Jahon | 18:05
2148
4 daqiqa o‘qiladi

Boy odamlarning tarixdagi «eng katta migratsiyasi» haqida xabar berildi

Xususiy kapitalning ko‘chishi rekord darajaga yetdi. Yangi mamlakatlarga butunlay ko‘chib ketadigan millionerlar soni bu yil 165 mingga yetishi mumkin. Eng boy xorijliklarni BAA qabul qilgan.

Foto: Getty images

Dunyoning eng badavlat oilalari yashash va biznes yuritish davlatlarini ommaviy ravishda o‘zgartirmoqda, ko‘chib o‘tish joylari orasida BAA yetakchilik qilmoqda, deb yozdi CNBC. Xususiy kapital harakati rekord darajaga yetdi, deyiladi maqolada.

UBS banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan 87 milliarderning 36 foizi 2025 yilda yashash mamlakatini o‘zgartirgan, yana 9 foizi ko‘chish haqida o‘ylamoqda. Bank sodir bo‘layotgan voqealarni «tarixdagi eng yirik xususiy kapital migratsiyasi» deb atadi.

Henley & Partners hisobotida aytilishicha, bu yil oilasi va biznesini olib, yangi mamlakatlarga abadiy ko‘chib o‘tadigan millionerlar soni 165 mingga yetishi mumkin. Badavlat odamlarning global migratsiyasining asosiy sababi asosan investitsiya infratuzilmasi bo‘lib, u barcha bunday ko‘chishlarning taxminan 30 foizini tashkil qiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, boy oilalar geosiyosat va qonunlarning kuchayishi tufayli yashash va fuqarolik mamlakatlarini o‘zgartira boshlagan. Buyuk Britaniyada 2025 yil aprel oyida norezidentlar uchun maxsus soliq rejimining bekor qilinishi bunga misol bo‘la oladi. Henley & Partners hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yili qirollikdan chiqib ketish 16,5 ming millionerni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 9,5 mingni tashkil etgan, ularning umumiy boyligi esa 92 milliard dollarga baholangan.

Greenback yillik so‘roviga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardan tashqarida yashovchi amerikaliklarning fuqarolikdan voz kechish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganlar ulushi bir yil ichida 30 foizdan 49 foizgacha oshgan. So‘ralganlarning yarmidan ko‘pi (51 foiz) buni Oq uy siyosatidan norozilik bilan izohlagan.

Kapital ko‘chirishning asosiy yo‘nalishi BAA bo‘ldi. 2025 yilda u yerga sof oqim 9,8 ming millionerni tashkil etdi - bu dunyodagi eng yaxshi ko‘rsatkich. Sabablar orasida daromad solig‘i, kapital solig‘i yo‘qligi va investorlar uchun «oltin viza» olishning moslashuvchan dasturi bor.

Italiya, Shveytsariya, Portugaliya, Gretsiya va Singapur millionerlar ko‘chib o‘tishining mashhur yo‘nalishlari bo‘lib, ular imtiyozli soliq rejimlari, investitsiya dasturlari va hayot sifati orqali o‘z jozibadorligini kuchaytirmoqda. Yangi yo‘nalishlar qatorida Saudiya Arabistoni ham bor, u 2024 yilda Premium Residency dasturi doirasida ko‘chib o‘tish uchun 8 mingdan ortiq ruxsatnoma bergan. Bu iste’dodli odamlar va tadbirkorlarga beriladigan maxsus yashash guvohnomasidir.

2025 yil yozida shaxsiy kapitali 1,4 mln dollardan kam bo‘lmagan britaniyalik millionerlarning yarmidan ko‘pi, agar hukumat yangi hashamat solig‘ini joriy qilsa, qirollikni tark etishi mumkinligini aytdi. Ular ko‘chib o‘tish o‘z moliyaviy ahvolini yaxshilashi mumkinligini ta’kidladi. Ehtimoliy emigratsiya uchun mamlakatlar reytingida AQSh, Kanada, Avstraliya va BAA yetakchilik qildi.

Keyinroq The Financial Times nashri badavlat fransuzlar o‘z mablag‘larini ko‘proq xorijga - Lyuksemburg va Shveytsariyaga o‘tkazayotgani haqida yozdi.

Henley Private Wealth Migration Report ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil global xususiy kapital bozori uchun burilish yili bo‘ldi - ko‘chib o‘tuvchi millionerlarning umumiy soni 142 mingni tashkil etishi kutilmoqda. Bu barcha kuzatuvlar davridagi eng katta ko‘rsatkichdir, deyiladi tadqiqotda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid