Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Iskander» raketa zavodiga hujum va Trampning bojlarini bekor qilgan Oliy sud – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp va Oliy sud to‘qnashuvi
Bir yildan ortiq vaqt davomida AQSh prezidenti Donald Tramp go‘yoki monarx kabi harakat qilib keldi. Ma’muriyat uning kuchi, tahdidlari va kayfiyatlariga moslashib borayotgandek edi.
Juma kuni AQSh Oliy sudi bu yo‘nalishni kutilmaganda o‘zgartirdi. Xususan, Oliy sud sudyalari 6 ga 3 nisbatda Tramp o‘tgan yili joriy etgan global bojlari — tariflarni qonunga xilof deb topdi.
Sud prezident o‘z vakolatlarini oshirib yuborgan deb hisoblamoqda. Sudning tushuntirishicha, 1977 yildagi maxsus qonun prezidentga soliqlarni o‘zgartirish bo‘yicha aniq vakolat bermagan.
Prezident Tramp esa sud qarorini «dahshatli» deb atadi va bunga qarshi chiqqan, aslida o‘zi tayinlagan sudyalarni ham «ahmoqlar» va «vatanparvar emas» deb haqorat qildi.
Sud qaroridan so‘ng Tramp darhol yana 10 foizlik yangi global bojlar joriy etishini e’lon qildi. Bu safar u avval foydalanilmagan «122-bo‘lim» (Section 122) qonuniga tayanmoqda.
Sud qaroridan keyin Wall Street'da aksiyalar narxi ko‘tarildi. Biznes davlat tomonidan noqonuniy yig‘ilgan milliardlab dollar boj pullarini qaytarib olishga umid qilmoqda. Tramp esa pullarni qaytarish oson bo‘lmasligini va sud jarayonlari yillab davom etishini aytdi.
«Iskander» ishlab chiqariladigan zavodga hujum
Ukraina chegarasidan qariyb bir yarim ming kilometr uzoqlikda joylashgan Udmurtiya Respublikasida nomi oshkor qilinmagan «obekt» hujumga uchradi. Uning zararlangani faktini mahalliy gubernator Aleksandr Brechalov tasdiqladi. Keyinroq respublika sog‘liqni saqlash vaziri 11 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
«Astra» nashri guvohlar videolarini tahlil qilib chiqargan xulosaga ko‘ra, hujumda «Votkinsk zavodi» zararlangan. Bu zavodda esa «Iskander-M», «Topol-M» va «Oreshnik» ballistik raketalari ishlab chiqariladi. Ushbu strategik mudofaa korxonasi AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. Mahalliy aholi ma’lumotiga ko‘ra, zarba tufayli zavodning ikki sexi shikastlangan.
Xuddi shu harbiy korxonada 2024 yil 7 fevral kuni ham kuchli portlash sodir bo‘lgandi. O‘shanda portlash «raketa dvigatellarini rejalashtirilgan sinovdan o‘tkazish» natijasi ekani aytilgan.
Qator ukrainalik kanallarga ko‘ra, «Votkinsk zavodi»ga zarba dronlar orqali emas, balki mahalliy «Flamingo» raketalari bilan berilgan. Ukraina va Rossiya tomonlari hodisa yuzasidan izoh bermadi.
G‘arbiy sohilda AQSh fuqarosi o‘ldirildi
G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chmanchi tomonidan otib yaralangan 19 yoshli Falastin va AQSh fuqarosi vafot etdi. Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
AQSh elchixonasi rasmiysi zo‘ravonlikni qoralab, «Davlat departamenti uchun xorijdagi AQSh fuqarolarining xavfsizligi va himoyasidan ustunroq ustuvor vazifa yo‘q» ekanini aytdi.
Jamal Abu Siyam chorshanba kuni Ramalloh yaqinidagi Muxmas qishlog‘ida o‘q yeb yaralangandi. Ismini oshkor qilishni istamagan Abu Siyamning qarindoshlaridan biri ko‘chmanchilar qo‘ylarni o‘g‘irlash uchun qishloqqa bostirib kirganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Abu Siyam va qishloq aholisi o‘g‘irlikning oldini olishga uringanida, ko‘chmanchilar ularga qarata o‘q uzishni boshlagan. Abu Siyam hamda boshqalar yaralangan. Hujum oqibatida besh kishi jarohatlangan, ulardan uch nafari — jumladan, Abu Siyam ham o‘qdan yaralangan.
Isroil armiyasi voqea yuzasidan izoh bermadi.
2023 yil oktyabrida G‘azodagi urush boshlanganidan beri G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik keskin oshgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda ko‘chmanchilar hujumlari sabab qariyb 700 kishi ko‘chishga majbur bo‘lgan va to‘qqiz nafar falastinlik halok bo‘lgan. 2025 yilda esa 240 kishi o‘ldirilgan edi.
Lekin yahudiy ko‘chmanchilar zo‘ravonligi bo‘yicha Isroilda ayblov e’lon qilinishi holati juda kam uchraydi.
Nigeriyada yana qonli hujum
Nigeriyaning shimoli-g‘arbidagi Zamfara shtatida qurollangan shaxslar qishloqqa hujum qilishi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi, bir necha ayollar va bolalar o‘g‘irlab ketildi.
Reutersʼning mahalliy deputat Hamisu Faruga tayanib yozishicha, hujumchilar jumaga o‘tar kechasi Tungan Dutse qishlog‘iga bostirib kirib, binolarni yoqib yuborgan va qochishga uringan aholiga o‘q uzgan.
«Ular bir qishloqdan boshqasiga o‘tib yurishibdi… kamida 50 kishini o‘ldirib ketishdi», dedi Faru.
U o‘g‘irlab ketilganlar soni hali aniqlanmaganini aytdi. Mahalliy hokimiyat vakillari bedarak yo‘qolganlarni hisobga olishda davom etmoqda. Zamfara shtati politsiyasi holatga izoh bermagan.
Mahalliy aholi bir kun oldin 150 dan ortiq mototsiklda qurollangan shaxslarni ko‘rib, xavfsizlik kuchlari va mahalliy hokimiyatni ogohlantirgan edi. Ammo ogohlantirish e’tiborsiz qoldirilgan.
Shimoliy Nigeriya bo‘ylab «banditlar» deb ataladigan guruhlar hujumlari keskin ko‘paygan — ular qotilliklar, tovon uchun odam o‘g‘irlash va jamoalarni ko‘chishga majbur qilish kabi hujumlarni amalga oshirib kelmoqda.
Vengriya Ukrainaga 90 milliard yevrolik kreditni to‘smoqchi
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida kredit paketini taqdim etishga kelishilganidan so‘ng rasmiy Budapesht kelishuvga veto qo‘yishni rejalashtirayotganini bildirdi.
«Ukraina 'Drujba' quvurini to‘sib turgan ekan, Vengriya 90 milliard yevrolik Ukraina urush kreditini to‘sadi. Bizni shantaj qilib bo‘lmaydi!» deb yozdi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, rus neftini Ukraina orqali Vengriya va Slovakiyaga yetkazib beradigan quvurlar yanvar oyida Rossiyaning zarbalari natijasida shikastlangani sabab uzilgan.
Biroq Vengriya va Slovakiya siyosatchilari yetkazib berishni tiklashga Ukraina rahbariyati to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda. Har ikki davlat neft importida Rossiyaning ushbu quvuriga katta darajada bog‘liq. Shuningdek, ular Yevroittifoqdagi Rossiyaga eng yaqin hukumatlar hisoblanadi.
Vengriya rasmiylariga ko‘ra, Ukraina – rossiyaparast Orbanning saylovlaridan oldin «quvur orqali neft oqimini to‘xtatib, «shantaj» qilmoqda. 16 yil ichida ilk bor Orban parlament saylovida mag‘lub bo‘lish ehtimoli bilan yuzlashmoqda.
Chorshanba kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ham ta’minot bo‘yicha favqulodda holat e’lon qildi: agar quvur qayta ochilmasa, Ukrainaga nisbatan javob choralari ko‘riladi.
Kiyev uzoq vaqtdan beri Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiya energiya resurslarini sotib olishni to‘xtatishga chaqirib kelmoqda. Chunki bu pullar Moskvaning bosqinchilik urushini moliyalashtirishga yordam beradi.
Mavzuga oid
14:47 / 20.02.2026
G‘azoni tiklash uchun pul va harbiylar, Epshteynga aloqador Britaniya shahzodasi va Eronga muhlat qo‘ygan Tramp – kun dayjesti
14:54 / 19.02.2026
Eronga zarba berishga tayyor AQSh, muzokaradan ko‘ngli to‘lmagan Zelenskiy va NATOni ayblagan Patrushev – kun dayjesti
15:15 / 18.02.2026
Xitoyni yadroviy sinovlarda ayblagan AQSh, Jyenevadagi muzokaralar va prezidentini ishdan olgan Peru Kongressi – kun dayjesti
15:38 / 17.02.2026