘unlik yo‘lini tanladi, deb bayonot berdi — bu paytda dunyoning boshqa mintaqalari o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilmoqda.
Shu bilan birga, So‘llar fraksiyasining hamraisi Martin Shirdevan bu ovoz berishni mehnatkashlar, iste’molchilar va atrof-muhit huquqlari himoyachilari uchun “katta g‘alaba” deb atadi. “Yashillar” vakili Anna Kavatssini savdo kelishuvlari yuridik jihatdan nuqsonsiz bo‘lishi va YeI standartlariga to‘liq mos kelishi shartligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi sudi ishni ko‘rib chiqishi qancha vaqt olishini hozircha aniq aytish qiyin. Bu kabi jarayonlar uchun rasmiy muddatlar belgilanmagan. Lyuksemburgdan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, avvalgi shunga o‘xshash tekshiruvlar 16 oydan 26 oygacha davom etgan.
YeI–Merkosur kelishuvi dunyodagi eng yirik erkin savdo hududlaridan birini yaratishga qaratilgan. YeI avtomobillar, uskunalar va kimyoviy mahsulotlar eksporti o‘sishiga umid qilmoqda, Merkosur mamlakatlari esa Yevropaga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo yetkazib beradi.
Mavzuga oid
12:17 / 19.01.2026
Yevroittifoq AQSh bilan savdo kelishuvini ratifikatsiya qilishni to‘xtatadi
16:16 / 30.12.2025
Germaniyada Usmonovga qarshi ochilgan ikkinchi tergov ham to‘xtatildi
09:35 / 15.11.2025
Mers Ukrainaga yordam uchun RF aktivlaridan foydalanishga chaqirdi
12:10 / 09.10.2025