Jahon | 21:33
2917
6 daqiqa o‘qiladi

«Epshteyn ishi»ning 5 ta muhim oqibati: nega bu ish hali tinchimasligi haqida

O‘tgan hafta oxirida AQSh Adliya vazirligi jinsiy jinoyatlar uchun hukm qilingan va qamoqda o‘zini o‘ldirgan moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha millionlab yangi fayllarni e’lon qildi.

Bu esa, kutilganidek, kuchli siyosiy zo‘riqish va inqirozni paydo qila boshladi. Bu ish shu qadar kuchli rezonans keltirib chiqardiki, hatto AQShning Eronga ehtimoliy hujumi ham, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ham jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmoqda. Hozircha hamma «Epshteyn fayllari»ni muhokama qilmoqda…

Internetda bu mavzuda axborot juda ko‘payib bormoqda. Quyida «Epshteyn fayllari»ning eng muhim beshta oqibati haqida fikr yuritiladi.

Birinchi effekt – prezident Tramp va uning ma’muriyati uchun bo‘ladi. Tramp 2024 yilgi saylov kampaniyasi davomida «Epshteyn fayllari»ni ko‘p tilga olgan va Baydenni obro‘sizlantirish uchun bu mavzudan foydalangandi.

O‘zi hokimiyatga kelganidan keyin esa deyarli bir yil davomida ushbu fayllar ochiqlanishiga qarshilik ko‘rsatdi. Kongressda fayllarni e’lon qilish tarafdorlari ko‘payib, respublikachilar ham shuni talab qila boshlaganidan keyingina uning ritorikasi o‘zgardi va yakunda u tegishli qonunni imzolashga majbur bo‘ldi.

Oxirgi oylarda Trampning reytingi jiddiy darajada pasaydi. Buning sabablari ko‘p. Lekin asosiy sabab – «Epshteyn fayllari»da Tramp va uning safdoshlarining nomlari juda ko‘p bor tilga olingani bo‘lmoqda.

Tramp ko‘p yillar Jyeffri Epshteyn bilan yaqin do‘st va hamkor bo‘lgani ochiqlandi. Natijada amerikaliklarda Trampga ishonchsizlik kuchaydi.

Ikkinchi oqibat – g‘arb jamoatchiligining elitaga bo‘lgan ishonchsizligi jiddiy darajada oshib borishi. Bugungi kunda amerikaliklarning yarmidan ortig‘i «agar boy va qudratli bo‘lsangiz – har qanday jinoyatni yopishadi», «Epshteyn elitaning, elita Epshteynning orqasini yopmoqda», «Epshteyn o‘zini o‘zi o‘ldirmagan, unga yordam berishdi – boshqalarni sirini saqlash uchun…» degan qarashlar ko‘paygan.

So‘nggi yillarda shusiz ham g‘arb jamiyatlarida elita qatlamga bo‘lgan ishonch pasayib, ultrao‘ng va ashaddiy so‘l kuchlarga moyillik ortib borayotgandi. «Epshteyn fayllari» oddiy odamlarning elitaga bo‘lgan ishonchini yanada sindiradi, buning oqibatlari esa ancha jiddiy bo‘ladi. Jumladan, ultrao‘ng kuchlarning hokimiyatga kelishi tezlashadi.

Uchinchi oqibati geosiyosiy bo‘lib, AQSh va Isroil aloqalariga ta’sir qilishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, Jyeffri Epshteyn etnik yahudiy sifatida Isroil davlatchiligi bilan, uning elitasi va maxsus xizmatlari xodimlari bilan juda qalin aloqalarga ega bo‘lgan. Xususan, Isroil sobiq bosh vaziri Ehud Barak 2013-2017 yillar oralig‘ida Epshteyn bilan 30 martaga yaqin ko‘rishgan.

AQSh jamoatchiligi, ayniqsa ultrao‘ng kuchlar vakillari Epshteyn Isroilga ishlagan, o‘zi to‘plagan kompromatlarni Isroilga yetkazib turgan, deb hisoblaydi. AQSh jamiyatida keng tarqalgan farazga ko‘ra, Tramp shuning uchun Isroilga bosim qila olmaydi, chunki Epshteyn yetkazgan ma’lumotlar Isroil tomonidan Trampga bosim vositasi sifatida ishlatiladi…

To‘rtinchi oqibat – Rossiyaga bo‘lgan ishonchsizlik va gumonlar ortishi bilan bog‘liq. Rossiyalik muxolifatchilar, ukrainalik ekspertlar va jumladan Polsha bosh vaziri Donald Tusk «Epshteyn ishi» ortida turgan, maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan va bu ma’lumotlar orqali g‘arb yetakchilarini shantaj qiluvchi davlat – Rossiya ekanini aytmoqda.

Bu qarash tarafdorlari o‘z pozitsiyalariga Epshteynning atrofida doimo asli rossiyalik, belaruslik qizlar bo‘lgani, ulardan josus sifatida foydalanilgani, shuningdek, Epshteyn o‘z o‘limi oldin katta boyliklarini asli belaruslik qizga vasiyat qilib qoldirgani kabi argumentlar bilan asoslashadi.

Beshinchi va oxirgi effekt – bu davlatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ma’naviy yuksaklik uchun olib boriladigan kurashdagi baholar hisoblanadi. G‘arb tarixida, bu birinchi va oxirgi ma’naviy-siyosiy-huquqiy jinoyat emas. Epshteyn ishi bilan g‘arb sivilizatsiyasining obro‘si batamom yakson bo‘lmaydi. Lekin Epshteyn ishi g‘arb davlatchiligi tizimlariga, g‘arb elitalarining global maydondagi obro‘siga jiddiy zarba beradi.

Boshqa sivilizatsiyalar, jumladan, musulmon sivilizatsiyasi, o‘zini konservativ hisoblovchi Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi davlat-sivilizatsiyalarning g‘arbga nisbatan istehzo bilan munosabatda bo‘lishi uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ldi.

Hali Epshteyn ishi batamom o‘rganilgani yo‘q, hali ko‘p mojarolar va xulosalar oldinda. Biroq, bu ish g‘arbdagi institutlar va ma’naviy-siyosiy muhitda jiddiy nuqsonlar va inqirozlar borligini yaqqol fosh etdi.  

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов

Mavzuga oid