Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina, Rossiya va AQSh muzokaralarining yangi raundi Jyenevada o‘tadi
Ukraina prezidenti ofisi Rossiya–Ukraina urushiga yakun yasash bo‘yicha Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalari 17–18 fevral kunlari Jyenevada uchrashishini tasdiqladi. Avvalroq Jyenevada yangi muzokaralar bo‘lishi haqida Kreml e’lon qilgan edi.
Ukraina prezidenti ofisida Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalarining Rossiya boshlagan urushni yakunlash bo‘yicha yangi muzokaralar raundi 17–18 fevral kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tishi tasdiqlandi. Bu haqda juma kuni, 13 fevralda Ukraina OAV Volodimir Zelenskiyning kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Litvinga tayanib xabar qildi. Uning aytishicha, Ukraina delegatsiyasi bo‘lajak uch tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Avvalroq Jyenevadagi muzokaralar haqida Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan edi. U, shuningdek, Rossiya delegatsiyasiga RF prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qilishini qo‘shimcha qilgan.
Politico ma’lumotiga ko‘ra, AQSh tomoni yangi muzokaralar raundida muayyan ilgarilash bo‘lishiga umid qilmoqda. Biroq asosiy to‘siq hali ham hududlar masalasi bo‘lib qolmoqda: Rossiya butun Donbassni nazorat qilish da’vosini ilgari surmoqda, jumladan RF qo‘shinlari egallay olmagan yerlar ham shunga kiradi. Nashrga ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yuqori martabali amerikalik amaldor shunday degan: “Ikki tomon ham o‘z pozitsiyalarida ancha qattiq turib olgan, lekin, menimcha, hamma oldinga yo‘l borligini his qilyapti”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga shundan darak bergan: Moskva va Kiyev urushni tugatish bo‘yicha umumiy kelishuvga kelmaguncha, AQSh xavfsizlik kafolatlari haqidagi kelishuvni imzolamaydi. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda AQSh urushni yoz boshlanishidan oldin yakunlashga umid qilayotganini aytgan, chunki iyun oyidan keyin AQSh uchun boshqa ustuvor masala — Kongress saylovlari — paydo bo‘ladi.
Bloomberg agentligi ham yangi raund doirasida tomonlar “murakkab hudud masalasi”ga e’tibor qaratishi va AQShning Donbassda bufer sifatida “erkin iqtisodiy zona” tashkil etish taklifini muhokama qilishi mumkinligini taxmin qilgan. Ukraina prezidentining aytishicha, urushdagi har ikki tomon ham bu amerikaliklar g‘oyasini shubha bilan qabul qilmoqda. “Bu borada qarashlarimiz turlicha. Va quyidagiga kelishdik: kelasi uchrashuvga bu qanday ko‘rinish olishi mumkinligi haqida o‘z tasavvurimiz bilan qaytaylik”, — dedi Zelenskiy Bloomberg agentligiga.
Ukraina, Rossiya va AQSh Abu-Dabida yopiq tarzda ikki raund muzokara o‘tkazgan. Birinchisi 23–24 yanvar, ikkinchisi 4–5 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan. 5 fevral kuni Kiyev va Moskva navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishib olgan. Tomonlar “ilgarilash bor” degan bayonotlar berganiga qaramay, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish yo‘lida yana bir bor jiddiy burilishga erishilmagan.
Mavzuga oid
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
22:34 / 12.06.2026
Tulsi Gabbard AQSh biolaboratoriyalari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi
20:26 / 12.06.2026
Trampning shov-shuvli smartfoni Xitoy telefonining to‘liq nusxasi bo‘lib chiqdi
20:03 / 12.06.2026