Jahon | 16:53 / 31.01.2026
3910
9 daqiqa o‘qiladi

JARdan «haydalgan» Isroil diplomati, «Epshteyn ishi»da ochiqlanayotgan millionlab hujjatlar va Panama kanali boshqaruvidan olingan Xitoy kompaniyasi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

JAR Isroil diplomatini «persona non grata» deb e’lon qildi

Juma kuni Janubiy Afrika Tashqi ishlar vazirligi Isroil elchixonasining vaqtinchalik ishlar vakili Ariel Zeydman mamlakatdan chiqarib yuborilayotganini ma’lum qildi. U JARda «persona non grata», ya’ni «istalmagan shaxs» deb e’lon qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi Zeydmanning chiqarib yuborilishi «Janubiy Afrikaning suverenitetiga bevosita tahdid soluvchi, diplomatik me’yor va amaliyotlarning qabul qilib bo‘lmaydigan bir qator buzilishlaridan so‘ng» amalga oshirilganini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, diplomat JAR prezidenti Siril Ramafosani haqorat qilgan.

Shuningdek, vazirlik Isroil rasmiylarining JARga tashriflari haqida ataylab xabar berilmaganini ham ta’kidladi.

Zeydman — 2023 yilda Isroil o‘z elchisini chaqirib olganidan beri Janubiy Afrikadagi eng yuqori martabali isroillik diplomat hisoblanardi.

Bir necha soat o‘tib, Isroil Tashqi ishlar vazirligi bunga javoban Janubiy Afrikaning yuqori martabali diplomati Shaun Edvard ham Isroildan chiqarib yuborilayotganini aytdi. Unga 72 soat ichida mamlakatni tark etish buyurilgan.

Janubiy Afrika va Isroil o‘rtasidagi diplomatik aloqalar allaqachon keskinlashib ketgan. Sababi – Falastin xalqining uzoq yillik tarafdori bo‘lgan JAR Isroilni G‘azoda genotsid sodir etishda ayblab, BMT oliy sudi — Xalqaro sudga da’vo kiritgan.

Xitoy kompaniyasi Panama kanali boshqaruvidan olindi

Xitoy juma kuni Panama Oliy sudi qaroridan so‘ng «zarur choralar» ko‘rishini ma’lum qildi. Mazkur qarorda Panama oliy sudi Hongkongda joylashgan kompaniyaga kanalning har ikki tomonidagi portlarni boshqarish uchun berilgan konsessiyani bekor qilgandi.

Bu qaror Panama bosh nazoratchisi o‘tkazgan auditdan keyin qabul qilindi. Auditda 2021 yilda berilgan va 25 yilga uzaytirilgan konsessiya yuzasidan jiddiy savollar ko‘tarilgan edi.

«Xitoy tomoni xitoylik kompaniyalarning qonuniy huquq va manfaatlarini qat’iy himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi», dedi Xitoy TIV matbuot kotibi.

Pekin bundan keyin aynan qanday qadamlar tashlashi mumkinligi haqida hech qanday aniqlik kiritilmadi.

Kompaniyaning o‘zi konsessiya shaffof xalqaro tender natijasida qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

Mazkur qarorning bekor qilinishi Tramp ma’muriyati tomonidan ijobiy qabul qilinishi ehtimoli baland. 2025 yil boshida Donald Tramp ushbu suv yo‘lini yana o‘z nazoratiga qaytarishi kerakligini aytgan va bunga Xitoyning mintaqadagi tobora kuchayib borayotgan ta’sirini sabab sifatida ko‘rsatgan edi.

«Putin Kiyevga kelsin»

30 yanvar kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor yangragan Moskvaga muzokaralarga kelish haqidagi takliflarga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday takliflar urushni yakunlashga jiddiy intilish yo‘qligidan dalolat beradi.

«Albatta, mening Putin bilan Moskvada uchrashishim mumkin emas. Bu xuddi Putin bilan Kiyevda uchrashishga o‘xshaydi. Men ham uni Kiyevga taklif qilishim mumkin — marhamat, kelsin. Agar jur’at etsa, uni ommaviy ravishda Kiyevga taklif qilaman», dedi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, Belarus hududida muzokaralar o‘tkazilishini ham rad etdi:

«Moskvada ham, Belarusda ham bu mutlaqo mumkin emas. Buning sababi aniq — chunki bu davlatlardan biri bizga qarshi urush boshlagan va olib bormoqda, bizni o‘ldirmoqda. Ikkinchisi esa bu harakatlarda uning hamkoridir».

Shuningdek, Zelenskiy Ukraina va Rossiya o‘rtasida energetika infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuv bo‘lmaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu tashabbusni AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surgan. Ukraina ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi va xuddi shunday javob qaytarishga tayyor.

Bu orada Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning 1 fevralgacha Kiyevga zarba bermaslik haqidagi iltimosi bo‘lganini tasdiqladi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin bunga rozi bo‘lgan, chunki bu «Trampning shaxsiy iltimosi» bo‘lgan.

Isroilga qurollar va ochilayotgan Rafah

Isroil yakshanba kunidan boshlab G‘azo sektoridagi Rafah chegara o‘tkazish punktini Misr bilan ikki yo‘nalishda qayta ochishini e’lon qildi.

«Sulh kelishuvi va siyosiy rahbariyat ko‘rsatmasiga muvofiq, Rafah o‘tkazish punkti 1 fevral kuni faqat odamlarning cheklangan harakati uchun ikki yo‘nalishda ochiladi», deyiladi armiya bayonotida.

Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, ushbu o‘tkazish punkti orqali G‘azodan chiqish va kirish Misr bilan muvofiqlashtiriladi hamda Isroil tomonidan oldindan beriladigan xavfsizlik ruxsatiga bog‘liq bo‘ladi. Jarayon Yevropa Ittifoqi missiyasi nazorati ostida amalga oshiriladi.

Punkt 2024 yil may oyida Isroil kuchlari nazoratni qo‘lga olganidan beri yopiq. G‘azo sektorida o‘n minglab falastinliklar, chet elda davolanishga muhtoj minglab og‘ir yaradorlar Rafah o‘tkazish punktining qayta ochilishini kutib ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, minglab falastinliklar Qohiradagi Falastin elchixonasida G‘azoga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Isroil mavzusida yana bir xabar: 30 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti Isroilga harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 6,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan ehtimoliy savdolarni ma’qulladi.

Pentagonning alohida bayonotlariga ko‘ra, qariyb 2 milliard dollar qiymatidagi yengil taktik harbiy avtomobillar va 3,8 milliard dollarlik Apache jangovar vertolyotlarini sotish tasdiqlangan. Yana bir harbiy shartnoma 740 million dollar miqdorida tasdiqlangan.

Nigerda aeroportga hujum uyushtirildi

Payshanbaga o‘tar kechasi Niger poytaxti Niamey yaqinidagi xalqaro aeroportga hujum uyushtirildi.

Niger Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, hujum oqibatida to‘rt nafar harbiy xizmatchi yaralangan, 20 nafar hujumchi o‘ldirilgan. Davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Fransiya fuqarosi ham bor.

Bir nechta tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, noma’lum hujumchilar aeroport hududi tomonga portlovchi moslamalar uloqtirgan, shundan so‘ng xavfsizlik kuchlari bilan otishma boshlangan.

Hujum yuzasidan 11 kishi hibsga olingan. Juma kuni IShID guruhi Niger armiyasining «harbiy bazasi»ni nishonga olgan «kutilmagan hujum» ortida aynan o‘zi turganini ma’lum qildi.

Keyinroq Niger harbiy xuntasi rahbari aeroportga uyushtirilgan hujumni barbod etishda Rossiya ko‘rsatgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Ammo ruslar aynan qanday yordam ko‘rsatganini aniqlashtirmadi. Hujumchilarga esa Fransiya va Benin yordam berganini aytdi.

Niger uranning yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. 2023 yil iyul oyidagi to‘ntarish orqali hokimiyatni egallagan kuchlar sobiq mustamlakachi Fransiya bilan harbiy aloqalarni uzgan, buning ortidan munosabatlar sovuqlashgan.

Epshteyn ishi bo‘yicha millionlab hujjatlar ochiqlanadi

30 yanvar kuni AQSh Adliya vazirligi Jyeffrey Epshteyn ishi bo‘yicha 3 milliondan ortiq sahifani, shuningdek, foto va videolarni oshkor etishini ma’lum qildi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Tod Blanshning aytishicha, ayollarga oid barcha tasvirlarda ularning yuzlari yashiriladi.

«Bugun biz 3 milliondan ortiq sahifani, jumladan, 2 mingdan ziyod video va jami 180 mingta tasvirni taqdim etyapmiz», deydi u.

Marhum va jinsiy jinoyatlar bilan sudlangan jinoyatchi Jyeffrey Epshteyn bilan bog‘liq hujjatlarning yangi to‘plami — Tramp ma’muriyatini ishga oid materiallarni e’lon qilishga majbur etgan qonun yo‘lidagi navbatdagi qadamdir.

Vazirlik o‘tgan yil oxirida hali ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan 5 milliondan ortiq sahifa borligini, buning uchun yuzlab yuristlarni qayta biriktirishga to‘g‘ri kelganini bildirgandi.

Prezident Donald Tramp oylar davomida hujjatlarni oshkor etishga qarshi bo‘lib kelgan. Biroq Kongressda ham demokratlar, ham respublikachilar uning e’tirozlariga qaramay, ushbu qonunni ilgari surgan.

Trampning o‘zi Epshteynga aloqador har qanday qonunbuzarlikda rasman ayblanmagan va u jinoyatlaridan bexabar bo‘lganini aytib keladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid