Jahon | 19:33
4620
11 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning rejasidan ancha oldin xabar topgandi. Ukrainlar va yevropaliklar nega bunga ishonmagan?

The Guardian maqolasidan asosiy gaplar.

Maxar Technologies / EPA / Scanpix / LETA

Amerika va Britaniya razvedkasi Rossiya Ukrainaga bostirib kirishini 2021 yildayoq oldindan ko‘ra olgandi. Ammo Yevropadagi ittifoqchilar, shuningdek, Ukraina rahbariyati ularning ogohlantirishlarini jiddiy qabul qilmagan. The Guardian jurnalisti Shon Uoker turli mamlakatlardagi razvedkachilar, amaldorlar va diplomatlar bilan o‘tkazilgan yuzdan ortiq intervyular asosida voqealar ketma-ketligini tiklashga harakat qildi. Quyida uning maqolasidan asosiy joylar keltiriladi.

G‘arb tahlilchilari taxminlariga ko‘ra, Vladimir Putin bosqin bo‘yicha yakuniy qarorni 2020 yilda qabul qilgan. O‘sha yilgi referendum orqali Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritilgan, bu esa Putinga 2024 yildan keyin ham hokimiyatda qolish imkonini bergandi. Kovid pandemiyasi davrida Putin o‘zini ihotalaydi: tor doiraga mansub odamlargina uning oldiga kira olgan, uning o‘zi Rossiya tarixi haqida juda ko‘p kitoblar o‘qigan, aftidan, mamlakat tarixida qanday o‘ringa ega bo‘lishi haqida o‘ylagan.

Xuddi o‘sha 2020 yilda Belarusda Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar shafqatsizlik bilan bostiriladi, Rossiyada esa muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanadi. Ushbu tarqoq voqealarning barchasi Putinni hokimiyatni birlashtirishga va buyuk davlatchilik ambitsiyalarini amalga oshirishga undaydi.

2021 yil bahorida Rossiya harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish bahonasida Ukraina chegaralari yaqinida va Qrimda qo‘shin to‘plashga kirishadi. Amerika razvedkasi Putin Federal majlisga 21 aprel kungi murojaatnomasidan bosqinni oqlash uchun foydalanmoqchi ekani haqida ma’lumot oladi. Rossiya Donbassdagi «xalq respublikalari»ni rasman anneksiya qilmoqchiligi, shuningdek, Qrimga quruqlik orqali yo‘lak ochishni ko‘zlagani taxmin qilingandi – buning uchun Zaporijjya va Xerson oblastlarining bir qismini ham qo‘shib olish kerak bo‘lardi.

Bayden Putinga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z xavotirini bildiradi hamda oliy darajada uchrashuv o‘tkazishni taklif qiladi. Mashg‘ulotlar yakunlanadi, qo‘shinlar chegaradan olib ketiladi. Putin Federal majlisga murojaatida urush mavzusi tilga olinmaydi. Putin va Bayden iyunda Jyenevada uchrashadi. Putin Ukraina haqida deyarli hech narsa demaydi. Shundan keyin Bayden ma’muriyati xavf ortda qoldi, deb hisoblaydi.

Ammo iyulda Putin «Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi haqida» nomli uzun essesini e’lon qildi. Ko‘pchilik – shu jumladan G‘arb razvedkasi ham – uni niyatlar deklaratsiyasi sifatida qabul qildi: Putin uchun Ukraina u yoki bu tarzda Moskvaning ta’sir doirasiga kirishi prinsipial ahamiyatga egaligi ko‘rinib turardi.

2021 yil sentabrida, «Zapad» nomi ostidagi harbiy mashg‘ulotlar bahonasida, Rossiya yana Ukraina va Belarus bilan chegarasida harbiylari sonini oshira boshlaydi. AQSh yangi razvedka ma’lumotlarini oladi: unda Putin bu safar Ukrainani deyarli to‘liq egallash, Kiyevga kirish va u yerda qo‘g‘irchoq rejim o‘rnatishni rejalashtirgani ko‘rsatilgandi. Bu vaqtda Bayden ma’muriyatining asosiy e’tibori Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishi oqibatlari bilan band edi: bu AQShning nufuziga og‘ir zarba bo‘lgandi.

Noyabr oyida Bayden Moskvaga Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byornsni yuboradi. U Putin bilan uchrashib, unga taxminan quyidagilarni aytishi kerak edi: biz siz nima qilmoqchi ekaningizni bilamiz va ogohlantiramizki, agar siz bunga qo‘l ursangiz, oqibatlari siz uchun halokatli bo‘ladi. Biroq Putin Sochidagi qarorgohida qoladi va Byornsni shaxsan qabul qilmaydi. MRB direktori telefondagi suhbat bilan qanoatlanishga majbur bo‘ladi.

Putin Byornsning ogohlantirishiga e’tibor qilmaydi. MRB rahbari Vashingtonga qaytganida, Bayden undan shaxsiy taassuroti bilan bo‘lishishni so‘raydi: Putin Ukrainaga hujum qilmoqchimi? Byorns tasdiq ma’nosida javob qaytaradi.

Byornsning safaridan ko‘p o‘tmay, AQSh milliy razvedkasi direktori Evril Heyns Baydenning topshirig‘i bilan Bryusselga yo‘l oladi va NATO mamlakatlari razvedka boshliqlari uchun brifing o‘tkazdi. U Amerika razvedka ma’lumotlari, shuningdek, asosiy xulosa bilan o‘rtoqlashadi. Xulosa shunday edi: Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanmoqda. Britaniya tashqi razvedkasi (MI-6) rahbari Richard Mur bu fikrga qo‘shiladi.

Yevropalik hamkasblar bu ogohlantirishni katta shubha bilan qabul qilishadi. Birinchidan, amerikaliklar va inglizlar o‘zlarining razvedka ma’lumotlari manbalarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun oshkor qilmagandi. Ikkinchidan, 2003 yilda AQSh Iroqqa bostirib kirishni oqlash uchun Saddam Husayn rejimida ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi haqida ko‘plab razvedka ma’lumotlarini keltirganini hamma eslardi – keyinchalik bu ma’lumotlarning barchasi yolg‘on bo‘lib chiqqandi.

Va nihoyat, uchinchidan, yevropaliklar Putinni ratsional o‘yinchi deb hisoblashga o‘rganib qolishgan – va ular Putin Ukraina uchun G‘arb bilan amalda ajralishga tayyor bo‘lishini tasavvur qila olmasdi. Fransiya va Germaniya razvedkasi Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralariga olib kelinishini Ukraina va G‘arbga bosim o‘tkazish va Rossiyaning muzokara pozitsiyalarini mustahkamlash uchun mo‘ljallangan aldov deb hisoblagan.

Kiyevdagilar ham Amerika va Britaniyaning ogohlantirishlarini taxminan shunday qabul qilishgan. Prezident Volodimir Zelenskiyning oldiga Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles yuborilgandi – u Rossiya bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotganiga shubha yo‘qligi, gap faqat muddatda qolganini aytadi. Zelenskiy esa u buni bo‘rttirish deb hisoblaydi.

2021 yil dekabr oyidan 2022 yil yanvarigacha bo‘lgan muddatda Amerika va Britaniya razvedkalari rejalashtirilgan bosqin yuzasidan batafsil ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi. Bu ma’lumotlar birinchi navbatda Rossiya qo‘shinlari Ukraina bilan chegaralar bo‘ylab joylashtirilgani aks etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga, shuningdek, nafaqat qo‘shinlarning pozitsiyalarida, balki Bosh shtabda ham olib borilgan suhbatlarni eshitishga asoslangan edi. Qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar Kremldagi ayg‘oqchilar orqali tasdiqlangan. Moskvada deyarli hech kim Putinning rejalaridan boxabar emasdi, ammo prezident harbiylar bilan juda ko‘p vaqt o‘tkazayotganini va nimagadir tayyorgarlik ko‘rayotganini sezmaslik qiyin edi.

Yanvar oyiga kelib amerikaliklar va britaniyaliklar Rossiya bir necha yo‘nalishlardan, jumladan, Belarusdan ham bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bilishardi. Ular Kiyevni tezda egallash uchun platsdarm sifatida foydalanish rejalashtirilgan Gostomel aeroportiga desant tushirilishini bilishardi. Ular bosqinning ilk kunlaridayoq Kiyevga maxsus otryadlar yuborilishi va ularga Zelenskiyni o‘ldirish topshiriq qilib berilishini ham bilishardi.

Gostomel, 2022 yil 10 mart
Maxar Technologies / Getty Images

Byorns Zelenskiyni yana bir bor ogohlantirish uchun Kiyevga keladi, ammo u bu safar ham ogohlantirishni jiddiy qabul qilmaydi. Ukraina prezidenti agar urushga tayyorlanishga buyruq beradigan bo‘lsa, bu fuqarolar o‘rtasida vahima keltirib chiqarishidan, Rossiya esa buni provokatsiya sifatida qabul qilishidan xavotirlanardi.

Fevral oyi o‘rtalarida AQSh, Buyuk Britaniya va g‘arbning boshqa bir qancha davlatlari Kiyevdagi elchixonalari xodimlarini evakuatsiya qiladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols Putinni ahdidan qaytarish umidida Moskvaga safar qilishadi. 12 fevral kuni Bayden va Putin o‘rtasida oxirgi telefon muloqoti bo‘lib o‘tadi. Amerika prezidentida rossiyaliklar rahbari yakuniy qarorga kelib bo‘lgani va hech qanday muzokaralarga qiziqmayotganiga shubha qolmaydi.

Zelenskiyni ishontira olmagan bo‘lgan Bayden ma’muriyati, xususan, uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan asosiy e’tiborni Ukraina harbiy rahbariyati, jumladan, Bosh razvedka boshqarmasi bilan aloqalarga e’tibor qaratdi. U yerdagilar ogohlantirishlarni ancha jiddiy qabul qilishgan, ammo harbiy tayyorgarlikni boshlash uchun siyosiy sanksiya talab qilinardi – uni faqat Zelenskiy berishi mumkin edi.

21 fevral kuni Rossiya Xavfsizlik kengashining mashhur yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Rasmiy ravishda u «DXR» va «LXR»ni tan olish masalasiga bag‘ishlangan edi. Ammo aynan o‘shanda ko‘pchilik – jumladan, Rossiya elitasi vakillari ham – gap aslida Ukraina bilan urush haqida ketayotganini anglab yetadi. E’tiroz bildirishga deyarli hech kim jur’at eta olmaydi.

22 fevral kuni Ukrainada ham Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy harbiy holat joriy etishni talab qiladi, ammo Zelenskiy favqulodda holat bilan cheklandi. Katta ehtimol bilan, u Rossiya qo‘shinlari Donbassga kirishi va harbiy harakatlar o‘sha hududda kechishini kutgan. Biroq, o‘sha kuniyoq Ukraina prezidentiga uni o‘ldirishi kerak bo‘lgan bir nechta guruh allaqachon Kiyevda ekani haqida xabar beriladi.

Amerika, Britaniya va Polsha maxsus xizmatlari 23 fevral kuni bosqin boshlash uchun buyruq berib bo‘linganini tasdiqlashadi. Shunga qaramay, o‘sha kuni Germaniya razvedkasi rahbari Bruno Kal Kiyevga tashrif buyuradi – keyin uni katta qiyinchilik bilan evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi.

24 fevralga o‘tar kechasi bosqin boshlanadi. Oliy Rada shoshilinch tarzda yig‘iladi va baribir harbiy holat e’lon qiladi. Zelenskiy kunning katta qismini g‘arblik yetakchilarga qo‘ng‘iroq qilish bilan o‘tkazadi, u faqat bitta narsani so‘raydi: Putinga bog‘lanish va uni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishni.

Paradoks shundaki, Amerika va Britaniya maxsus xizmatlari Rossiyaning niyatini to‘g‘ri topgan, ammo uning imkoniyatlariga ortiqcha baho bergan, Ukrainaning qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini esa yetarlicha baholamagandi. Ular Kiyev qisqa fursatda qulashini kutishgandi. Ammo ukrain armiyasi, bosqinga oldindan tayyorlanmaganiga qaramay, Gostomelga tushirilgan desantchilarni yo‘q qilib, poytaxtni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Shon Uokerning xulosa qilishicha, Amerikaning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini oldindan topishidan dunyodagi barcha razvedka idoralari olgan eng muhim saboq shundan iborat: u yoki bu ssenariyni faqat irratsional yoki imkonsiz tuyulgani uchun istisno qilmaslik kerak.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid