Jahon | 10:37
2381
5 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab dronlar va aviabombalar: Zelenskiy - Rossiyaning bir haftalik zarbalari haqida

Rossiya zarbalarining asosiy nishonlari - energetika va turar joylar, dedi Ukraina prezidenti. U AQSh va Yevropani havo hujumidan mudofaa (HHM) uchun raketalar yetkazib berishni ko‘paytirishga chaqirdi. Shu vaqtda Kiyevda RF hujumlaridan keyin taxminan 1700 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolmoqda.

Foto: Oleksandr Magula/AFP

O‘tgan hafta davomida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 1700 dan ortiq zarba dronlari, 1380 dan ziyod boshqariladigan aviabomba va turli turdagi 69 ta raketa uchirgan, deb xabar qildi Vladimir Zelenskiy yakshanba, 25 yanvar kuni. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, RF zarbalarining asosiy nishonlari energetika va muhim infratuzilma obektlari, shuningdek turar joylar bo‘lgan.

“Rossiyaning har bir ommaviy hujumi vayronkor bo‘lishi mumkin. Shuning uchun HHM tizimlari uchun raketalar bizga har kuni kerak, va biz osmon himoyasini kuchaytirish uchun Amerika va Yevropa bilan ishlashda davom etyapmiz”, — deya ta’kidladi u.

Zelenskiy, shuningdek, Vilnyusga tashrifi chog‘ida mintaqadagi sheriklar — Litva va Polsha bilan pozitsiyalarni muvofiqlashtirishini bildirdi. “Ukrainani kuchaytirish uchun har bir yetakchi bilan ishlayapmiz. Hamma Rossiyadan kelayotgan tahdid qanday ekanini aniq anglashi kerak, va buni eng yaxshi tushunadiganlar — aynan xalqlarimiz”, — deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.

25 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina RF tomonidan navbatdagi o‘qqa tutishlarga duch keldi. Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududlariga ikki ta “Iskander-M” ballistik raketasi va 102 ta zarba beruvchi uchuvchisiz apparatni uchirgan. UQK ma’lumotiga ko‘ra, 87 ta dron urib tushirilgan, biroq 15 ta hujumkor dron o‘nta turli joyda nishonga tekkan holatlar ham qayd etilgan.

Bundan bir kun oldin Rossiya qo‘shinlari Ukrainani ommaviy o‘qqa tutgan. RF 370 dan ortiq hujumkor dronlar va turli turdagi 21 ta raketani ishga solgan bu katta hujum 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida AQSh vositachiligida Ukraina va Rossiya o‘rtasida urushni ehtimol to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tayotgan paytda amalga oshirilgan.

24 yanvar kungi hujumning asosiy nishonlaridan biri Kiyev bo‘lgan: RF yana muhim infratuzilma obektlariga zarba bergan. Bu zarbalar natijasida Ukraina poytaxtida taxminan 6000 ta turar joy issiqliksiz qolgan. Shahar meri Vitaliy Klichko qayd etganidek, ularning ko‘pchiligini 9 va 20 yanvar kunlari bo‘lgan o‘qqa tutishlardan keyin allaqachon ikki marta issiqlik ta’minotiga ulashgan yoki ulashga urinishgan.

Ukraina poytaxtiga qilingan bir qator Rossiya hujumlaridan keyin Kiyevdagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Vitaliy Klichko ko‘p qavatli uylarning asosiy qismi markazlashgan issiqlik tarmog‘iga qayta ulanganiga qaramay, 1676 ta uy hali ham issiqliksiz ekanini ma’lum qildi.

Faqat yanvar oyining o‘zida Rossiya Ukrainaga kamida uch marta ommaviy hujum uyushtirgan bo‘lib, bu mamlakat bo‘ylab shaharlardagi turar joylarda issiqlik, elektr va suv ta’minotida katta muammolarga sabab bo‘lgan.

9 yanvar kungi birinchi hujumdan keyin faqat Kiyevning o‘zida shahar ko‘p qavatli uylarining yarmidan ko‘prog‘i — 6000 dan ziyod uy issiqlik ta’minotisiz qolgan. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko energetik inqiroz fonida fuqarolarni shahar tashqarisiga, “muqobil elektr va issiqlik manbalari bor joylarga” chiqib ketishga chaqirgan.

20 yanvarga o‘tar kechasi RF Kiyevdagi energetika infratuzilmasi obektlariga yana zarba bergan. Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtga kelib ham shaharda 9 yanvar hujumidan keyin issiqliksiz qolgan barcha uylarga issiqlikni qaytarishga ulgurishmagan edi. Yangi hujum oqibatlari ham deyarli shunga teng bo‘lgan: 5635 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan. Vaziyatni ob-havo sharoiti ham qiyinlashtiryapti — yanvar oyida Kiyevda sovuq bo‘lgan, havo harorati minus 17 darajagacha tushgan.

Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urush davomida RF Mudofaa vazirligi Ukraina energetik infratuzilmasi obektlariga zarbalar berayotganini tan oladi, biroq ularning maqsadi mamlakatning harbiy-sanoat majmuasi ishini izdan chiqarish, deb da’vo qiladi. Kreml ham Rossiya armiyasi qish faslida Ukraina energetikasiga hujum qilayotganini tan olgan: RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada tinch aholida issiqlik yo‘qligi — Kiyev go‘yoki “muzokaralarga chiqishni istamagani”ning “oqibati”, deb aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid