Jahon | 14:21 / 23.02.2026
3315
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya TIV Liondagi fojia haqidagi so‘zlar sabab AQSh elchisini chaqirtiradi

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro AQSh ma’muriyatining Lionda o‘ta o‘ng faol halok bo‘lishiga bergan munosabatini mamlakatning “ichki ishlariga aralashuv” deb atadi. Oq uy millatchi o‘limiga “terrorizm” sifatida baho bergan.

Charlz Kushner Foto: Keystone Press Agency / Global Look Press

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Fransiyadagi elchisi Charlz Kushnerni — Donald Trampning qudasini TIVga chaqirtirmoqchi. Bunga sabab AQSh prezidenti ma’muriyatining Lionda antifashistlar bilan to‘qnashuvlardan keyin o‘ta o‘ng faol Kventin Derank halok bo‘lishiga bergan munosabati bo‘ldi: Oq uy bu o‘limni “terrorizm” deb baholagan. Bu haqda yakshanba, 22 fevral kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Inter radiostansiyasiga bergan intervyusida bildirdi. U shuningdek Tramp ma’muriyatining harakatlarini Fransiyaning ichki ishlariga aralashuv deb atadi.

Barro mamlakat hukumati o‘ta o‘ng faol o‘limidan “siyosiy maqsadlarda” foydalanishni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblashini ta’kidladi. U, ayni paytda, Fransiya “siyosiy zo‘ravonlik” haqida “reaksionerlardan” “dars” olishga muhtoj emasligini ham alohida qayd etdi.

Charlz Kushner — Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning otasi. Jared Kushner AQSh prezidentining qizi Ivanka Tramp bilan turmush qurgan. Fransiya TIV Kushnerni 2025 yil yozida ham tushuntirish berish uchun chaqirtirgan edi — u o‘shanda mamlakatda “antisemitizm keskin o‘sgani” haqida bayonot bergan. Elchi shu paytda Fransiya maktab dasturida bu mavzu yetarlicha yoritilmagani sababli, go‘yo yosh fransuzlarning yarmi “Xolokost haqida hech qachon eshitmagan” deb iddao qilgan.

12 fevral kuni Lionda millatchilarning “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi siyosatchisiga qarshi aksiyasi uning tarafdorlari bilan o‘ta o‘ng faollar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan yakunlangan. 23 yoshli Derank boshidan og‘ir jarohat olgan va vafot etgan.

20 fevral kuni Oq uy sodir bo‘lgan voqeani keskin qoralab, Derankning o‘limini “terrorizm” deb atagan. Hodisa haqida AQSh Davlat departamenti ham fikr bildirgan: “Zo‘ravonlikka tayyor radikal so‘l harakat kuchaymoqda. Uning Kventin Derank o‘limidagi roli jamoat xavfsizligi uchun qanday tahdid tug‘dirishini ko‘rsatadi”. Bu bayonotni Fransiyadagi AQSh diplomatik missiyasi ham takrorlagan.

Bundan oldin Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Derank o‘limini “butun Yevropa uchun yara” deb atagan edi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa bu bayonotni mamlakatning ichki ishlariga aralashuv deb baholab, Melonini tanqid qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid