Jahon | 20:27
4220
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga hujum qilmoqchi: Amerikaning motivlari va shartlari nimalar?

Eronda dekabr oxirida boshlangan namoyishlar yanvar oyi o‘rtalariga kelib batamom to‘xtagan. O‘sha namoyishlar cho‘qqisiga chiqqan vaqtda Tramp ularni qo‘llagan bo‘lsa-da, AQShdan real harakat ko‘zga tashlanmagan edi. Lekin endi vaziyat o‘zgarayotgandek. Amerika kamida 10 ta harbiy kemadan iborat armadasini Islom Respublikasi yaqiniga keltirib qo‘ydi. Tramp muttasil tahdidlar qilmoqda.

Fors ko‘rfaziga, Eron chegaralariga Amerikaning aviatashuvchi kemalar guruhi kelib joylashgan. Ularning eng kattasi – Abraham Linkoln nomidagi aviatashuvchi ulkan kema. Uning gardanida 90 dan ortiq qiruvchi harbiy samolyotlar va vertolyotlar bor.

Qolaversa, Linkoln atrofida yana uchta esminets mavjud bo‘lib, ular ham eng zamonaviy raketalar bilan qurollangan. Ushbu aviatashuvchi kemalar guruhidagi jami askarlar soni 40 mingdan oshishi aytilmoqda. Bu – to‘laqonli harbiy operatsiyani amalga oshirish uchun yetarli katta kuch.

Tramp bu kuchlarni Eron yaqiniga olib kelib, uzoq muddat bu yerda qoldira olmaydi. Yoki hujum boshlashi kerak, yoki ma’lum vaqtda ularni ortga qaytarishi kerak bo‘ladi. Chunki bunday katta kontingentni bu yerda ushlab turish kuniga bir necha millionlab dollar turadi.

Donald Trampning Amerikasi mafkura haqida gapirmaydi. U o‘zining intervensiyalarini inson huquqlari va demokratiyaga bog‘lamaydi. Quruq va agressiv pragmatizm davri allaqachon hukmron. Tramp – ochiqchasiga neft va geosiyosiy proyektlar haqida gapiradigan siyosatchi. Venesuelaga hujumdan maqsad – neft ekani bugun hammaga ma’lum. Lekin ko‘pchilik ekspertlar “Amerikaning nefti o‘ziga yetadi” derdi. Unda AQShning Eronga bosimidagi motivlar nimalardan iborat?

Birinchi motiv – yana baribir neft. To‘g‘ri, 2010-yillarda AQSh o‘zining hududidagi slans neftini qayta ishlash texnologiyasini rivojlantirdi. Natijada AQSh ma’lum muddat birinchi uchtalikka kiruvchi neft qazib oluvchi va qayta ishlovchi davlatga ham aylanib ulgurdi. Biroq xalqaro institutlarning bahosiga ko‘ra, AQShning slans nefti hajmi u qadar katta emas. Garchi AQShning neft zahirasi 80 mlrd barrel deyilsa-da, aslida real rezerv 20-25 mlrd barreldan oshmasligi ham taxmin qilinadi. Bu zaxira yiliga 2-4 foiz qisqarib bormoqda.

Qolaversa, dunyo bozoridagi neftning narxi 60 dollardan arzon bo‘lsa, AQShda slans neftini qazib olish daromad keltirmaydi, zarar keltiradi. Chunki bu neftni qazib oluvchi va qayta ishlovchi kompaniyalar zarariga ishlagan bo‘ladi. Agar neft narxi 61 dollardan qimmatroq bo‘lsa, bu AQSh iqtisodiyotining o‘sishiga salbiy ta’sir qiladi. AQSh iqtisodiyoti jadal o‘sib borishi uchun neft narxi arzonroq bo‘lishi kerak.

Neft – bu dunyo iqtisodiyotining qoni. Nefsiz iqtisodiy o‘sish va qudrat haqida gapirish imkonsiz. Shuning uchun neft – siyosiy va geosiyosiy eng muhim omillardan biri. Tramp Amerikasi dunyodagi erkin neft “bochkalari”ni o‘z nazoratiga olish niyatida. Va shu yo‘l bilan dunyodagi boshqa qudratlarning o‘sishini, rivojlanishini o‘z nazoratiga olmoqchi bo‘lyapti. AQSh nazoratidan tashqari bo‘lgan bor– yo‘g‘i 3-4 davlat katta hajmdagi neft zahiralariga ega edi. Venesuelada Maduro rejimi o‘zgartirildi, yangi hokimiyat AQSh bilan to‘qnashmaslik uchun murosa izlamoqda. Mana shu fonda AQSh Eronga hujum qilishni o‘rganmoqda.

Eron keyingi 2 yil ichida o‘zining bir asrlik neft qazib chiqarish tarixida rekord o‘rnatdi. Chunki 92 million aholiga ega Eronga pul kerak. Sanksiyalarga tushgan Eron o‘z neftini asosan uch davlat orqali yashirin yo‘llar bilan sotib kelmoqda. Bu – Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Iroq. Turkiya o‘zi uchun arzonroq neft sotib olishdan manfaatdor. Eron nefti nisbatan arzonroq, chunki sanksiyalar ostida. Iroq va Amirliklar tayyor Eron neftini “o‘zimniki” deb sotadi va yaxshigina daromad ham qilmoqda.

AQShning maqsadi – Xitoyga, Hindistonga, AQShga qarshi bo‘lgan davlatlarga borayotgan neft hajmini o‘z nazoratiga olish. Xitoy har kuni 11,5 million barrel neft iste’mol qiladi. Yillik iste’mol hajmi – 577 million tonna. Hindiston esa dunyo neftining 10 foizini iste’mol qiladi. Yaqin o‘n yilliklar ichida Hindistonning iqtisodiyoti o‘sib, global neft iste’molining 20 foiziga chiqishi mumkin. Shuning uchun AQSh o‘z neft zaxirasi so‘nib borayotgani, boshqa davlatlar iqtisodiyotining jadal o‘sib borayotganini inobatga olib, nefti bor davlatlarni o‘z nazoratiga olishga kirishdi. Agar Eron tizimi ham yiqilsa, AQSh nazoratidan tashqarida bo‘lgan bitta yirik neft davlati qoladi, bu ham bo‘lsa Rossiya.

AQShning Eronga bosimidagi ikkinchi omil – mintaqa geosiyosati, aniqrog‘i Isroil manfaatlari. Eron rejimini yiqitish – Isroilning azaliy orzusi. Bugun Isroil mana shu orzusiga yaqin turibdi.

Tramp Eron hokimiyatiga uchta shart qo‘ydi: 1) Yadroviy dasturdan to‘liq voz kechish; 2) Gipertovushli va uzoqqa uchuvchi raketalardan voz kechish; 3) Yaqin Sharq mintaqasidagi proksi kuchlardan voz kechish.

Biroq, Eron tezda va uzil-kesil javob berib ulgurdi: yo‘q, yo‘q, yo‘q…

Demak, yaqin kunlarda Yaqin Sharqda yangi harbiy operatsiyalar, urush boshlanish ehtimoli oshdi. Eron – katta davlat: aholisi 92 million, hududi G‘arbiy Yevropa bilan teng, harbiy salohiyati ham primitiv emas. Kutish mumkinki, bu tirashuv tezda va osonlikcha hal bo‘lmaydi…

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов

Mavzuga oid