Jahon | 11:41
702
3 daqiqa o‘qiladi

Mers, Starmer va Ryutte Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi

Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukrainadagi urush bo‘yicha “Berlin formati” deb ataluvchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Volodimir Zelenskiy Germaniya, Buyuk Britaniya va NATO rahbarlari bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi.

Foto: Michaela Stache/AFP

Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya boshlagan urush sharoitidagi joriy vaziyatni muhokama qilish uchun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar juma kuni, 13 fevralda Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) doirasida “Berlin formati” deb ataluvchi formatda bo‘lib o‘tgan.

Bu format YeIga a’zo bir qator davlatlar, Yevropa hamjamiyati yetakchilari va NATOni birlashtirishini AFP agentligi eslatdi. Bundan oldin Mers Zelenskiy bilan alohida, ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazgan edi.

Avvalroq Bavariyada Ukraina yetakchisi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan birga Germaniya va Ukraina o‘rtasida dronlarni qo‘shma ishlab chiqarishni boshlashga start bergan.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, kelasi hafta Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi raundi rejalashtirilgan. U 17–18 fevral kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tishi kerak. Ukraina prezidenti ma’muriyati vakili bu ma’lumotni tasdiqladi. AQSh vositachiligida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan avvalgi ikki raund muzokaralar jiddiy burilish bermagan.

MSC’dagi chiqishida Mers Rossiya bilan muloqot ehtimoliy tiklanishi haqida ehtiyotkorona fikr bildirgan. “Agar gaplashishdan ma’no bo‘lsa, biz muzokaralarga tayyormiz”, — dedi Germaniya kansleri. Biroq u Rossiya hozircha “jiddiy muhokamalar”ga tayyorligini namoyon etmayapti, deb hisoblaydi.

Xabardor doiralar ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘tgan hafta muloqotni qayta tiklashga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘zining diplomatik maslahatchisini Moskvaga yuborgan, deb yozadi AFP. Makronning fikricha, ma’lum bir paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqalarni qayta tiklash “ma’noga ega”.

62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi Bavariya poytaxtida 13–15 fevral kunlari o‘tmoqda. Konferensiyada 60 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek taxminan 100 ta mamlakatning mudofaa vazirlari ishtirok etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid