Jahon | 09:22
888
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Rubio Ukraina bo‘yicha yevropaliklar bilan uchrashuvni bekor qildi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio so‘nggi lahzada Germaniya, Fransiya, Polsha siyosiy yetakchilari, shuningdek Yevrokomissiya rahbariyati bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi. Bunga sabab sifatida u jadvalining juda zichligini keltirgan. Bu haqda Financial Times gazetasi xabar berdi.

Foto: Alex Brandon/AP Photo/picture alliance

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasi bo‘yicha yevropalik yetakchilar bilan bo‘lishi kerak bo‘lgan uchrashuvni so‘nggi daqiqada bekor qildi, deb xabar qildi Financial Times gazetasi juma kuni, 13 fevralda manbalarga tayanib. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Rubio Myunxenda o‘tayotgan xalqaro Xavfsizlik konferensiyasi doirasida Germaniya, Fransiya, Polsha va Yevrokomissiya rahbariyati vakillari ishtirok etadigan muzokaralarda qatnashishi kerak edi.

Nomi oshkor etilmagan amerikalik amaldor Rubioning uchrashuvga kelmasligini “Myunxenda aynan shu vaqtga rejalashtirilgan uchrashuvlar soni ko‘pligi” bilan izohlagan. Nashr suhbatdoshlaridan biri bo‘lgan yevropalik amaldor esa uchrashuvning bekor qilinishiga “telbalik” deb baho bergan. FT yozishicha, yevropaliklar fikriga ko‘ra, Rubioning bu qarori Vashingtonning YeIning Rossiya–Ukraina urushiga chek qo‘yish bo‘yicha sa’y-harakatlariga qiziqishi “susaygani”dan dalolat berishi mumkin.

Nashrning yevropalik suhbatdoshlaridan biri uchrashuvdan keyin shunday degan: AQSh Davlat departamenti rahbarining ishtiroki bo‘lmagach, yevropaliklarning muzokaralari “mazmundan mahrum” bo‘lgan. Shu bilan birga, Marko Rubio Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan alohida uchrashuv o‘tkazgani ham xabar qilinadi. Mersning so‘zlariga ko‘ra, muhokamaning markaziy mavzulari Ukraina va uning Rossiya bilan tinchlik muzokaralarining holati bo‘lgan. Bundan tashqari, Financial Times yozishicha, Rubio Germaniyaning NATOni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.

AQSh davlat kotibining Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqi 14 fevralga rejalashtirilgan. Shuningdek, shu kuni Marko Rubio Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashishi kutilmoqda, biroq Rubioning o‘zi bu uchrashuv bo‘lishiga “100 foiz ishonchim komil emas”, deb aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid