Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abu-Dabi shayxi “sun’iy intellekt poytaxti”ni qurish uchun Trampga tegishli kompaniyaga 500 mln dollar sarmoya kiritgan - OAV
2025 yil may oyida AQSh BAAga sun’iy intellekt data-markazlarini tashkil etish uchun yuqori samarali chiplardan foydalanishga ruxsat berdi. The Wall Street Journal nashrining aniqlashicha, bundan avval BAA prezidentining ukasi nazoratidagi kompaniya Donald Tramp oilasi nazorat ostidagi kompaniyaga yarim milliard dollar sarmoya kiritgan.
Foto: US Mission to UAE
O‘tgan yil yanvarida Abu-Dabidagi Aryam Investment 1 kompaniyasi World Liberty Financial Amerika kriptovaluta startapining 49 foiz ulushini 500 million dollarga sotib oldi. Bu startap 2024 yil sentabrda paydo bo‘lgan. Startap asoschilari sifatida Donald Tramp va uning ko‘p yillik do‘sti Stiv Uitkoff ko‘rsatilgan. Kelishuv 16 yanvar kuni tuzilgan, 20 yanvarda esa Tramp ikkinchi marta AQSh prezidenti lavozimiga kirishgan.
Xaridor kompaniya Aryam kelishuvdan ikki hafta oldin tashkil etilgan. Uning haqiqiy egasi — Abu-Dabi amiri va BAA prezidenti Muhammad bin Zaydning ukasi, shayx Tahnun bin Zayd Ol Nohayon bo‘lib, u milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi hamda Abu-Dabi suveren jamg‘armasi rahbari hisoblanadi. Aryam World Finance’ning asoschilaridan bilan birga aksiyadorga aylandi. Kompaniyaning ikki nafar vakili Tramp va Uitkoffning o‘g‘illari bilan birgalikda direktorlar kengashiga kirdi.
Shayx Tramp oilasi bilan uzoq vaqtdan buyon tadbirkorlik aloqalariga ega. Abu-Dabi suveren jamg‘armasi Saudiya Arabistoni va Qatar suveren jamg‘armalari bilan bir qatorda Trampning kuyovi Jared Kushnerga tegishli Affinity Partners jamg‘armasining eng yirik investorlaridan biri hisoblanadi.
World Liberty’dagi ulush sotuvi bo‘yicha yarim milliard dollarlik kelishuv summasining yarmi darhol to‘langan. 187 million dollar Tramp oilasi bilan bog‘liq tuzilmalarga, kamida 31 million dollar esa Uitkoff oilasiga tegishli tuzilmalarga tekkan.
Bu paytda Uitkoff G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etayotgan va anchadan buyon Yaqin Sharqda edi. Muzokaralar asosan Qatarda o‘tgan. Biroq Uitkoff nafaqat muzokara ishtirokchilari (Isroil, Qatar va Misr vakillari) bilan, balki Tahnun bin Zayd bilan ham muntazam uchrashib turgan. Tramp prezident bo‘lganidan so‘ng Uitkoff rasman uning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisiga aylandi.
2025 yilning martida Tramp shayx Tahnunni Oq uyda qabul qildi. May oyida esa shayx nazorat ostidagi MGX investitsiya jamg‘armasi World Liberty chiqargan steyblkoyndan foydalanib Binance kriptovaluta birjasiga rekord darajadagi 2 milliard dollar investitsiya kiritgani ma’lum bo‘ldi. Bu vaqtda garchi pul yuvishga qarshi talablarni bajarmagani uchun AQShda Binance faoliyati taqiqlangan bo‘lsa ham ushbu birja Trampning World Finance savdo platformasini norasmiy ravishda boshqarib turgandi,.
O‘sha yilning mayida Tramp Yaqin Sharq bo‘ylab safarga chiqdi, jumladan BAAga ham bordi. Tramp u yerda amirlik kompaniyalariga data-markazlar uchun yuqori samarali chiplarni sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Chiplarni oladigan kompaniyalardan biri Tahnun bin Zaydga tegishli G42 kompaniyasi bo‘ldi (uni va Aryam’ni bir xil shaxslar boshqaradi).
Avvallari Amerika hukumati G42’ga zamonaviy chiplardan foydalanishga ruxsat bermagandi. Kompaniya Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan yaqin aloqada edi. AQSh rasmiylari Huawei amalda Xitoy Kommunistik partiyasi va armiyasi manfaatlariga xizmat qiladi, deb hisoblaydi va uni AQSh milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi. G42 2023 yil oxirida xitoylik hamkorlar bilan aloqalarni uzganini bildirgan, biroq Amerika razvedkasi unga nisbatan ehtiyotkorona yondashishda davom etgan.
The Wall Street Journal yozishicha, shayx Tahnun World Liberty’ga investitsiya kiritganidan so‘ng u AQSh prezidenti hamda Tramp kabinetidagi eng muhim shaxslar bilan misli ko‘rilmagan darajada yaqinlashish imkoniga ega bo‘lgan. Balki aynan mana shu narsa unga chiplar yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzish imkonini bergan.
Keyingi oylarda Tahnun bin Zaydning MGX jamg‘armasi AQShda TikTok’ni boshqarishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi, Tramp esa Binance asoschisi Chanpen Chjaoni afv etdi.
Tahnun bin Zaydning asosiy maqsadi — BAAni (aniqrog‘i, eng yirik amirlik bo‘lgan Abu-Dabini) jahon sun’iy intellekt markaziga aylantirish. Bu kelajakda neftdan daromad kelmay qoladigan vaqtda mamlakat farovonligini ta’minlash uchun kerak.
Shayx Tahnun Abu-Dabining qariyb 1,5 trillion dollarga teng suveren aktivlarini nazorat qiladi. U Oq uy va OpenAI (ChatGPT ishlab chiquvchisi) qo‘llab-quvvatlayotgan, qiymati 100 milliard dollarlik data-markazlar yaratish loyihasi — Stargate’ga investitsiya kiritmoqda. Bundan tashqari, Tahnun bin Zaydga tegishli tuzilmalar allaqachon OpenAI, Ilon Maskning xAI’si va Amazon qo‘llab-quvvatlayotgan Anthropic’ga sarmoya kiritgan. Manfaatlar qamrovi kengligi bo‘yicha unga bas keladigan boshqa SI-investorlar esa yo‘q.
Mavzuga oid
20:18 / 07.02.2026
«Tinchlik kengashi»ning birinchi yig‘ilishi 19 fevralda bo‘lib o‘tadi – OAV
11:19 / 07.02.2026
Tramp: Eron bilan muzokaralar yaxshi ketyapti, unga kelishuv qiziq
09:31 / 07.02.2026
Tramp Hindistonga Rossiyadan neft sotib olishdan voz kechishi evaziga boj to‘lovlarini bekor qildi
21:30 / 06.02.2026