Jahon | 14:47 / 12.02.2026
2733
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilning o‘zida 400 mingga yaqin: NATO Rossiya yo‘qotishlarini ochiqladi

NATO shtab-kvartirasida (Bryussel) 11 fevral, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda alyansning yuqori lavozimli amaldori DW savoliga javoban ma’lum qilishicha, Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli bostirib kirish boshlanganidan buyon Rossiya taxminan 1,3 mln kishini yo‘qotgan, shundan taxminan 350 ming kishi halok bo‘lgan. 

Foto: Getty Images

Uning aytishicha, faqat 2025 yilning o‘zida Rossiya armiyasining halok bo‘lganlar va yaralanganlar ko‘rinishidagi yo‘qotishlari qariyb 400 ming kishini tashkil etgan.

NATOning yuqori lavozimli vakili Rossiya yo‘qotishlarida halok bo‘lganlar bilan yaradorlar nisbati g‘ayrioddiy darajada yuqoriligini qayd etib, o‘lganlar ulushi mutanosib emas darajada katta ekanini aytdi. U buni bir qator omillar uyg‘unligi bilan izohladi: dronlar ustun bo‘lgan sharoitda jang olib borilishi, frontda tibbiy ta’minot darajasining pastligi va ko‘p inson resursini talab qiladigan jang taktikalari.

Amaldor Ukraina armiyasining mos yo‘qotish raqamlarini oshkor qilmadi, ammo “hozirga qadar bu mojaroda jami 2,2 mlndan ortiq halok bo‘lgan va yaralangan bor”, dedi.

“Demak, agar hozir jang maydonidagi umumiy harbiylar soniga qaralsa, Rossiyada ular taxminan 700 ming, Ukrainada esa 400 ming. Ko‘rib turganingizdek, yettiga to‘rt — albatta, eng yaxshi nisbat emas, ammo yirik hujum uchun zarur bo‘ladigan an’anaviy ‘uchga bir’ nisbatidan ham ancha uzoq”, — dedi Shimoliy Atlantika alyansi vakili.

“Biz hammamiz bilamizki, Ukraina shaxsiy tarkibni jalb qilish va saqlab qolishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelyapti, — deya qo‘shimcha qildi u. — Rossiya esa frontga yuborish mumkin bo‘lgan ko‘proq odam resurslariga hali ham ega”.

Boshqa bir yuqori lavozimli amaldorning aytishicha, Rossiyaga Baxmutdan Pokrovsk tomon 50 kilometrdan kam masofani bosib o‘tish uchun 20 oydan ortiq vaqt kerak bo‘lgan. Bu — kuniga 100 metrdan kam degani va bu yo‘lda uning yo‘qotishlari 300 ming kishini tashkil etgan.

NATO vakili kamida bir yarim yil davomida Donetsk viloyatida front chizig‘ining qulashi kutilmayotganini bildirdi. “Shu bilan birga, men rossiyaliklar 18 oydan keyin bu hududlarni egallaydi, demayapman. Faqat sharoitlar uzoqroq kelajak uchun prognoz berishga imkon bermayapti”, — deb aniqlik kiritdi u.

12 fevral kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari yig‘ini, shuningdek NATO–Ukraina kengashi uchrashuvi va “Ramshtayn” formatida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid