Jahon | 14:53 / 26.01.2026
5033
9 daqiqa o‘qiladi

Kuchli bo‘ron ostidagi AQSh, Xitoy armiyasida «tozalash» va rekordlarni urayotgan oltin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh kuchli bo‘ron ostida qoldi

Shu kunlarda AQSh bo‘ylab xavfli qishki bo‘ron kuzatilmoqda. Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, «hayot uchun xavfli» sharoitlar tufayli mamlakat bo‘ylab maktablar va yo‘llar yopildi, ko‘plab aviaqatnovlar bekor qilindi. Luizianada kamida ikki kishi gipotermiyadan vafot etgan. AQSh bo‘ylab bo‘ron bilan bog‘liq kamida 7 ta o‘lim holatlari qayd etilgan.

Yakshanba kuni tushdan keyin 800 mingdan ortiq uy xo‘jaligi elektrsiz qolgan, shu bilan birga, 11 mingdan ortiq reys bekor qilingan.

Bo‘ron bir necha kun davom etishi mumkin va u 180 millionga yaqin amerikalikni, ya’ni AQSh aholisining yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olishi aytilmoqda.

«Qor va muz juda sekin eriydi va yaqin orada yo‘qolmaydi. Bu esa har qanday tiklanish ishlariga jiddiy to‘sqinlik qiladi», dedi milliy ob-havo xizmati meteorologi Allison Santorelli.

Nyu York shahri meri Zohran Mamdani shanba kuni shaharda kamida besh kishi vafot etganini yozdi, biroq o‘lim sabablari hali aniqlanmagan. Nyu York shtati gubernatori Keti Hokul ham aholini uyda qolishga va yo‘llarga chiqmaslikka chaqirdi.

Mutaxassislar bo‘ronning eng katta xavflaridan biri muz ekanini ta’kidlamoqda. Muz daraxtlarga zarar yetkazishi, elektr uzatish tarmoqlarini uzishi va yo‘llarni xavfli holga keltirishi mumkin.

Kanadada ham kuchli qor yog‘ib, yuzlab aviareyslar bekor qilindi. Rasmiylar Ontario provinsiyasida 30 smgacha qor yog‘ishi kutilayotganini baholamoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, kuchli bo‘ronga qutb girdobi — har yili qishda Arktika ustida shakllanadigan va nihoyatda sovuq havoni o‘zida tutib turuvchi kuchli g‘arbiy shamollar xalqasi sabab bo‘lgan.

Rafah ochilishi uchun shart

Isroil harbiylari G‘azodagi so‘nggi garovga olingan shaxsning jasadini topish uchun «keng ko‘lamli amaliyot» olib bormoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, ushbu missiya yakunlangachgina Misr bilan chegaradagi Rafah o‘tish punkti qayta ochiladi.

Bu bayonot — AQShning yuqori martabali elchilari Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azoga yordam kirishi uchun ushbu chegarani qayta ochishga undaganidan bir kun o‘tib yangradi.

Isroil ilgari ham Gvili bo‘yicha qidiruvlar olib borgan bo‘lsa-da, bu safar odatdagidan ko‘proq tafsilotlar oshkor qilindi. Harbiylar G‘azoning shimolida, «sariq chiziq» yaqinidagi qabristonda qidiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

Aslida Rafah chegarasi o‘tgan yil oktyabrda — Donald Trampning urushni yakunlash rejasi dastlabki bosqichidayoq ochilishi kerak edi. Isroil o‘tish punktini qayta ochishni Hamas tomonidan garovga olinganlarning barchasini qaytarish bilan bog‘lagan.

Hamas yakshanba kuni bergan bayonotida garovdagi jasad qoldiqlari bo‘yicha o‘zida mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlarni taqdim etganini, lekin Isroil qidiruv olib borishga to‘sqinlik qilayotganini aytdi.

Avvalroq yangi Falastin qo‘mitasi rahbari Ali Shaat Rafah o‘tish punkti shu hafta ochilishini aytgan edi. G‘azoda yashovchi 2 milliondan ortiq aholining deyarli barchasi uchun yagona kirish-chiqish yo‘li 2024 yildan beri Isroil harbiylari nazorati ostida.

Bu orada Sharqiy Quddusdagi Falastin qochqinlari bo‘yicha BMT agentligining yopib qo‘yilgan shtab-kvartirasi ham yoqib yuborildi. Isroil buldozerlari bir necha kun oldin majmuaning bir qismini vayron qilgandi.

Xitoy armiyasida yana «tozalash»

Xitoy shanba kuni ikki yuqori martabali harbiy «intizom va qonunlarni jiddiy buzishda» gumon qilinib, tergov qilinayotganini e’lon qildi. Ulardan biri Si Jinpingning eng yaqin harbiy ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan — Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari Chjan Ëuxya va yana bir yuqori martabali harbiy general Lyu Chjyenli.

Agar Chjan lavozimidan chetlatilsa, bu 1989 yildagi namoyishlardan beri Xitoy armiyasidagi eng yirik kadrlar almashinuvi bo‘ladi.

The Washington Post nashrining yozishicha, Chjanning vazifadan chetlatilishi XXR raisi qo‘lida harbiy hokimiyatning misli ko‘rilmagan darajada jamlanishini anglatadi. Xitoy armiyasidagi korrupsiyaga qarshi tergovlar natijasida Markaziy harbiy kengashda atigi ikki kishi qolgan, ulardan biri ham Xitoy rahbari.

Tayvan esa Xitoy armiyasi rahbariyatidagi o‘zgarishlarni «g‘ayritabiiy» deb atab, diqqat bilan kuzatmoqda. Tayvan mudofaa vaziri Vellington Guning ma’lum qilishicha, Xitoyning ehtimoliy niyatlarini «anglab yetish» uchun qo‘shma razvedka va kuzatuv ma’lumotlari almashinuvidan foydalaniladi.

Xitoy Tayvanni o‘z nazorati ostiga olish uchun kuch ishlatishdan voz kechmagan va o‘tgan oyning oxirida orol atrofida navbatdagi harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgandi.

Oltin narxi tarixiy o‘sishda davom etmoqda

Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun (taxminan 31 gramm) 5 000 dollardan oshdi. Bu qimmatbaho metall narxi 2025 yilda 60 foizdan ko‘proq qimmatlashgan tarixiy o‘sishda davom etmoqda.

Bu holat AQSh va Yevropa o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlik, shuningdek, moliyaviy va geosiyosiy noaniqliklar kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning bojlari va noaniq savdo siyosati ham bozorlarda xavotir uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, odatdagidan yuqori inflatsiya va AQSh dollarining zaiflashuvi ham bunga turtki bo‘lgan.

Shu bilan birga, oltinni faqat investorlar sotib olayotgani yo‘q. O‘tgan yili markaziy banklar ham yuzlab tonna oltin quymalarini o‘z zaxiralariga qo‘shgan.

Oltin va boshqa qimmatbaho metallar — investorlar noaniqlik davrida sotib oladigan «xavfsiz boshpana» sifatida qaraladi. O‘tgan hafta kumush ham tarixda ilk bor bir unsiya uchun 100 dollardan oshdi, uning o‘tgan yildagi qariyb 150 foizlik o‘sishi davom etmoqda.

Oltinning eng katta jozibalaridan biri — uning nisbiy kamyobligi. Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha jami 216 ming 265 tonna oltin qazib olingan. AQSh Geologik xizmatiga ko‘ra, yer osti zaxiralaridan yana 64 ming tonna oltin qazib olish mumkin. Biroq kelgusi yillarda oltin taklifi o‘sishi barqarorlashishi kutilmoqda.

Filippinda parom halokati

Filippinning janubiy sohillari yaqinidagi suvlarda bortida 350 nafardan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan parom cho‘kib ketdi. Oqibatda kamida 15 kishi halok bo‘ldi.

Qidiruv-qutqaruv guruhlari kemada bo‘lgan 316 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lgan, kamida 28 kishi hanuz bedarak yo‘qolgan.

Yuk va yo‘lovchi tashuvchi ushbu kema dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 01:50 da falokat signali yuborgan. Rasmiylarning aytishicha, cho‘kish sabablari bo‘yicha tergov olib borilmoqda.

«Ba’zi omon qolganlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisa paytida hududdagi suvlarda to‘lqinlar juda kuchli bo‘lgan», - dedi Filippin Sohil qo‘riqlash xizmati vakili.

Avvalgi parom halokatlarida texnik xizmatning yomonligi va ortiqcha yuklanish asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, arzonligi tufayli ko‘plab filippinliklar hanuz paromlardan foydalanishda davom etmoqda.

Hindistonda bedavo virus tarqalmoqda

Hindiston hukumati xavfli Nipax virusi tarqalishini to‘xtatishga urinmoqda.

«Hindiston G‘arbiy Bengaliya shtatida kasallik yuqtirish bilan bog‘liq beshta holat tasdiqlanganidan so‘ng Nipax virusi tarqalishining oldini olishga urinmoqda», - deyiladi qisqa xabarda.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, yuzga yaqin kishi karantinga joylashtirilgan, bemorlar Kalkuttadagi shifoxonalarda davolanmoqda. Bir bemorning ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Nipax virusi o‘limga olib boradi va hozircha uning davosi topilmagan. U ko‘rshapalaklar va zararlangan mevalar orqali yuqishi mumkin.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid