Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Rossiyadan neft tashish uchun zarur bo‘lgan qator xizmatlarni taqiqlash niyatida
Yevropa kompaniyalariga 20-sanksiyalar paketi doirasida RFdan neft tashishga bog‘liq ayrim xizmatlarni - masalan, sug‘urta va neft tashish xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanishi mumkin, deb xabar beradi Bloomberg. YeI sanksiyalar paketini fevral oyi oxirigacha tasdiqlamoqchi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan navbatdagi — 20-sanksiyalar paketi doirasida Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasi (price cap) bo‘yicha cheklovni Rossiya neftini dengiz orqali tashish uchun zarur bo‘lgan ayrim xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlash bilan almashtirishni istamoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi juma kuni, 30 yanvarda xabar qildi.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa kompaniyalariga sug‘urtalash va neft tashish kabi xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlanishi mumkin.
YeI sanksiyalar paketini fevral oxirigacha tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Tasdiqlash uchun ittifoqning barcha a’zo davlatlari qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Bloomberg manbalarining aytishicha, ayrim davlatlar allaqachon narx chegarasini taqiqlar bilan almashtirishga qarshi ekanini bildirgan.
1 fevraldan YeI tomonidan belgilangan Rossiya neftiga nisbatan narx chegarasi bir barrel uchun 44,10 dollarga tushiriladi.
Har olti oyda qayta ko‘rib chiqiladigan narx belgilash mexanizmi shunday tuzilganki, chegara qiymati Urals markali neftning o‘rtacha bozor narxidan 15 foiz past darajada belgilanadi.
So‘nggi kunlarda, AQSh prezidenti Donald Trampning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga bormasa, unga qarshi harbiy zarbalar berish mumkinligi haqidagi tahdidlari fonida ko‘rsatkichlar biroz oshdi.
Xabardor manbalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning ayrim banklari va neft kompaniyalari, shuningdek, Rossiyaga ittifoq sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam berayotgan kriptovaluta servislari va uchinchi mamlakatlardagi moliyaviy tashkilotlarga nisbatan ham qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, sanksiyalar doirasiga Rossiyaning “soya floti”ga aloqador qo‘shimcha kemalar ham kiritilishi mumkin.
Bundan tashqari, Bryussel sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus instrumentni ilk bor qo‘llashi va Qirg‘izistonga stanoklar hamda muayyan radio uskunalar eksportini taqiqlashi mumkin.
Taklif etilayotgan choralar paketi ayrim kompaniyalarga nisbatan yangi savdo cheklovlari, shuningdek, Rossiyaga qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan tovarlarga oid cheklovlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Rossiyadan ayrim metall turlari importini ham cheklash rejalashtirilmoqda.
Yevropa Ittifoqi va “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli qurolli bosqini uchun joriy qilingan sanksiyalar doirasida Rossiya nefti uchun eng yuqori narxni 2022 yil dekabr oyida belgilagan edi. Avvalgi chegara bir barrel uchun 60 dollarni tashkil qilgan.
Uchinchi davlatlar Rossiya neftini faqat shundagina G‘arb kompaniyalarining xizmatlaridan (masalan, sug‘urta, tashish va h.k.) foydalanib sotib olishi mumkinki, bunda belgilangan narx limitiga rioya qilinishi darkor.
Bu choralar joriy etilgandan keyin neft narxi amalda Vladimir Putinning birinchi prezidentlik muddatidagi darajaga — 2004 yildagi 41,73 dollar/barrelga qaytdi va 2026 yil budjetiga kiritilgan 59 dollar/barrel darajasidan deyarli 20 dollar past bo‘lib qolmoqda.
Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–noyabr oylarida Rossiya federal budjeti neft-gaz daromadlarining har beshinchi rublini yo‘qotgan, dekabr oyida esa ularning pasayishi yillik hisobda 49 foizgacha tezlashgan.
Joriy yil budjetiga Moliya vazirligi 8,9 trln rubl neft-gaz daromadlarini kiritgan. Biroq hozirgi narxlar va chegirmalar sharoitida haqiqiy tushumlar rejadan 1,1–1,4 trln rublga kam bo‘lishi mumkin, deb prognoz qilgan edi iqtisodchi Dmitriy Polevoy.
Mavzuga oid
09:32
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026