Jahon | 21:32 / 23.01.2026
6988
9 daqiqa o‘qiladi

Trampning Davosdagi nutqi: xatolar va chalkashliklar

Shveytsariyaning Davos shahridagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida qilgan chiqishida AQSh prezidenti Donald Tramp bir qator bahsli bayonotlar berdi.

Foto: Harun Ozalp/Anadolu via Getty Images

Grenlandiyani qo‘lga kiritish istagi haqida gapirarkan, u buni «kichik iltimos» deb atagan. Shuningdek, Tramp AQShning NATO mavjudligiga qo‘shgan hissasi hamda Xitoyning shamol energetikasi haqida gapirgan.

Uning bir soatdan ortiq davom etgan nutqida bir qator yolg‘on da’volar ham bor edi. BBC faktcheking xizmati (BBC Verify) uning nutqini sinchiklab tekshirib, shunday xatolarni keltirdi.

AQSh Ikkinchi jahon urushidan keyin «Grenlandiyani Daniyaga qaytargan»mi?

So‘nggi haftalarda Tramp bir necha bor Grenlandiyani qo‘lga kiritish istagi haqida gapirdi – Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi mazkur hudud keng avtonomiyaga ega hisoblanadi.

Tramp Grenlandiya AQShga milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun kerakligini aytib keladi.

Davosda u Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh «Grenlandiyani Daniyaga qaytargani»ni aytib, shunday qo‘shib qo‘ydi: «Bu biz tomonimizdan naqadar ahmoqlik bo‘lgandi».

Ammo Grenlandiya hech qachon Amerikaniki bo‘lmagan – shunday ekan, AQSh uni «qaytara olmasdi».

1933 yilda xalqaro sud (BMT Xalqaro sudining o‘tmishdoshi) Grenlandiya Daniyaga tegishli ekani haqida qaror chiqargan.

1941 yilda – Daniya natsistlar Germaniyasi tomonidan egallab olinganiga bir yil bo‘lganida – AQSh va Daniya vakillari ulkan orol natsistlar qo‘liga o‘tishining oldini olish uchun AQSh Grenlandiyani himoya qilishini ko‘zda tutuvchi kelishuv imzolaydi.

Ushbu kelishuvdan keyin Amerika orolda bir qancha harbiy bazalar quradi va u yerlarga o‘z harbiylarini joylashtiradi.

Ammo bu kelishuv suverenitetni topshirishni nazarda tutmagan, ya’ni Grenlandiya hech qachon AQSh hududi bo‘lmagan.

AQSh NATO mudofaa ehtiyojlarining «deyarli 100 foizi»ni qoplaganmi?

AQSh prezidenti NATOni tanqid qildi va Qo‘shma Shtatlar to‘layotgan badal pullari Shimoliy Atlantika alyansi budjetiga tushadigan barcha badal pullarining deyarli 100 foizini tashkil etishini ta’kidladi.

U NATOga a’zo davlatlarning ulushi minimal darajada bo‘lgani, «ular ilgari 2 foizni ham qoplamagani, endi esa 5 foizini to‘layotgani»ni aytgan.

Lekin uning bu gaplari ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

So‘nggi yillarda AQShning mudofaa uchun xarajatlari NATO mamlakatlarining umumiy xarajatining 70 foizga yaqinini tashkil etgan.

2024 yilda bu ko‘rsatkich 65 foizgacha pasaygan, 2025 yilda esa bu miqdor 62 foiz atrofida bo‘ldi, chunki NATOning barcha a’zolari tarixda ilk bor o‘z yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini mudofaa uchun ajratishga rozi bo‘lgandi.

AQSh prezidenti NATO a’zolari mudofaa xarajatlarini oshirish majburiyatini olishiga erishdi, ammo 5 foizlik miqdor – uzoq istiqbol uchun maqsad, bu nuqtaga faqat 2035 yilga borib chiqish mumkin.

Ayni vaqtda NATO a’zolarining hech biri o‘z yalpi ichki mahsulotining 5 foizini mudofaaga yo‘naltirmaydi. Hozirda tashkilotning Yevropadagi a’zolari orasida o‘z yalpi ichki mahsulotidan eng ko‘p ulushni mudofaaga ajratayotgan davlat Polsha bo‘lib, Varshavaning 2025 yildagi ko‘rsatkichi 4,5 foizga yaqin bo‘lgan.

AQSh NATOdan hech qachon hech narsa olmaganmi?

Tramp AQSh NATOdan «hech qachon hech narsa olmagani» va «hech qachon hech narsa so‘ramagani»ni aytdi.

Shimoliy Atlantika alyansi veb-saytida ko‘rsatilganidek, «kollektiv mudofaa NATOning eng muhim tamoyilidir» va Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasiga ko‘ra, NATO a’zolaridan biriga qurolli hujum uning barcha a’zolariga hujum sifatida qaraladi va har bir a’zo unga yordam berish majburiyatini bajarishi kerak bo‘ladi.

AQSh esa alyansning 5-moddadan foydalangan yagona a’zosi hisoblanadi.

2001 yil 11 sentabridagi teraktlardan keyin NATO a’zolari AQShga «Anakonda» operatsiyasi va Afg‘onistondagi keyingi harbiy harakatlar uchun qo‘shinlarini hamda texnikalarini taqdim etgan.

Bunga katta hissa qo‘shgan davlatlar orasida Daniya ham bor bo‘lib, ushbu davlat AQShning Afg‘onistondagi ittifoqchilari orasida aholi jon boshiga eng ko‘p yo‘qotishlarga uchragan davlat hisoblanadi.

Daniya harbiylari Britaniya harbiylari bilan birgalikda mamlakat janubida, asosan Hilmand viloyatida «Tolibon»ga qarshi faol jangovar harakatlarda qatnashgandi.

Daniya harbiylari Afg‘oniston va Iroqda katta yo‘qotishlarga uchragandi.

Xitoyda shamol elektr stansiyalari yo‘qmi?

Tramp «yangi yashil firibgarlik»ning bir qismi bo‘lgan shamol energetikasini ham (AQSh prezidenti uchun allaqachon odatiy nishon) tanqid qildi.

U Xitoyga alohida e’tibor qaratib, bu mamlakatda «birorta ham shamol elektr stansiyasini topa olmagani»ni aytdi.

Holbuki, Xitoyning Gansu provinsiyasida dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyalaridan biri joylashgan. Gansudagi shamol elektr stansiyalari majmuasi kosmosdan ham ko‘rinib turadi.

Our World in Data ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi eng yirik shamol energiyasi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

2024 yilda Xitoy 997 teravatt-soat shamol energiyasi ishlab chiqargan. Bu shamol energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan AQSh ko‘rsatkichidan ikki baravarga ko‘pdir.

Buyuk Britaniya Shimoliy dengizda neft qazib olishdan daromadning 92 foizini oladimi?

Donald Tramp Buyuk Britaniyaning energetika sohasidagi siyosatini ham keskin tanqid qilgan.

Xususan, Tramp Shimoliy dengizda neft qazib olish mavzusida to‘xtalgan: «Ular [Buyuk Britaniya] neft kompaniyalari uchun qazib olishni imkonsiz qiladi, ular daromadning 92 foizini olib qo‘yadi». Bu esa mutlaqo xato ma’lumot.

Shimoliy dengizda ishlovchi neft va gaz kompaniyalari foydadan korporativ soliqning 30 foizini va qo‘shimcha tarif bo‘yicha yana 10 foizini to‘laydi. Bu boshqa sohalardagi yirik kompaniyalar uchun 25 foizlik korporativ soliqdan yuqori.

2024 yil noyabr oyida Britaniya hukumati neft va gaz kompaniyalari uchun qo‘shimcha foyda solig‘ini 35 foizdan 38 foizga oshirdi.

Shu tariqa, Shimoliy dengizda neft qazib olish uchun umumiy soliq 78 foizni tashkil qiladi, u daromaddan emas, balki foydadan to‘lanadi.

Elektr energiyasi uchun to‘lovlar oshishiga javoban 2022 yilda joriy etilgan qo‘shimcha foyda solig‘i 2030 yilgacha qo‘llanadi.

Tramp AQSh iqtisodiyotiga 18 trln investitsiya jalb qilganmi?

Prezident Tramp o‘z ma’muriyati Amerika uchun ta’minlagan sarmoyalar haqida ham gapirdi.

O‘zining aytishicha, u Oq uyga qaytganidan beri AQSh rekord darajadagi 18 trillion dollar sarmoya jalb qilgan.

U bunday bayonotlarni avval ham bergan – oktyabr oyida u AQSh 17 trillion dollarlik sarmoya jalb qilganini aytdi, ammo bu raqamlarni tasdiqlovchi aniq ma’lumotlar yo‘q.

Oq uy saytida bu boradagi so‘nggi ma’lumotlar o‘tgan yilning noyabr oyiga oid. Unda esa Tramp Oq uyga qaytganidan beri investitsiyalar 9,6 trillion dollarni tashkil etgani ko‘rsatilgan.

Ro‘yxatdagi eng yirik summa – BAAning qayta ishlash sanoati va ishlab chiqarishga kiritgan 1,4 trillion dollarlik sarmoyasi hisoblanadi.

BAAning Vashingtondagi elchixonasi saytida mamlakat AQSh iqtisodiyotiga 10 yil ichida rekord darajadagi 1,4 trln AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritmoqchi ekani aytilgan.

Peterson nomidagi Jahon iqtisodiyoti instituti xodimi Greg Oklerning BBC Verify’ga ma’lum qilishicha, Oq uy ro‘yxatiga «amalga oshmasligi mumkin bo‘lgan va’dalar ham kiritilgan». Masalan, unda AQShning Grenlandiyaga da’volari tufayli muzlatib qo‘yilgan Yevropa Ittifoqi bilan savdo kelishuvi hisobga olingan.

Chorshanba kuni Yevroparlamentning xalqaro savdo bo‘yicha qo‘mitasi «AQSh qarama-qarshilik o‘rniga hamkorlik yo‘liga qaytishga qaror qilmaguncha» kelishuvni ratifikatsiya qilishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi.

Oklerning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi bir yil ichida AQSh iqtisodiyotiga kiritilgan xorijiy sarmoyalar o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, Trampning «investitsion kampaniyasi» natijalarini baholash uchun kamida bir necha yil kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid