Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent ko‘chalariga panjaralar qaytyapti. Ular xavfli bo‘lgani uchun olib tashlangandi
Toshkent yo‘llarida piyoda va haydovchilarga xavf tug‘dirgani uchun 7 yil avval voz kechilgan to‘siqlar yana qaytarilmoqda, xarajati esa soliq to‘lovchilar gardaniga tushyapti. Shaharsozlarga ko‘ra, ko‘cha o‘rtasiga panjara o‘rnatish – ko‘rishni yomonlashtiradi, haydovchilarni tezroq haydashga rag‘batlantiradi, natijada yo‘llarda o‘limlar ko‘payadi. Buni bir necha yil avval tan olgan rasmiylar, endi sukut saqlamoqda.
Toshkent shahrida yo‘llar o‘rtasidagi beton to‘siqlar va temir panjaralarning aksariyati 2018 yilda olib tashlangan edi. O‘shanda YHXB ham, hokimlik ham bu to‘siqlar piyodalar va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirayotganini tan olgan edi.
Ammo oradan 7 yil o‘tgach, negadir panjaralar qaytariladigan bo‘ldi. Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov 2025 yil may va iyul oylarida imzolagan qarorlar bilan ko‘chalar o‘rtasini panjara bilan to‘sishga 8,4 mlrd so‘m ajratgan edi. O‘shanda shaharning ayrim ko‘chalari o‘rtasida mayda katakli, yashil rangli panjaralar paydo bo‘lgan edi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, 2025 yil 3 dekabr kuni bu borada tender o‘tkazilgan va unda 6 mlrd so‘mlik taklif bilan “Qarshi Stroy Sentr” MChJ g‘olib deb topilgan.
Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi yangi panjara o‘rnatilganidan keyin bir hafta o‘tib olib tashlandi. Gazeta'ning yozishicha, bunga panjaraning pastligi sabab bo‘lgan. Tez orada bu yerga boshqatdan, bu safar balandroq panjara o‘rnatilishi kutilyapti.
Rasmiylar yuqorida aytilgan barcha harakatlar zamirida Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadi turganini aytadi. Ammo Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan faollar yana bir bor shahar ko‘chalari uchun panjaralar noto‘g‘ri yechim ekanini aytdi.
“Buning ortidan haydovchilar yana tez haydashga urinadi”
Urbanist Iskandar Soliyevga ko‘ra, ayni masala mutaxassislarning doimiy tanqidiy mavzusi bo‘lib kelgan. Soliyev rasmiylarni inson tabiatini inkor qilmasdan, uni tushunishga chaqiradi. Aholi zij joylashgan, hamma qayergadir shoshadigan shahar muhitida odamlar ko‘chani oson va tez kesib o‘tish yo‘llarini izlashi tabiiy, deydi u.
“Masalan, bozorlar yonida yoki shaharlarning ko‘p joylarida ko‘rganmiz: yo‘l o‘rtasiga panjara qo‘yilgan bo‘lsa, qaysidir qovurg‘alarini sindirishadi-da, o‘shaning orasidan kesib o‘tishaveradi. Ya’ni piyodaning yo‘lini qisqartirib, yo‘lini to‘sib qo‘yish, boshqa yo‘llardan o‘tkazishga urinish – shahar ichida yaxshi emas. Bu tendensiya o‘tgan yili Toshkentda boshlanganidan keyin, asosan halqa, kichik halqa yo‘lida qilingan edi. Aynan svetofor yonidagi qismlarda, ya’ni svetofor yonidagi 50 yoki 100 metrgacha bo‘lgan masofada, odamlar yo‘lni kesmasdan 50 metr joyda “zebra”dan kesib o‘tishi uchun qilingandi va bu boshqa shaharlarda ham qilina boshlandi. Andijonda eng birinchilardan butun shahar yo‘llarini o‘rtasidan setkalab chiqishdi va shaharni umuman izolyatsiyaga tushirib qo‘ydi.
Panjara qilinsa, haydovchida qanaqadir illyuziya paydo bo‘lishi mumkin, ya’ni hozir yo‘limdan hech kim chiqmaydi, ozgina tezligini oshirsam bo‘ladi. “Gonochnyy trek” (poyga yo‘li) bo‘ladi-ku, sizning ikki tomoningizda panjara bor, hech kim chiqmaydi degan ishonch bo‘ladi. Buning ortidan haydovchilar yana tez haydashga urinadi. Bunaqa narsa bo‘ladi, albatta. Maqsad qo‘yib, bu maqsadga erishishning har xil yo‘llari bor-da. Lekin bu – eng samarasiz, yomon yechimlardan biri”, – deydi Soliyev.
“Panjarani qaysi standart asosida qo‘yishyapti?”
Germaniyada faoliyat yuritayotgan shaharsoz Husan Muqimov 2015-2016 yillarda Toshkent davlat arxitektura institutida dars bergani, aynan shu yillarda to‘siq, panjaralar o‘rnatish nafaqat poytaxt, balki boshqa shahar va viloyatlarda ham avj olganini esladi.
“O‘shanda talabalarga ham aytganman: bu narsa shahar sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi. Shahar arxitekturaviy qiyofasini buzadi. Umumiy shaharsozlik prinsiplari yoki umumiy shaharning urbanistika jihatdan rivojlanish qiyofalariga to‘g‘ri kelmaydi. Normativ hujjatlarimizda ham to‘siq qo‘yishni ko‘rmaganman. Bo‘lgan taqdirda ham, shahar tashqarisida – harakat tezligi yuqori bo‘lgan joylarda qo‘yilishi lozim.
Shahar ichida panjara tramvay yo‘lida bo‘lishi mumkin; unda ham baland bo‘lmaydi, juda past bo‘ladi. Yoki hozir o‘sha BRT (Shota Rustaveli ko‘chasida yo‘l o‘rtasidan avtobuslar uchun qilingan yo‘lak) atrofida panjara qo‘ygan bo‘lsa, uni ham tushunaman. Lekin tramvay o‘tmasa, tezyurar o‘sha avtobuslar o‘tmasa, panjara qo‘yishdan maqsad nima?” – deydi Muqimov.
Mutaxassis yo‘llardagi to‘siq va panjaralarning xilma-xilligi, yagona standart yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
“Hozir qo‘yilayotgan panjara qaysi normativ asosida, qaysi davlat standarti bo‘yicha loyihalangan va qaysi standart bo‘yicha buni qo‘yishyapti? Qani o‘sha tahlil qilingan, “biz mana bu ilmiy tekshirish institutiga berdik, ular hisoblab chiqishdi, odamning bo‘yi mana muncha ekan, avtomobil yurayotgan paytda ko‘rinadigan qismi mana muncha balandlikda ekan, shuni hisobga olgan holda biz mana bunaqa ilmiy tekshirish institutida mana shu parametrlar, o‘lchamlar asosida ishlab chiqdik”, degan narsa yo‘q-da.
U panjarani kim chizib bergan? Qanaqa tartib asosida panjara chizilgan? Bu ham bir masala. Shuning uchun biz normativ hujjatlarimizdan ham chiqib ketyapmiz”, deydi u.
“Bu – soliq to‘lovchining pulini sovurish”
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida mutaxassis Nosirjon Zokirov masalaning budjet bilan bog‘liq jihatiga urg‘u berdi.
“Nimaga oldin o‘rnatilgan narsa olib tashlanib, yana qaytarilyapti? Bunday o‘ylab ko‘rganda, bu – soliq to‘lovchining pulini sovurish-da. Chunki bir vaqtlar o‘rnatilgan, undan qandaydir samara bo‘lgandir, balki salbiy tomonlari ham bo‘lgandir. Shu panjaralarni o‘rnatish natijasida piyodalar bilan bog‘liq YTH o‘limi kamaygandir. Lekin afsuski, 2024 va 2025 yillarni taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘lim holati bor-yo‘g‘i 11 nafar odamga kamayibdi. Bu katta ko‘rsatkich emas. Juda ham kam”, – deydi u.
Nosirjon Zokirov mas’ullarning yo‘l harakati xavfsizligi masalalarida ekspertlar bilan maslahatlashmayotgani, bu esa jiddiy muammolarni keltirib chiqarishini qo‘shimcha qildi.
Nima qilish kerak?
Iskandar Soliyev yo‘l o‘rtasidan tushadigan panjaralarga alternativ yechimlar allaqachon ishlab chiqilganini, bunday tajribalar samara berishini ta’kidladi.
“Kimga aytmang, jamoat transportiga o‘tkazamiz desa, avval infratuzilmani yaratib qo‘y, deydi. Ya’ni jamoat transporti ham hozir zo‘r harakat qilolmaydi. Masalan, avtobusni oladigan bo‘lsak, shaharda hozir Shota Rustavelidan boshqa joyda zo‘r bo‘lib harakatlanishini ko‘ra olmaymiz. Chunki baribir ko‘p haydovchilar A “polosa”ga kirib ketadi, hatto mashinasini qoldirib ketadi. Nazorat bo‘lsa, bu sekin-sekin o‘rniga tushib ketadi, madaniyat ham shakllanadi.
“Polosa”ni toraytirish, tezlikni pasaytirish ham kerak. “Polosa” toraytirilgan sari odam haydaganda, xohlaysizmi-yo‘qmi, qatordan chiqib ketmaslik uchun sekinroq harakatlanasiz. Buning ortidan bo‘sh joy ajraladi, ya’ni ko‘chaning qismidan foydali boshqa funksiyalarga joy ajrata olamiz. Masalan, o‘rtada yashil orolcha bo‘lsin. Oldin Toshkent ko‘chalarida xaritaga qarasangiz, shunday bo‘lgan. 2004 yildagi xaritaga qarasangiz ham ko‘rasiz: ko‘p ko‘chalarning o‘rtasida yashil orollar bo‘lgan, bufer zonalari bo‘lgan”, – deydi Soliyev.
Mutaxassis rasmiylardan statistik ma’lumotlarni to‘laqonli ochiqlashni ham so‘ramoqda. Bu bilan keng jamoatchilik va mutaxassislarda muammoning ildiziga tezroq yetib borish, har bir hudud uchun alohida yechimlar taklif qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
“Transport strategiyasi ishlab chiqilishi kerak”
Husan Muqimovga ko‘ra, Toshkent shahriga professional transport strategiyasi kerak. Uni ishlab chiqishda urbanistlar, arxitektorlar, shaharsozlar va boshqa mutaxassislar ishtirok etishi lozim.
“Zo‘r, dunyo darajasidagi, O‘zbekistonning eng yaxshi mutaxassislari bilan birga ishlab, zo‘r transport strategiyasini ishlab chiqib, o‘sha transport strategiyasi bo‘yicha shahar transport infratuzilmasi, piyodalar uchun sharoit qilishimiz kerak. Ona yosh bolasi bilan, “kolyaska”da, qariya odam bemalol qo‘rqmasdan harakatlanishi, imkoniyati cheklangan odamlarning ko‘chaga chiqishiga imkon yaratish kerak, mana shunaqa narsalarni biz strategiyada o‘ylab chiqishimiz kerak.
Faqat veloyo‘lak, sharoit yaratish bilan urbanistika bo‘lib qolmaydi. Biz qaysi ko‘chaning qatnov qismini kamaytirish, qaysi ko‘chani yopish yoki qayerda yangi ko‘cha ochish mumkinligini umumiy shaharni analiz qilib, strategiyasini ishlab chiqqanimizda ko‘ra olasiz. To‘g‘ri kelgan ko‘chani, yo‘lni yopib, mana bu ko‘chani gastronomik ko‘cha qilamiz deyishga ham, masalan, qarshiman. Ya’ni sizda umumiy analiz bo‘lishi kerak”, – deydi Husanov.
Nosirjon Zokirov esa maktab ta’limida bolalarga xavfsizlik qoidalarini chuqurroq o‘rgatish lozimligini aytdi.
“Birinchidan, dastur bo‘lishi kerak. Dastur bo‘lmasa, YHX xodimi maktabga borib shundoq bir-ikkita yo‘l harakatini tartibga soluvchining ishoralarini o‘tgan bilan, bola o‘rganib qolmaydi. Uni chuqurroq o‘rgatish kerak. Agar o‘rgatmasak, poydevor yaratmasak, keyin qiyin bo‘laveradi”, – deydi u.
Kun.uz qator savollarga javob olish uchun Toshkent shahar hokimligi va shahar YHXBB matbuot xizmati bilan bog‘landi, ammo rasmiylardan javob bo‘lmadi.
Mavzuga oid
08:33
OAV: YTHdan keyin Adam Qodirovning talog‘i olib tashlangan
15:29 / 12.02.2026
Abdulla Qodiriy ko‘chasida YTH: Mercedes to‘siqqa urildi
10:38 / 12.02.2026
Toshkentdagi “Dna motors” avtosaloni mansabdorlari qamoqqa olindi
23:28 / 11.02.2026