Jahon | 20:39
1813
2 daqiqa o‘qiladi

Epshteyn fayllarida tilga olingan 300 nafar siyosatchi va mashhurlar ismi oshkor qilindi

Ular orasida prezident Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama, Microsoft asoschisi Bill Geyts, aktyor Robert De Niro, sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi Hillari Klinton bor. Ta’kidlanishicha, ushbu shaxslar ismi-sharifining fayllarda tilga olinishi hech qanday noqonuniy harakatlarni yoki hatto Epshteyn bilan bevosita aloqani nazarda tutmaydi.

Foto: AP

AQSh bosh prokurori Pem Bondi moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq hujjuatlarda tilga olingan 300 nafar siyosatchi va taniqli arboblar ro‘yxatini e’lon qildi, deb xabar berdi The New York Post.

300 kishi orasida prezident Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama, Microsoft asoschisi Bill Geyts, aktyor Bill Kosbi, aktyor Robert De Niro, sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi Hillari Klinton bor.

Shuningdek, hujjatlarda Britaniya shahzodasi Garri, rejissyor Vudi Allen, sobiq vitse-prezident Kamala Harris, Meta asoschisi Mark Tsukerberg, xonanda Bryus Springstin, tadbirkor Ilon Mask, Rim papasi Ioann Pavel II, siyosatchi Nensi Pelosi, Vakillar palatasidagi ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffris, ashulachi Bono, xonanda Beyonse va boshqalar bor.

Ushbu shaxslar ismi-sharifining fayllarda tilga olinishi hech qanday noqonuniy harakatlarni yoki hatto Epshteyn bilan bevosita aloqani nazarda tutmaydi, deb tushuntirdi nashr.

Ularning ba’zilari Epshteyn yoki uning sherigi Gisleyn Maksvell bilan elektron pochta orqali keng ko‘lamli yozishmalarga ega bo‘lgan, boshqalari esa «hujjatning Epshteyn va Maksvell ishiga aloqasi yo‘q qismida» tilga olingan.

AQSh Adliya vazirligi 19 dekabrgacha Epshteyn fayllarining shaffofligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, marhum taniqli jinsiy jinoyatchi Jyeffri Epshteyn bilan bog‘liq barcha materiallarni e’lon qilishi kerak edi.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlab huquqshunoslardan iborat jamoa 6 million sahifaga yaqin hujjatlarni o‘rganib chiqqan va o‘ta qisqa muddatdan bir necha hafta o‘tgach, 3,5 million sahifadan ortiq materiallarni e’lon qilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid