Jahon | 21:22
1088
2 daqiqa o‘qiladi

NATO «Arktika qo‘riqchisi» missiyasi boshlanganini e’lon qildi

Missiya mintaqadagi ittifoqchilarning harbiy ishtirokini, shu jumladan Grenlandiyadagi «Arktika chidamliligi» mashg‘ulotlari doirasida muvofiqlashtirishni ta’minlashga qaratilgan.

Foto: AFP

NATO Arktikada blok qo‘shinlarining mavjudligini kengaytirishga qaratilgan Arctic Sentry («Arktika qo‘riqchisi») missiyasini boshlaganini e’lon qildi, deb xabar berdi Reuters.

Missiya mintaqadagi ittifoqchilarning harbiy ishtirokini, shu jumladan Grenlandiyadagi «Arktika chidamliligi» mashg‘ulotlari doirasida muvofiqlashtirishni ta’minlashga qaratilgan.

«Arktika qo‘riqchisi» operatsiyasi alyansning o‘z a’zolari xavfsizligini ta’minlash va dunyoning strategik jihatdan eng muhim va ekologik jihatdan murakkab mintaqalaridan birida barqarorlikni saqlashga sodiqligini ta’kidlaydi», dedi AQSh harbiy-havo kuchlari generali, Yevropadagi NATO kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksus Grinkevich.

Uning qayd etishicha, bu NATOga o‘z hududlarini himoya qilish, Arktika va Uzoq Shimol xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z kuchidan foydalanish imkonini beradi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Arktika mintaqasida xavfsizlik manfaatlarini kuzatish va himoya qilish uchun «Arktika qo‘riqchisi» missiyasini tashkil etishni Germaniya taklif qilgan. Arktika yo‘nalishiga e’tibor AQSh vakillarining Grenlandiyani sotib olish mumkinligi haqidagi bayonotlari fonida kuchaydi, Yevropa davlatlari o‘z kontingentlarini orolga yo‘naltira boshladi.

Reuters xabariga ko‘ra, NATO Arktikadagi missiyasini AQSh prezidenti Donald Tramp va alyans bosh kotibi Mark Ryutte o‘rtasida Davosda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin rejalashtirgan. Daniya tarkibidagi Grenlandiya avtonom hududining kelajagini muhokama qilish Trampning AQSh uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan orolga da’volaridan keyin yuzaga kelgan keskinlikni kamaytirishga imkon berdi.

NATO vakilining Reuters nashriga aytishicha, «missiya Rossiyaning faolligi va Xitoyning Arktikaga qiziqishi ortib borayotgani munosabati bilan tiyib turish va mudofaani kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ladi».

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid