G‘arb Arktika mintaqasida Rossiyadan kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tahdiddan o‘zini himoya qilish uchun ishtirokini kengaytirmoqchi va shu maqsadda “Arktik qo‘riqchi” (Arctic Sentry) nomli missiyani boshlamoqda. Bu haqda 11 fevral, chorshanba kuni NATOning Yevropadagi Qo‘shma qurolli kuchlari shtabi xabar berdi. “Bu NATO kuchlarini mustahkamlaydi — hududimizni himoya qilish va Arktika hamda Qutbga yaqin Shimolda xavfsizlik saqlanishini kafolatlash uchun”, — dedi Yevropadagi NATO Qo‘shma qurolli kuchlariga rahbarlik qilayotgan AQSh HHK general-leytenanti Aleksus Grinkevich.
DW muxbiri xabar berishicha, Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryuttening matbuot anjumanining bir qismi ham aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Uning aytishicha, Rossiya harbiy faolligi kuchayib, Xitoyning Qutbga yaqin Shimolga qiziqishi ortib borayotgan sharoitda alyans ko‘proq ish qilishi juda muhim.
“Shuning uchun atigi ikki soat oldin biz Arctic Sentry’ni ishga tushirdik. Arctic Sentry Shimoliy Atlantika ittifoqining qudratidan foydalanadi — NATO va ittifoqchilarning Qutbga yaqin Shimoldagi faoliyatini mintaqa bo‘yicha yagona, keng qamrovli operativ yondashuv doirasida birlashtiradi, — dedi NATO rahbari. — Avvaliga bu ‘Daniyaning Arktik chidamliligi’ va ‘Norvegiyaning Sovuq javobi’ kabi qo‘shma mashg‘ulotlar bo‘ladi — bu tadbirlarda o‘n minglab harbiy xizmatchilar va Arktika sharoitida muvaffaqiyatli ishlash uchun zarur bo‘lgan uskunalar qatnashadi”.
“Shu tariqa, biz Arktika xavfsizligini — aslida butun Shimoliy Atlantika alyansi xavfsizligini birgalikda ta’minlashga sodiqligimizni namoyish etamiz. Biz NATO doirasida shu va boshqa sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettiryapmiz. Biz nafaqat mintaqadagi pozitsiyamizni mustahkamlaymiz, balki Arktikadagi ehtimoliy chaqiriqlar haqida yanada yaxlit manzara yaratamiz — har qanday bo‘shliqlarni tez va samarali tarzda to‘ldirish uchun”, — dedi Mark Ryutte.
NATO amaldorlari fikricha, Shimoliy Atlantika alyansi endi Arktikani e’tiborsiz qoldirishga yoki uning xavfsizligini ta’minlashni faqat mintaqaviy hamkorlarga yuklab qo‘yishga qodir emas, deyiladi maqolada. Chunki muzliklar erishi yangi suv yo‘llarini ochib berdi — ular “Moskvaga NATOning sabrini sinash” imkonini bermoqda, deb yozadi The New York Times.
NYT ekspertlarga tayanib yozishicha, “Arktik qo‘riqchi” missiyasi doirasida “qutbiy qalpoq” deb ataladigan hududda — ya’ni Shimoliy qutb doirasidagi Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiyaning ayrim qismlarini o‘z ichiga olgan mintaqada NATO harbiy xizmatchilari soni ko‘paytiriladi.










