Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaga sotilmay qolgan neftni saqlash uchun resurslar yetishmasligi tahdid solmoqda
Rossiya hududidagi neft omborlarida bo‘sh joy tobora kamaymoqda. Sabab - AQShning Hindistonga bosimi va Rossiya xomashyosidan ishlangan neft mahsulotlarini Yevroittifoqqa yetkazib berish taqiqlangani tufayli neftni sotish qiyinlashgan.
Foto: Igor Russak/dpa/picture alliance
Rossiya neft omborlarida bo‘sh joy tobora kamayib bormoqda, chunki g‘arb bosimi sabab Rossiyaga neftni xorijga sotish qiyinlashmoqda. Bu haqda dushanba kuni, 16 fevralda Reuters agentligi real vaqt rejimida tovar oqimlari, energo resurslar va dengiz tashuvlarini kuzatish uchun tahliliy ma’lumotlar hamda vositalar taqdim etadigan Kpler kompaniyasiga tayanib xabar berdi.
Kpler ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya neftining dengiz orqali eksporti ketma-ket uchinchi oy pasaymoqda: 2025 yil dekabrda sutkalik hajm 3,8 mln barrel bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil yanvarda — 3,4 mln barrel, hozir esa — taxminan 2,8 mln barrel. Shu bilan birga, tankerlarda saqlanayotgan Rossiya nefti hajmi rekord darajaga yetib, 150 mln barreldan oshib ketgan, bunday kemalarning o‘zi ham sekinroq harakatlana boshlagan.
Hozirda RF hududida saqlanayotgan neft zaxiralari taxminan 16 mln barrelga yetgan — Kpler bahosi bo‘yicha bu Rossiya neft omborlari umumiy sig‘imining qariyb 51 foizini tashkil qiladi. Quvurlar va qo‘shimcha rezervuarlardan saqlash uchun foydalanilsa, umumiy sig‘imni 100 mln barrelgacha oshirish mumkin, ammo bu ham yetarli bo‘lmasligi ehtimoli bor. Rossiya sutkasiga taxminan 9,3 mln barrel neft qazib oladi, shundan taxminan yarmi eksport qilinadi. Kpler tahlilchilari xulosasiga ko‘ra, “agar eksport cheklangan holda qolsa, bunday sur’atda yerusti omborlari tez to‘lib ketishi mumkin va ishlab chiqaruvchilarda qazib olishni qisqartirishdan boshqa variant kam qoladi”.
Ekspertlar Rossiya nefti eksporti qisqarishining asosiy sabablaridan biri sifatida AQShning Hindistonga bosimini ko‘rsatmoqda. Avgust oyida prezident Donald Tramp Rossiya neftini sotib olgani uchun Hindistonga 25 foizlik savdo bojlari joriy qilgan. Natijada hind neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftini xarid qilishdan voz kecha boshlagan. Hindustan Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvarda Hindiston Rossiyadan dekabrga nisbatan 12 foiz kam, noyabrga nisbatan esa 22 foiz kam neft import qilgan.
Tramp 7 fevral kuni Hindiston RFdan neft sotib olishni to‘xtatish majburiyatini olganini aytgan. Shu munosabat bilan Vashington Hindiston tovarlarining AQShga eksportiga qo‘yilgan bojlarning bir qismini bekor qilishga qaror qilgan. Moskva esa Nyu-Dehlidan xaridlarni to‘xtatish haqida hech qanday rasmiy bildirishnoma olmaganini aytgan.
Yana bir sabab — Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga yetkazib berish taqiqlanishi. Bu taqiq olti oylik o‘tish davridan keyin yanvar oyida kuchga kirgan.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida RF sutkasiga o‘rtacha 9,28 mln barrel neft ishlab chiqargan — bu dekabrga nisbatan 40 ming barrel kam va OPeK a’zosi bo‘lgan davlatlar bilan kelishuvda belgilangan limitdan 300 ming barrel past.
Shuningdek, agentlik hozir Hind va Tinch okeanlarida xaridor topa olmagan taxminan 12 mln barrel Rossiya nefti yuklangan tankerlar turganini xabar qiladi.