O‘zbekiston | 21:08 / 18.02.2026
11145
5 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam va 7-qavat derazasidagi bolakay – mahalliy dayjest

Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam beriladi. Toshkent shahrida inson a’zolari va to‘qimalarini noqonuniy oldi -sotdisi bilan shug‘ullanishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi. Farzandini 7-qavat derazasidan tashqariga chiqargan onaga chora ko‘riladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kam daromadli oilalar pillachilikka jalb etiladi va qo‘llab-quvvatlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Joriy yildan boshlab «mahalla yettiligi» orqali aholiga 1 kg pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, parvarishlash jihozlari va uskunalar xaridiga 20 million so‘mgacha ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozir pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni rag‘batlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk solig‘idan 2029 yil 1 yanvarga qadar ozod etish taklif qilindi.

Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam beriladi

Prezident qarori bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 800 milliard so‘m ajratildi. Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiruvchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrning «kambag‘al oila» toifasidagi hamda «mahalla yettiligi» tomonidan shakllantiriladigan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bunda qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni hududdagi «davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi oilalar umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi belgilangan.

Inson a’zolari noqonuniy transplantatsiyasiga aloqador shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida inson a’zolari va to‘qimalarini noqonuniy olish-sotish bilan shug‘ullanishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, muqaddam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi bilan sudlangan 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda erkaklar uchun donorlik masalalari bo‘yicha inson a’zolari va to‘qimalarini noqonuniy transplantatsiya qilish ishlariga doimiy ravishda aralashib kelgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, “Istiqlol” klinikasida (Tojikiston) muayyan shaxslarga operatsiya o‘tkazishni tashkillashtirish bilan shug‘ullangani qayd etildi.

Shuningdek, uning o‘zi ham buyrak ko‘chirish operatsiyalarini amalga oshirgan va bu ishlarga boshqa shaxslarni jalb etgan. Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 133¹-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

O‘zbekiston standartlar instituti qayta tashkil etiladi

Prezident farmoniga muvofiq, texnik jihatdan tartibga solish sohasida islohotlarni jadallashtirish doirasida O‘zbekiston standartlar instituti uning tarkibiga O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi.

Shu bilan birga, mazkur markaz faoliyati tugatiladi hamda uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari bekor qilinadi.

Hujjatda shuningdek, milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 2026 yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.

Farzandini 7-qavat derazasidan tashqariga chiqargan onaga chora ko‘riladi

Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum ayol o‘z farzandi hayotini xavfga solib, 7-qavat derazasidan tashqariga chiqargani aks etgan video tarqaldi.

Toshkent shahri IIBB xabariga ko‘ra, holat Yangihayot tumani, Yangi Choshtepa mahallasida sodir bo‘lgan. 2001 yilda tug‘ilgan ayol voyaga yetmagan farzandini 7-qavat derazasidan chiqarib, telefoniga tasvirga olgan hamda videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagan.

Ta’kidlanishicha, hozir ayol ruhiy holatini tekshirish maqsadida, ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan.

Uning farzandiga zarar yetmagani hamda u yaqin qarindoshi qaramog‘iga topshirilgani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid