Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers Yevropa davlatlarining AQShdan yanada mustaqil bo‘lishini talab qilmoqda
Fridrix Mers so‘zlariga ko‘ra, Yevropa “cho‘zilib ketgan islohotlar sabab o‘sish salohiyatini qo‘ldan boy bergan” va siyosiy jihatdan mustaqilroq bo‘lishi kerak. Mers transatlantik munosabatlar o‘zgarganini ta’kidladi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa mamlakatlarining AQShdan yanada mustaqil bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. “Biz yanada suveren va mustaqil bo‘lishimiz kerak, ayniqsa texnologiya sohasida. Ha, bu AQShga ham taalluqli”, — dedi Mers 2 fevral, dushanba kuni kechqurun Deutsche Börse Group tomonidan Eshborn shahrida (Gessen federal yeri) o‘tkazilgan yillik tadbirda. “Transatlantik munosabatlar o‘zgardi, va bu zalda hech kim buning uchun mendan ko‘ra ko‘proq afsuslanmaydi”, — deb qo‘shimcha qildi kansler.
Mersning aytishicha, “nostalgiya va o‘tmishdagi yaxshi davrlarni eslash” Yevropaga yordam bermaydi. Yevropa ayniqsa texnologiya jihatidan suveren va AQShdan mustaqilroq bo‘lishi shart, bunda Germaniya muhim rol o‘ynashi mumkin, dedi u. “Sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari, mikroelektronika, biotexnologiya, energiya ishlab chiqarish va iqlimga neytral transport — biz juda faol shug‘ullanayotgan mavzular. Biz Germaniyada bu sohalar uchun sharoitlarni tubdan yaxshilashni istaymiz”, — dedi kansler.
“So‘nggi o‘n yilliklarda biz Yevropada cho‘zilib ketgan islohotlar, tadbirkorlik erkinligini keraksiz cheklashlar, ortiqcha tartibga solish (regulyatsiya) va kerak bo‘lmagan joyda mukammallikka intilish tufayli ulkan o‘sish salohiyatini qo‘ldan boy berdik”, — deya tushuntirdi Mers tadbirda. Uning fikricha, shuning uchun yevropaliklar iqtisodiy jihatdan yetarli darajada kuchli emas.
“Bizga katta maqsadlar kerak, jasorat va energiya kerak — aynan shu Yevropa yana siyosiy jihatdan harakat qila oladigan holatga qaytishi uchun”, — dedi kansler. Uning ta’kidlashicha, suverenlik va mustaqillikdan tashqari, muhim vazifalardan biri — Yevropa “o‘z kuchi bilan o‘zini himoya qila oladigan” bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Yevropa iqtisodi uchun shart-sharoitlar “yana raqobatbardosh” bo‘lishi lozim.
Nutqida Fridrix Mers yangi imkoniyatlarni ham qayd etdi: “Atrofimizda o‘sib borayotgan, asosan demokratik davlatlar bor — bozorlari kengayapti va ular ochiq-oydin biz, yevropaliklar, nimani taklif qila olishimizni izlamoqda”. U Germaniyaga xalqaro investorlarni jalb qilish allaqachon natija berayotganini uqtirdi: uzoq davom etgan sustlikdan keyin 2026 yilda yangi investitsiyalar oqimi, kutilganidek, kapital chiqimidan oshib ketishi mumkin.
29 yanvar kuni Bundestagda hukumat bayonoti bilan chiqish qilar ekan, Fridrix Mers yevropalik ittifoqchilarni birdamlikka va o‘z kuchiga ishonishga chaqirdi — Yevropa shakllanayotgan yangi jahon tizimida mustaqil kuchga aylanishi uchun. Yevropa o‘z qarashlarini faqat shunda himoya qila oladi, “agar biz o‘zimiz kuch siyosati tilida gapirishni o‘rgansak, agar biz o‘zimiz Yevropa derjavasiga aylansak”, dedi u.
“Bu dunyoda qattiq shamol esmoqda, va biz uni hali uzoq vaqt his qilamiz”, — dedi Germaniya hukumati rahbari. Uning fikricha, yuz berayotgan o‘zgarishlar qonun va xalqaro hamkorlikka tayanadigan Yevropa uchun yangi imkoniyatlar ham ochishi mumkin. Kansler so‘zlariga ko‘ra, Yevropa imperializm va avtokratiyaga muqobildir va hamkorlarga iqtisodiy hamda “qadriyatlar” ustunliklarini taklif qila oladi — Yevropaning bu ustunliklardan voz kechish niyati yo‘q.
Shu munosabat bilan kansler, xususan, Mercosur davlatlari bilan Yevropa ittifoqi kelishuvini kuchga kiritish, shuningdek Hindiston bilan savdo bitimini tuzish muhimligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:02
Netanyahu Trampga bosim o‘tkazishi mumkin - AQSh razvedkasi
22:39 / 19.06.2026
Tushunarsiz kelishuv: Tehron uni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilmoqda
21:38 / 19.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida Shveytsariyadagi muzokaralar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
20:51 / 19.06.2026