Jahon | 16:09
949
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya maxsus xizmati: RFning harbiy xarajatlari e’lon qilinganidan 66 foizga yuqori

Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush boshlanganidan beri RF har yili harbiy xarajatlarini keskin oshirgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich taxminan 250 mlrd yevroga teng bo‘lgan - bu deyarli butun budjetning yarmi.

Foto: Vedomosti

Germaniyaning Federal razvedka xizmati (BND) tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyaning harbiy xarajatlari rasmiy mudofaa budjetiga kiritilgan ko‘rsatkichdan 66 foizgacha yuqori bo‘lgan. Buning sabablaridan biri — Rossiyada “mudofaa xarajatlari” talqini NATOdagi shu tushunchadan sezilarli farq qilishi, deb yozadi 4 fevral, chorshanba kuni dpa agentligi BND tahliliy hujjatiga tayanib.

Xususan, RF Mudofaa vazirligining qurilish loyihalari, armiyaga oid IT-loyihalar, shuningdek Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolariga to‘lanadigan ijtimoiy to‘lovlar mudofaa budjetiga emas, davlat budjeti boshqa bo‘limlariga kiritilgan. Bundan tashqari, rasmiy Rossiya idoralari e’lon qiladigan harbiy xarajatlar haqidagi ma’lumotlar ko‘pincha buzib ko‘rsatilgan shaklda taqdim etiladi va qo‘shimcha tahlilni talab qiladi, deb tushuntiradi Germaniya tashqi razvedka xizmati.

BND, shuningdek, 2022 yilda Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli hujum boshlanganidan beri Rossiya harbiy xarajatlarining har yili keskin o‘sib borayotganini qayd etgan. Germaniya idorasi bahosiga ko‘ra, 2025 yilda bu ko‘rsatkich taxminan 250 mlrd yevroni tashkil etgan — bu RF butun budjetiga nisbatan taxminan yarmi, hamda Rossiya YaIMning taxminan 10 foiziga teng. Qayd etilishicha, 2022 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari YaIM 6 foizi, 2023 va 2024 yillarda esa mos ravishda 6,7 foiz va 8,5 foiz bo‘lgan.

Germaniya razvedka idorasi tahliliga ko‘ra, RF mudofaa budjeti mablag‘larini faqat Ukrainaga qarshi urushni olib borishga emas, balki harbiy salohiyatni yanada kengaytirish va mustahkamlashga ham yo‘naltirmoqda — ayniqsa NATOning sharqiy qanoti yaqinida. “Bu raqamlar Rossiya tomonidan Yevropa uchun tobora o‘sib borayotgan tahdidni yaqqol ko‘rsatadi”, — deyiladi BND bayonotida.

Shu bilan birga, Berlindagi Ilm va siyosat fondi (SWP) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya federal budjetining harbiy moddalar bo‘yicha xarajatlari 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida rekord darajaga — 11,854 trln rublga yetgan. 2023 yilga nisbatan RF harbiy budjeti 95 foizga, 2021 yil darajasiga nisbatan esa 295 foizga oshgan, deb qayd etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid