Jahon | 18:27 / 05.02.2026
5585
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Rossiya kompaniyalari Venesueladan siqib chiqarilayotganini aytdi

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov so‘zlariga ko‘ra, Venesueladan Rossiya va uning kompaniyalarini daf qilishga «ochiqchasiga urinishmoqda».

Foto: Global Look Press

Rossiya kompaniyalari Venesuela sobiq prezidenti Nikolas Maduro ag‘darilganidan keyin mamlakatdan siqib chiqarilmoqda, dedi Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.

«Hozir Venesuela va u yerda sodir bo‘layotgan voqealar ortidan bizni, kompaniyalarimizni Venesueladan daf qilishga ochiqchasiga urinishmoqda», dedi Lavrov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Moskvaga nisbatan cheklovlarni joriy etishda davom etmoqda. Xususan, Ankorijdagi muzokaralardan bir necha oy o‘tib, «LUKOYL» va «Rosneft» sanksiyalar ostida qolgan. Bundan tashqari, tariflar Rossiya energiya tashuvchilarini sotib oluvchi mamlakatlarga tahdid soladi, dedi Lavrov. «Hammaga aytilyapti, Rossiya nefti va Rossiya gazi Amerika nefti va Amerikaning suyultirilgan gazi bilan almashtiriladi», dedi u.

Venesueladagi Rossiya aktivlarini boshqaruvchi «Roszarubejneft» davlat kompaniyasi yanvar oyida respublikada hokimiyat o‘zgarganidan keyin qabul qilingan majburiyatlarni bajarishda davom etishini ma’lum qildi.

O‘tgan yilning bahorida Rossiya va Venesuela o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi. Oktabr oyida Venesuelaning Rossiyadagi elchisi Xesus Rafael Salasar ma’lum qilganidek, respublikada Rossiya bilan beshta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Davlatlar neft qazib olish va sotish sohasida faol hamkorlik qilmoqda, deb tushuntirdi u. Shu vaqtda Bloomberg Rossiya Venesuelaga neft yetkazib berish bo‘yicha AQShni ortda qoldirganini ma’lum qilgandi.

2026 yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olib, mamlakatdan olib chiqib ketdi. Nyu-Yorkda Venesuelaning ag‘darilgan rahbariga «narkoterrorizm» moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda hokimiyat almashmaguncha Vashington Venesuelani boshqarishini aytdi. Venesuela boshqaruv jamoasiga davlat kotibi Marko Rubio va Pentagon rahbari Pit Hegset kirdi. Keyinroq Amerika yetakchisi Venesuelaning vaqtinchalik hukumati AQShga 50 million barrelgacha neft berishini e’lon qildi.

Shundan so‘ng, davlat kotibi Marko Rubio Venesuelaning vaqtinchalik rahbari Delsi Rodriges AQSh kompaniyalari uchun mamlakat energetika sektorini ochishga, neft qazib olish sohasiga imtiyozli kirishni ta’minlashga va neft savdosidan tushgan pullarni Amerika tovarlarini sotib olishga sarflashga va’da berganini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid