Jahon | 15:30 / 28.01.2026
6795
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga qarshi da’vo kiritgan Qirg‘iziston, Rafahda lager qurayotgan Isroil va Ukraina yo‘lovchi poyezdiga hujum – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz

Rossiya Ukraina yo‘lovchi poyezdiga hujum qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya droni yo‘lovchi poyezdga bergan zarbani «terrorizm» deb qoraladi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan.

«Har qanday mamlakatda tinch aholi poyezdiga dron zarbasi berilishi mutlaqo bir xil baholanadi — bu sof terrorizm», dedi Zelenskiy.

U tinch aholiga zarba berish uchun hech qanday «harbiy asos» yo‘qligini ta’kidlab, zarba tekkan vagonda 18 kishi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Ukraina favqulodda xizmatlari e’lon qilgan surat va videolarda hujumdan so‘ng kamida bitta vagon jiddiy vayron bo‘lgani va hanuz yonib turgani aks etgan.

Xarkiv viloyati prokuraturasi poyezd Yazykove qishlog‘i yaqinida nishonga olinganini ma’lum qildi. Bitta dron vagonga to‘g‘ridan to‘g‘ri urilgan, yana ikki dron poyezd yaqinida portlagan.

Alohida holatda, Rossiya tunda Odessa shahriga 50 dan ortiq dron uchirgani, zarbalar energetika va boshqa fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgani aytildi.

Shahar harbiy ma’muriyati rahbari hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lganini va 25 kishi jarohat olganini aytdi. Zarbadan so‘ng turar joy binosining bir necha qavati qulab tushgan, yana bir qator binolarga zarar yetgan.

Rossiyaning kundalik havo hujumlari 3 tomonlama muzokaralar o‘tkazilganiga qaramay davom etmoqda.

Isroil yana hujumga tayyorlanmoqda

Isroil janubiy G‘azoda falastinliklar uchun lager qurish maqsadida hududni tozalagan. Zaxiradagi brigada generali Amir Avivi Reutersʼga bergan intervyusida lager Rafah hududida – tunnellardan tozalangan maydonda barpo etilishini, kirish-chiqishlar esa isroillik xodimlar tomonidan nazorat qilinishini bildirdi.

Avivi rasmiylar nomidan gapirmagan. Isroil bosh vaziri idorasi Rafahda lager qurish rejasi yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Avivining aytishicha, lager G‘azoni tark etib, Misrga o‘tishni istagan falastinliklar, shuningdek, qolishni ma’qul ko‘rganlar uchun mo‘ljallanadi. Bu bayonotlar Isroil G‘azo–Misr chegarasidagi o‘tish punktini «cheklangan tarzda qayta ochish»ga hozirlanayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

G‘azodagi qariyb 2 million aholining deyarli barchasi Isroil qo‘shinlari chiqib ketgan, Hamas nazoratini saqlab qolgan tor sohilbo‘yi hududiga siqib chiqarilgan.

Isroil rasmiylari ilgari g‘azoliklarni emigratsiyaga undash haqida gapirgan, biroq aholini majburan ko‘chirish niyati borligini rad etib keladi.

«Rafahda ularni qabul qila oladigan infratuzilma qurish kerak, shundan keyin ular ketish-ketmaslikni o‘zlari tanlaydi», dedi Avivi. U mazkur inshoot «katta, tartibli lager» bo‘lishi, yuz minglab odamni sig‘dira olishi va shaxsni aniqlash, jumladan, yuzni tanish tizimlari joriy etilishi mumkinligini aytdi.

Avivining aytishicha, agar Hamas qurolini topshirishdan bosh torsa, Isroil armiyasi yangi hujumga hozirlik ko‘rmoqda. Bu G‘azoning eng yirik shahri — G‘azo shahriga hujumlarni qayta boshlashni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Qirg‘iziston Rossiyaga qarshi YeOIIga da’vo kiritdi

Qirg‘iziston hukumati Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sudiga Rossiyaga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Rasmiylar Rossiyani qirg‘izistonlik mehnat migrantlarining huquqlarini buzishda ayblamoqda.

Qirg‘iziston Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Azamat Mukanovning aytishicha, Rossiyaning harakatlari YeOII doirasida migrantlar ijtimoiy ta’minoti to‘g‘risidagi bitimga zid keladi.

Gap Rossiya rasmiylari ishlash uchun kelgan xorijliklarning oila a’zolariga majburiy, bepul tibbiy sug‘urta polislarini bermayotgani haqida ketmoqda.

«Tibbiy sug‘urta mehnat migrantlarining oila a’zolariga ham tatbiq etilishi kerak. Bu masala RF hukumat raisi o‘rinbosari Aleksey Overchukning tashrifi chog‘ida ham muhokama qilingan», - dedi Mukanov. Uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro sud Qirg‘izistonning da’vosini allaqachon ko‘rib chiqmoqda, qaror ikki hafta ichida chiqariladi.

Avvalroq Rossiya rasmiylari mehnat migrantlariga tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarini o‘zgartirgandi. Unga ko‘ra, xorijiy fuqarolarning bepul tibbiy yordam olish huquqi Rossiyada besh yil davomida qonuniy ishlaganidan keyingina paydo bo‘lishini bildirgan. Migrantlarga nisbatan siyosatning keskinlashuvi va ularni bosqinchilik urushiga jalb qilishlar fonida 2024 yildan buyon minglab markaziy osiyolik mehnat muhojirlari Rossiyani tark etmoqda.

Erdo‘g‘an va Ash-Shar’aning «yurishi»

27 yanvar kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan telefon orqali Suriya va G‘azo bo‘yicha so‘nggi vaziyatni muhokama qilgan.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya AQSh bilan o‘zaro munosabatlarni barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish yo‘lida davom etadi. Turkiya qo‘shni Suriyada sulh va integratsiya bo‘yicha kelishuvning to‘liq amalga oshirilishiga katta ahamiyat berishini va bu jarayon yaqindan kuzatilayotganini ta’kidlagan.

Shuningdek, Erdo‘g‘an G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi samarali natijalarga erishishiga ham umid bildirdi.

Shu kuni Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a ham Donald Trampdan «uzoq davom etgan» telefon qo‘ng‘irog‘ini qabul qilgan.

Anadolu'ga ko‘ra, Tramp «Suriya xalqining yagona va kuchli davlat barpo etish borasidagi intilishlarini» qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, kurdlar bilan sulh kelishuvini olqishlab, uni «mojaroga barham berish yo‘lidagi muhim qadam» deb atadi.

Avvalroq Tramp jurnalistlarga Suriya prezidenti bilan bo‘lgan suhbatini «juda a’lo» deb baholagan edi. Uning aytishicha, Suriya va ushbu mintaqa bilan bog‘liq barcha masalalar «juda-juda yaxshi tomonga hal bo‘lmoqda».

Ispaniya migrantlar maqomini qonuniylashtirmoqchi

Ispaniya hukumati hujjatsiz migrantlarning maqomini qonuniylashtirish rejasini e’lon qildi. Mazkur choradan kamida yarim million kishi foyda ko‘rishi kutilmoqda.

Qonuniylashtirish imkoniyati jinoiy javobgarlikka tortilmagan va 2025 yil 31 dekabrgacha kamida besh oy Ispaniyada yashaganini isbotlay oladigan xorijiy fuqarolarga taqdim etiladi.

«Ispaniya uchun bu tarixiy kun», - dedi ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri Elma Saiz.

Mazkur chora doirasida murojaatchilarga dastlab bir yillik yashash ruxsatnomasi beriladi, keyinchalik u uzaytirilishi mumkin.

So‘nggi yillarda Ispaniyaga migrantlar oqimi keskin oshdi, asosan Lotin Amerikasi davlatlaridan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniyadagi hujjatsiz migrantlar soni 2017 yildagi 107 ming nafardan 2025 yilda 837 ming kishigacha, ya’ni sakkiz barobar ko‘paygan.

Bosh vazir Pedro Sanches migrantlarni Ispaniya uchun «boylik, taraqqiyot va farovonlik manbai» deb atab, ularning ijtimoiy ta’minot tizimiga qo‘shayotgan hissasini qayd etdi. Mazkur chora qirollik farmoni orqali tasdiqlanadi, ya’ni parlament ma’qullashi talab etilmaydi.

Shu bilan birga o‘ta o‘ng qanot partiyalar ushbu tashabbus «milliy o‘zlikka zarba» ekanini aytib, uni to‘xtatish maqsadida Oliy sudga murojaat qilmoqchi.

Qozog‘iston bolalarning internetdagi faoliyatini cheklamoqchi

Qozog‘istonda bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish maqsadida yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin. Qozog‘iston ta’lim vaziri Juldiz Suleymenova bolalarni huquqqa xilof kontentdan himoya qilish masalasi ochiq ekanini, u jamoatchilik, ota-onalar, pedagoglar va OAV bilan ham muhokama qilinishini aytdi.

Vazirga ko‘ra, hozirda quyidagi choralar o‘rganilmoqda:

  • bolalar uchun SIM-kartalarni ro‘yxatdan o‘tkazish — kirishni nazorat qilish uchun birinchi qadam;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar foydalanadigan kontentni monitoring qilish — huquqqa xilof materiallarni ko‘rish va bloklash uchun;
  • maktablarda mediasavodxonlikni o‘qitish — bolalarga internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanishni tushuntirish uchun.

Juldiz Suleymenova tashabbus hozircha muhokama bosqichida ekanini, yakuniy qarorlar hali qabul qilinmaganini ta’kidladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid