Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyaning Markaziy Osiyoga bosimi, Xitoy kemasini musodara qilgan Yaponiya va Ukrainaga $35 mlrd yordam – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Markaziy Osiyoga Ukrainani tanlash aytildi
Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etishda Yevropa Ittifoqini qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Ukraina tomonini tanlashi kerak. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxan Vadeful Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston TIV rahbarlari bilan uchrashuv oldidan bayonot berdi.
Vadefulning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «harbiy mashinasini» tiyib turish maqsadida keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etgan. Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlari «Rossiyaga Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishga imkon bermoqda».
«Bugun aniq aytmoqchiman: bu sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinishlar Rossiyaning bosqinchilik urushini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa Yevropa Ittifoqi xavfsizlik manfaatlariga bevosita tahdid soladi», - dedi Vadeful.
Yaqinda Rossiya bosqinining 4 yilligi munosabati bilan unga qarshi Yevropa Ittifoqi 20-sanksiyalar paketini qabul qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 2027 yildan Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini yetkazib berishga to‘liq taqiq qo‘ygan. 2027 yil oxiriga borib esa Rossiya neftini bosqichma-bosqich import qilish to‘xtatilishi rejalashtirilmoqda.
Bangladeshda Milliy partiya hokimiyatga keldi
Juma kuni Bangladeshda yakunlangan umumiy saylovlarda Milliy Partiya hal qiluvchi ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritdi.
Mamlakatda ilk haqiqiy raqobatli saylov sifatida baholangan ovoz berishning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra BNP va uning ittifoqchilari 299 o‘rindan kamida 212 tasini qo‘lga kiritgan. Muxolifatdagi «Jamaat-Islami» va uning ittifoqchilari esa parlamentda 70 o‘rinni qo‘lga kiritdi.
«Garchi katta farq bilan g‘alaba qozongan bo‘lsak-da, hech qanday tantanali yurish yoki miting tashkil etilmaydi», - deyiladi partiya bayonotida. Partiya yetakchisi Tariq Rahmonning bosh vazir sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda.
Rasmiylar ma’lum qilishicha, qog‘oz byulletenlarni qo‘lda sanash payshanba kuni uchastkalar yopilgach boshlangan va juma kuni kamida peshingacha davom etadi.
Uning asosiy raqibi bo‘lgan islomiy partiya yetakchisi mag‘lubiyatni tan oldi. Ular shunchaki «muxolifat siyosati» bilan shug‘ullanmasligini, balki ijobiy siyosat yuritishini ma’lum qildi.
Mahalliy OAVlarga ko‘ra, saylov bilan bir vaqtda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ovoz berishda 2 milliondan ortiq saylovchi «ha», 850 mingdan ortig‘i esa «yo‘q» degan. Biroq yakuniy natija bo‘yicha hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi.
Shveytsariya aholi sonini cheklamoqchi
Shveytsariya hukumati mamlakat aholisi sonini 10 million bilan cheklash masalasini hal etish uchun referendum o‘tkazadi. Bu o‘ng qanot Shveytsariya Xalq partiyasi ilgari surgan reja bo‘lib, immigratsiyani cheklashni nazarda tutadi. Tashabbus tarafdorlari umumxalq ovoziga qo‘yish uchun yetarli miqdorda imzo to‘plagan. Ovoz berish 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil uchinchi choragi oxiriga kelib Shveytsariya aholisi 9,1 million kishini tashkil etgan.
So‘nggi yillarda aholining qariyb 30 foizini xorijda tug‘ilganlar tashkil etmoqda. Ularning aksariyati Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelgan va ayrimlari Shveytsariya fuqaroligini olgan.
Taklifga ko‘ra, Shveytsariyaning doimiy rezident aholisi, ya’ni ham Shveytsariya fuqarolari, ham yashash ruxsatnomasiga ega chet elliklar — 2050 yilgacha 10 milliondan oshmasligi qonun bilan mustahkamlanadi.
Agar aholining soni undan oldin 9,5 millionga yetib qolsa, hukumat uni cheklash uchun choralar ko‘radi. Bunga boshpana berish siyosati, oila birlashuvi, yashash ruxsatnomalari berilishi hamda xalqaro kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish kirishi mumkin.
Tashabbus tarafdorlariga ko‘ra, bu g‘oya atrof-muhit, tabiiy resurslar, infratuzilmani — aholining o‘sishi natijasida yuzaga keladigan bosimdan asraydi.
Lekin Shveytsariya ko‘pincha shifoxonalar, mehmonxonalar, qurilish maydonchalari va universitetlarda xorijiy ishchi kuchiga tayanadi. Migratsiya va odamlarning erkin harakatlanishiga qo‘yiladigan har qanday cheklovlar mavjud xalqaro majburiyatlarni buzadi.
O‘ng qanot partiyasi Alpning boy mamlakatida oldindan migratsiyani cheklashga urinib kelgan. Lekin oldingi referendumlarda ko‘pchilik saylovchilar bunday takliflarni rad etgan.
Ukrainaga 35 milliard dollar yordam
Grenlandiya inqirozidan so‘ng NATO ittifoqchilari Ukrainani yana kun tartibi markaziga qaytardi.
Bryusseldagi ikki kunlik uchrashuvlarda Yevropa va NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari asosan Kiyevning jang maydonidagi ehtiyojlari va kelajakdagi xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Amerika qurollarini xarid qilish mexanizmi doirasida Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shvetsiya kabi ittifoqchilar Ukraina uchun havo mudofaasi tizimlari sotib olishga yuzlab million yevro ajratishini e’lon qildi.
Ittifoqchilar 2026 yilda Ukrainaga 35 milliard dollar harbiy yordam ajratish majburiyatini e’lon qildi. Bu raqamni Buyuk Britaniya va Germaniya mudofaa vazirlari tilga oldi, Ukraina tomoni ham tasdiqladi.
Yig‘ilishda Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Mixail Fedorov ham ilk marta rasmiy chiqish qildi. U Ukrainani faqat yordam oluvchi yoki himoya qiluvchi sifatida emas, balki NATOga tayyor sinalgan innovatsiyalar olib keluvchi manba sifatida ham tilga oldi.
Yaponiya Xitoy baliqchilik kemasini musodara qildi
Yaponiya to‘xtash buyrug‘iga bo‘ysunmay qochishga uringan Xitoy baliq ovlash kemasini musodara qildi. Bu hodisa Pekin bilan taranglikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Mamlakat baliqchilik agentligi xabariga ko‘ra, kema payshanba kuni Nagasaki prefekturasi yaqinida, Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasida to‘xtatilgan va uning kapitani hibsga olingan.
«Baliqchilik inspektori kema kapitaniga tekshiruv uchun to‘xtashni buyurdi, biroq kema bu talabni bajarmadi va qochib ketdi», - deyiladi bayonotda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bortda 11 kishi bo‘lgan, jumladan, 47 yoshli Xitoy fuqarosi bo‘lgan kapitan ham bor. Musodara qilingan kema yuqori quvvatga ega «to‘r bilan ov qiluvchi kema» sifatida tasvirlanmoqda.
Bu 2022 yildan buyon agentlik tomonidan Xitoy baliqchi kemasi musodara qilinayotgan ilk holatdir. Xitoy hozircha Yaponiya bayonotiga munosabat bildirmagan.
Payshanba kungi hodisa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytda yuz berdi. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi noyabrda Pekin Tayvanni kuch bilan egallashga urinsa, harbiy aralashuvga tayyor bo‘lishini aytib, Xitoyni g‘azablantirgan edi.
Xitoy esa Tayvan bilan «qayta birlashuv» deb ataydigan maqsadga erishish uchun kuch ishlatishni istisno qilmaydi.
2025 yil oxirida diplomatik ziddiyat kuchaygach, Pekin Takaichidan bayonotlarini qaytarib olishni talab qilgan va Yaponiya «olov bilan o‘ynashmasligi» kerakligini aytgandi.
Suriya prezidentiga 5 ta suiqasd
O‘tgan yili Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’aga beshta suiqasdga urinishning oldi olindi. Bu haqda BMT bosh kotibining IShID tahdidi haqidagi 22 hisobotida gap boradi. Hujjat BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Hisobotda qayd etilishicha, Ash-Shar’a asosiy nishon sifatida ko‘rilgan. Shuningdek, Suriya ichki ishlar vaziri Anas Hattob va tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni ham ustuvor maqsadlar qatoriga kiritilgan.
Prezidentga qarshi ikki suiqasd rejasi Halab va Dara shaharlarida amalga oshirilgan. Ularni IShID tuzilmasi sifatida faoliyat yuritayotgan guruh uyushtirgan.
Rasmiylarga ko‘ra, IShIDning taxminan 3 ming nafar jangarisi faol bo‘lib qolmoqda, ularning aksariyati Suriyada joylashgan. Hujumlar asosan xavfsizlik kuchlariga, Suriya va AQSh birgalikda boshchilik qilayotgan koalitsiya kuchlariga qarshi sodir etilgan.
Asad rejimi qulaganidan so‘ng, hokimiyatga kelgan Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi hukumat Turkiya va AQSh bilan ittifoqchilikni tanlagan. Xususan, Suriya o‘tgan yil noyabr oyida rasman IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilgandi.
Mavzuga oid
15:16 / 12.02.2026
Rafahda navbat kutayotgan bemorlar, Bangladeshda muhim saylov va Tramp–Netanyahu uchrashuvi – kun dayjesti
14:50 / 11.02.2026
Do‘stini ishdan olgan Japarov, Eronga bosimni oshirayotgan Tramp va Kanada maktabidagi otishma – kun dayjesti
15:18 / 10.02.2026
Rossiya tankerini qo‘lga olgan AQSh, Kubada yoqilg‘i tanqisligi va Armanistonga kelgan Vens – kun dayjesti
16:57 / 09.02.2026