Jahon | 21:06
3910
6 daqiqa o‘qiladi

Yaponlar pandalar bilan xayrlashmoqda – o‘zaro munosabatlar yomonlashgani tufayli Xitoy ularni qaytarib olmoqda

Yakshanba kuni minglab kishilar seshanba kuni Xitoyga jo‘natib yuboriladigan ikkita katta panda bilan xayrlashish uchun Tokiodagi Ueno hayvonot bog‘iga kelishdi.

Foto: EPA

Egizaklar Syao Syao va Ley Leyni oxirgi bor ko‘rib qolish uchun odamlar uch yarim soatgacha navbatda turishgan. Bu pandalar 2021 yil Yaponiyada, Tokio hayvonot bog‘ida tug‘ilgan, ammo Xitoy mulki hisoblanadi – XXR nafaqat sovg‘a qilib berilgan pandalar, balki ularning avlodlariga ham egalik huquqini o‘zida saqlab qoladi.

1949 yilda Xitoy Xalq Respublikasi tuzilganidan buyon Xitoy pandalarini ezgu niyat belgisi sifatida boshqa mamlakatlarga berib keladi (ammo o‘z mulkini qaytarib berishni ham talab qilishi mumkin). Buning evaziga qabul qiluvchi davlatlar bir juft panda uchun yiliga 1 mln dollar atrofida to‘lov qilishi kerak bo‘ladi.

Yaponiya poytaxti rasmiylari Xitoy hukumatidan bu pandalar o‘rniga boshqalarini yuborishni so‘raganiga qaramay, Pekindagilar bunday reja yo‘qligini bildirishgan.

Pandalar samolyotda Xitoyga olib boriladi, u yerda dastlab karantinda saqlanadi, keyin esa Sichuan provinsiyasidagi ushbu hayvonlar populyatsiyasini o‘rganish va saqlash markazida oilaning yana bir vakili Syan Syan bilan uchrashishadi.

Endi Yaponiya pandalarsiz qoladimi?

Yaponiyaga ilk pandalar 1972 yilda, ikki mamlakat munosabatlari normallashganida sovg‘a qilingan. Endi Yaponiya so‘nggi yarim asrdan ortiq vaqt davomida ilk bor pandalarsiz qolmoqda. Hozir esa mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar murakkablashdi, ayniqsa Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi agar Xitoy Tayvanga hujum qiladigan bo‘lsa, Yaponiya qurolli kuchlari vaziyatga aralashishiga to‘g‘ri kelishini aytganidan keyin.

Pekin mustaqil boshqaruvga ega ushbu orolni o‘z hududining bir qismi sifatida ko‘radi va vaqti kelib orolni kuch ishlatgan holda o‘z tarkibiga «qo‘shib olishi»ni istisno etmaydi.

Shu oy boshida Xitoy Yaponiyaga nodir metallar bilan bog‘liq mahsulotlar eksportiga cheklovlarni kuchaytirdi, dengiz mahsulotlari importini esa to‘xtatdi.

Pekin o‘z fuqarolarini Yaponiyaga safar qilish to‘g‘ri qaror bo‘lmasligi haqida ogohlantirgan. Yaponiya turizm vaziri Yasusi Kanekoning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan oyda Yaponiyaga kelgan xitoylik sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki baravarga – taxminan 330 ming kishigacha kamaygan.

«Ularni eslab qolish uchun keldik»

 

Ay Sirakava (chapda): «Men bu yerga o‘g‘limni tug‘ilganidan beri olib kelaman». Endi u o‘g‘lini pandalar bilan xayrlashgani olib keldi.

«Pandalar bilan vidolashuv» uchun 4 400 ta chipta chiqarilgan, Tokio rasmiylariga ko‘ra, 108 000 atrofidagi kishi chipta so‘rab murojaat qilgan.

«Men bu yerga o‘g‘limni tug‘ilganidan buyon olib kelardim. Shuning uchun unda yaxshi xotiralar qolishiga umid qilaman. Ularni yodimizda saqlab qolish uchun bu yerga kira olganimizdan xursandman», – deydi BBC bilan suhbatda Ay Sirakava.

Boshqa bir ayol esa pandalarni hali juda kichikligida ko‘rgani va ular qanday o‘sishini kuzatib borganini aytadi.

«Bu ajib bir xursandchilik edi», – deya fikrlari bilan o‘rtoqlashgan u.

Hayvonot bog‘iga tashrif buyurganlarning ayrimlari yig‘lab yuborgan.

Syao Syao va Ley Leyning ota-onasi, urg‘ochi Shin Shin va erkak Ri Ri Yaponiyaga naslchilik va tegishli tadqiqotlar uchun topshirilgan. CNN’ning yozishicha, ikkalasi ham 2024 yilda Xitoyga qaytarilgan, undan oldinroq, 2023 yilda esa egizaklarning singlisi Syan Syan qaytarilgandi.

Hayvonot bog‘iga kelish uchun 108 000 kishi murojaat qilgan, ammo atigi 4400 chipta chiqarilgandi.

So‘nggi yillarda Xitoy pandalarini ko‘pincha o‘zi bilan yirik savdo shartnomalari tuzgan mamlakatlarga tortiq qilmoqda. 2011 yilda ikki panda Edinburg hayvonot bog‘iga yo‘l olgandi, bu Xitoyga Buyuk Britaniyadan losos, Land Rover avtomobillari va energiya texnologiyalarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar tuzilgan vaqtga to‘g‘ri kelgandi. Odatda pandalarni saqlash bo‘yicha shartnoma 10 yilga tuziladi, keyin esa muddati uzaytiriladi. Biroq Xitoy shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilishi mumkin.

Pandalar qachondir Yaponiyaga qaytishi mumkinmi? Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar tobora yomonlashib borayotgan bir sharoitda bu savolga javob berish qiyin. Hozircha Ueno hayvonot bog‘i xodimlari pandalar pavilyonini hozirgi ko‘rinishda saqlab qolishni rejalashtirmoqda va barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilmoqda, deb yozadi CNN.

«Ushbu inshootlar katta pandalar uchun maxsus loyihalashtirilgan, shuning uchun ularni boshqa hayvonlarga moslashtirish oson bo‘lmasdi», – deb tushuntirdi Syao Syao va Ley Leyni birinchi kundanoq o‘stirishga yordam bergan hayvonot bog‘ining hayvonlarni parvarish qilish va ekspozitsiyalar bo‘yicha direktori Hitoshi Suzuki. U Xitoy bilan jonivorlarni chatishtirish va turlarni saqlab qolish bo‘yicha tadqiqotlar sohasida hamkorlikni davom ettirishga umid qilmoqda. Ammo undan ham ko‘proq pandalar bir kun kelib hayvonot bog‘iga qaytishiga umid qiladi.

«Ular nafaqat maftunkor, balki hayratlanarli darajada qiziqarli jonivorlardir va men iloji boricha ko‘proq odamlar ularni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishini istardim», – deya uning so‘zlarini keltiradi CNN.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid