Jahon | 21:58 / 26.01.2026
11195
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela AQSh ko‘rsatmalariga bo‘ysunishdan charchadi – Delsi Rodriges

Venesuela prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Delsi Rodriges «Vashingtonning buyruqlaridan charchagani»ni ma’lum qildi.

Foto: Reuters

CNN xabariga ko‘ra, u Puerto-la-Krus shahrida neftchilar oldida nutq so‘zlab, Venesuela siyosatchilarini ichki kelishmovchiliklarni chet eldan kelgan buyruqlarga bo‘ysunmasdan, o‘zaro hal qilishga chaqirdi. Rodrigesning ta’kidlashicha, Venesuela «mamlakatdagi fashizm va ekstremizmga qarshi kurashda» juda yuqori narx to‘lagan.

Qayd etilishicha, yanvar oyi boshida prezident Nikolas Maduro AQSh maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng, Rodriges Oq uy talablari va mamlakat aholisi qo‘llab-quvvatlovini saqlab qolish zarurati o‘rtasida muvozanatni saqlab kelmoqda. Vashington Karakasga bir qator talablarni qo‘ygan: mamlakat Xitoy, Rossiya, Eron va Kuba bilan iqtisodiy aloqalarni uzishi, shuningdek, neft qazib olish sohasida AQSh bilan eksklyuziv hamkorlikka rozi bo‘lishi va og‘ir neftni sotishda Amerika kompaniyalariga ustunlik berishi kerak.

Avvalroq Rodriges AQSh Venesuelani boshqarmayotganini ta’kidlagan, biroq shu bilan birga Vashingtonning ba’zi talablarini bajara boshlagan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp Maduroni qo‘lga kiritgach, Amerika Venesuelani «xavfsiz» o‘tish davri boshlanguncha «boshqarishini» va mamlakatning ulkan neft zaxiralarini o‘z nazoratiga olishini aytdi.

Mamlakat Maduro tarafdorlari, so‘l muxolifat va «chavist-madurist» - marhum Ugo Chavesning izdoshlari o‘rtasida bo‘lingan. CNN nashriga ko‘ra, Maduro davrida vitse-prezident bo‘lgan Rodriges endi bu guruhlarni birlashtirishga va bir vaqtning o‘zida yangi sanksiyalar yoki harbiy harakatlardan qochish uchun Vashington bilan munosabatlarda muvozanatni topishga harakat qilmoqda.

Venesuela hukumati 25 yanvar kuni siyosiy sabablarga ko‘ra qamalgan 104 kishini qamoqdan ozod qildi. Bu 8 yanvardan beri davom etmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp siyosiy mahbuslar Amerika ma’muriyati talabi bilan qo‘yib yuborilayotganini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid