Jahon | 23:08 / 05.02.2026
900
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda noqonuniy migrantlarni qidirish uchun itlar va dronlar ishga solindi

Politsiyachilar kvadrokopter yordamida hududlarni ko‘zdan kechirgan, keyin xizmat itlari qurilish maydonchalari va maishiy binolarni teshkirgan.

Foto: Rossiya IIV

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri politsiyasi qurilish obektlarida noqonuniy migrantlarni qidirish uchun kvadrokopterlar va xizmat itlaridan foydalanishni boshladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. Reyd Moskva tumanidagi bir nechta qurilish maydonlarida o‘tkazildi.

Tekshiruv aerorazvedkadan boshlangan: politsiyachilar kvadrokopter yordamida hududlarni tekshirgan. Keyin xizmat itlari qurilish maydonchalari va maishiy binolarni ko‘zdan kechirib, ishchilarning shaxsiy buyumlarini hidlab ko‘rgan.

Tadbir davomida jami 500 nafarga yaqin chet el fuqarolari, jumladan, yaqin xorij va Sharqiy Osiyodan kelganlar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Hududiy politsiya bo‘limlariga 60 nafarga yaqin kishi olib ketilgan, 40 nafar xorijlikka nisbatan migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

2025 yil iyun oyida Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mamlakat manfaati uchun ishlamaydigan migrantlarni chiqarib yuborish zarurligini aytgan edi.

Shu bilan birga, 2025 yil avgust oyida Moskva va viloyatlarda geolokatsiya ma’lumotlarini Ichki ishlar vazirligiga uzatuvchi «Amina» mobil ilovasi orqali mehnat migrantlarini nazorat qilish bo‘yicha tajriba boshlandi. Shuningdek, dekabr oyidan boshlab, chegara o‘tkazish punktlarida migrantlarning biometrik ma’lumotlarini to‘plash test rejimida yo‘lga qo‘yildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid