Jahon | 16:41 / 30.01.2026
4232
9 daqiqa o‘qiladi

Muzokaralarga tayyor Eron, Xitoyda qatl etilgan 11 kishi va qisqa otashkesimga rozi bo‘lgan Putin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron spikeri muzokaralar sharti haqida gapirdi

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqirning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp «urushni boshlashi mumkin, biroq uning qanday yakunlanishini nazorat qila olmaydi». Shu bilan birga, u «faqat real va kuch bilan majburlanmagan muzokaralar bo‘lsa» Tehron ochiq qolishini ta’kidladi.

«Biz muzokaralarga tayyormiz. Ammo bu Amerika prezidenti istayotgan muloqot turi ekaniga ishonmaymiz», - dedi Boqir CNNʼga bergan intervyusida.

U Vashingtonni kuch ishlatish orqali diplomatiyani izdan chiqarishda aybladi: AQSh «Eron bilan muzokaralarning oltinchi raundi bo‘lib o‘tishidan ikki kun oldin muzokaralar stolini bombardimon qildi».

«Eron xalqining iqtisodiy manfaatlari kafolatlanmaguncha, hech qanday muzokara bo‘lmaydi. Biz buyruq berib o‘tirishni muzokara deb hisoblamaymiz», dedi u.

Shuningdek, u harbiy bosim ostida olib boriladigan muzokaralar vaziyatni yanada keskinlashtirishidan ogohlantirdi.

«Agar Tramp Nobel tinchlik mukofotini xohlasa, atrofidagi urush tarafdorlari va taslim bo‘lishni targ‘ib qiluvchilardan uzoqlashishi kerak», - deya qo‘shimcha qildi Boqir.

Bu bayonotlar Trampning «ulkan armada» Eronga yo‘l olayotgani haqidagi bayonoti va «muzokara stoliga» chaqirganidan keyin yangradi.

Eron rasmiylari bunga urush va javob zarbalari haqidagi ogohlantirishlar bilan javob qaytarmoqda. Shu bilan birga Tehron adolatli shartlar asosidagina muzokaralarga ochiq qolishini ta’kidlamoqda.

Rossiya–Ukraina urushi

Payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp sovuq qish ob-havosi sabab Rossiya yetakchisi Ukraina shaharlariga bir hafta davomida o‘q uzmaslikka rozi bo‘lganini aytdi.

«Biz prezident Putindan bir hafta davomida o‘q otishni to‘xtatishlari mumkinmi, deb so‘radik. Chunki ularda ham bizdagidek sovuq bo‘lyapti. U bunga rozi bo‘ldi. Biz buni juda yuqori baholadik», dedi Tramp Oq uydagi Oval kabinetda.

Moskva tomoni bu xabarlarga izoh bermadi. Ukraina esa «kelishuvlar bajarilishiga umid qilishini» aytdi.

Keyinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida AQShga minnatdorlik bildirdi va «Amerika bu masalada muvaffaqiyat qozonishiga umid qilamiz», dedi.

O‘tgan haftadagi Rossiya havo hujumlari oqibatida Kiyevning isitish va elektr ta’minotida katta yo‘qotishlar bo‘ldi. Kiyevda tiklash ishlari bo‘yicha favqulodda xizmatlar hanuz ishlamoqda. Havo harorati -10 darajagacha tushgan, kelasi haftada esa yanada sovuqroq bo‘lishi kutilmoqda.

Shu kunlarda Rossiya navbatdagi almashinuv doirasida 1 000 nafar ukrainalik askarning jasadini ham Kiyevga topshirdi.

Kreml bosh muzokarachisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, buning evaziga Rossiya 38 nafar askarning jasadini qabul qilib olgan. Medinskiy e’lon qilgan suratlarda bio-xavfsizlik kiyimida bo‘lgan shaxslar jasadlarni tashish uchun mo‘ljallangan yuk mashinalari yonida turgani tasvirlangan.

2022 yil fevralida boshlangan Rossiyaning bosqinchilik urushi to‘rt yilligiga yaqinlashmoqda. Shu bilan birga ikki davlat o‘rtasida tinchlik bitimini vositachilar orqali tuzish harakatlari ham davom etmoqda.

Xitoyda 11 kishi qatl etildi

Xitoy Myanmadagi jinoiy guruhlar tarkibida bo‘lgan 11 nafar shaxsni qatl etdi. «Sinxua» axborot agentligiga ko‘ra, mazkur 11 nafar shaxs o‘tgan yili sentabr oyida Xitoy sharqidagi Venchjou shahar sudida aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Xabarda aytilishicha, ular qasddan odam o‘ldirish, qasddan tan jarohati yetkazish, noqonuniy hibsda saqlash, firibgarlik va noqonuniy qimorxonalarni boshqarish kabi jinoyatlar uchun o‘limga hukm qilingan.

Mazkur 11 kishi 2015 yildan buyon Myanmada bir nechta operatsion bazalar tashkil etib, telekommunikatsiya firibgarligi bilan shug‘ullangani aniqlangan. Oliy xalq sudi ma’lumotiga ko‘ra, firibgarlik va qimor faoliyatlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar hajmi 1,4 milliard dollardan oshgan.

«Bu guruhlar firibgarlikda ishtirok etgan shaxslarni qasddan o‘ldirgan va kaltaklagan. Oqibatda 14 nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, yana boshqalar jarohat olgan», - deyiladi xabarda.

Bunday «firibgarlik markazlari» Janubi-Sharqiy Osiyodagi qonun ustuvorligi zaif bo‘lgan davlatlar hududida keng tarqalgan. Ko‘p milliard dollarlik noqonuniy sanoatga aylangan bu markazlarda odatda odam savdosi qurboni bo‘lgan chet elliklar ishlaydi.

Bu markazlarning aksariyati Myanmadagi qurolli guruhlar bilan hamkorlik qiluvchi xitoylik jinoiy sindikatlar tomonidan boshqariladi. So‘nggi yillarda Xitoy ularga qarshi keng urush ochdi va o‘g‘irlangan minglab fuqarolarini qaytardi.

Isroil yana 15 nafar falastinlikning jasadini topshirdi

29 yanvar kuni Isroil G‘azodagi urush davomida halok bo‘lgan 15 nafar falastinlikning jasadini topshirdi. Bu so‘nggi isroillik garovga olingan shaxsning qoldiqlari qaytarib olinganidan uch kun o‘tib amalga oshirildi. Vositachilik qilayotgan tomonlar ushbu qadamlar Tinchlik rejasining keyingi bosqichini amalga oshirishga yo‘l ochishidan umid qilmoqda.

Tirik va halok bo‘lgan barcha garovga olinganlarni topshirish sulh bitimida aniq belgilangan asosiy majburiyat edi.

G‘azodagi sog‘liqni saqlash idorasi 15 ta jasad qabul qilinganini tasdiqlab, endi ularni aniqlashga urinishini bildirdi.

Idoraga ko‘ra, oktyabr oyidan beri topshirilgan yuzlab falastinlik jasadlarning atigi 99 nafari aniqlangan. Aniqlanmagan jasadlar esa ommaviy qabrlarga dafn etilgan.

Isroil OAVlari xabar berishicha, xavfsizlik sohasidagi yuqori martabali manba Isroil harbiylari G‘azodagi urush davomida 71 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani tan olinishini aytmoqda.

Payshanba kuni harbiy manba Isroil jurnalistlariga umumiy raqamlar asosan to‘g‘ri ekanini bildirgan. Biroq halok bo‘lganlarning nechtasi jangchi, nechtasi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlar oqibatida o‘lganini aniq ajratib bo‘lmaganini aytgan.

Keyinroq IDF rasmiylari harbiy amaldor e’lon qilgan tafsilotlar rasmiy ma’lumotlarini aks ettirmasligini bildirdi.

Oldinlari Isroil Hamas keltirgan raqamlarni inkor etib kelgan. Lekin G‘azodagi 71 mingdan ortiq qurbon BMT va boshqa inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ishonchli deb topilgan hamda xalqaro OAVlar tomonidan keltiriladi.

Tramp Britaniyani ogohlantirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyani Pekin bilan biznes aloqalariga kirishishdan ogohlantirdi. Bu paytda bosh vazir Keir Starmer Buyuk Britaniya–Xitoy biznes forumida Si bilan bo‘lgan «juda iliq» uchrashuvlar «kutilgan darajadagi muloqotni» ta’minlaganini aytdi.

Xitoy raisi Si Jinping bilan uch soatlik muzokaralar davomida Britaniya yetakchisi bozorlar ochiqligini kengaytirish, bojlarni pasaytirish va investitsiya bitimlarini nazarda tutuvchi «yanada murakkabroq munosabatlar» zarurligini ta’kidladi.

Starmer Xitoyga uchish chog‘ida Britaniya Trampni g‘azablantirmasdan turib ham Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda davom etishi mumkin, degandi.

Starmer Buyuk Britaniya AQSh yoki Xitoy bilan yaqinlashish o‘rtasida tanlov qilishga majbur emasligini aytdi.

Biroq Vashingtonda ushbu aloqalar haqidagi savollarga javoban Tramp «bu ular uchun juda xavfli», demoqda.

Aprel oyida o‘zi ham Xitoyga borishni rejalayotgan Trampga Kanada bosh vazirining Pekinda imzolangan iqtisodiy bitimlari ham yoqmagandi.

Karnidan tashqari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dekabr oyida Xitoyga tashrif buyurgan. Germaniya kansleri Fridrix Mers ham yaqin orada Xitoyga borishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid