Jahon | 15:16
3333
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: AQSh urushni yozgacha tugatishni taklif qilmoqda

Shundan keyin amerikaliklar asosiy e’tiborini boshqa masalaga – Kongressdagi saylovlarga qaratadi.

Foto: Mindaugas Kulbis/AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy matbuot anjumanida shu kunlarda Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ayrim detallarini keltirdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukraina va Rossiyaga urushni yozning boshiga qadar yakunlashni taklif qilmoqda. «Nima uchun aynan yozgacha? Amerikadagi ichki muammolar katta ta’sirga egaligi va [kongress uchun oraliq saylovlar arafasida] bu ular uchun yanada dolzarblashishini tushunamiz», – deya qayd etgan u va Vashington katta ehtimol bilan, ushbu grafikka amal qilinishi uchun Kiyev va Moskvaga bosim o‘tkazishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Zelenskiy shuningdek, Abu-Dabida tomonlar urush yakunlangan taqdirda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilinishini kuzatib borishning texnik jihatlari bo‘yicha kelishib olgani haqida gapirgan. AQSh monitoring ishlarida qatnashishga tayyorligini bildirgan, Yevropaning ishtiroki muhokama qilinmagan.

Muzokaralarda eng murakkab masala hududiy masala bo‘lib qolmoqda. Zelenskiy tomonlar Donbassda erkin iqtisodiy zona yaratish imkoniyatlarini muhokama qilayotgani, biroq hozircha bu borada kelishuvga erishishdan yiroqligini ta’kidlagan.

«Erkin iqtisodiy zonalar tuzish bo‘yicha kelishib olsak ham, bizga adolatli va ishonchli qoidalar kerak bo‘ladi. Men har ikki tomon uchun bir xil qoidalar, har ikki tomon uchun bir xil takliflar bo‘lishini nazarda tutyapman», – degan Zelenskiy va bu g‘oya hayotga tatbiq etilgan taqdirda ham, Ukraina hech qachon rasman Donbassni Rossiyaniki deb tan olmasligini qayd etgan.

Ukraina prezidenti Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lish uchun ukrain qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqishni talab qilishda davom etayotgani, Kiyev esa «qayerda to‘xtagan bo‘lsak, o‘sha yerda qolish» prinsipiga amal qilishni taklif etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uchtomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi bir haftadan keyin Mayamida bo‘lib o‘tishi mumkin: amerikaliklar shunday taklif bildirgan, Ukraina uni qo‘llab-quvvatlagan.

Reuters agentligi 7 fevral kuni, Zelenskiyning bayonotidan oldinroq, AQSh mart oyidayoq tinchlik kelishuvni tuzishni, may oyida esa Ukrainada saylovlar o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar bergandi.

Agentlik manbalari ham «hududiy masalada hamon o‘zgarish yo‘qligi»ni tasdiqlagan: Ukraina hududni harbiylardan xoli qilish hamda erkin iqtisodiy zonalar yaratish kabi «nostandart yechimlar»ni muhokama qilishga tayyor bo‘lsa ham, Kiyevdagilar Moskvaning Donbassni topshirish talabani qabul qilib bo‘lmas talab deb hisoblaydi.

Zaporijjya atom elektr stansiyasining taqdiri – yana bir hal etilmagan masala bo‘lib qolmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, Rossiya stansiyani AQSh nazoratiga berish (bunda AQSh ishlab chiqarilgan mahsulotni Rossiya va Ukraina o‘rtasida taqsimlashi nazarda tutilgandi) bo‘yicha taklifni rad etgan. O‘z navbatida, Moskva AES ustidan nazoratni saqlab qolgan holda Kiyevga arzon elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini bildirmoqda, biroq bu variant Ukrainaga ma’qul kelmayapti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid