Jahon | 12:49 / 24.02.2026
3109
3 daqiqa o‘qiladi

Huquq-tartibot xodimlariga hujumlar: Ukrainada ikki shaharda portlashlar

23 fevral kuni kechqurun bir necha soat oraliq bilan Mikolayiv va Dnipro shaharlarida portlashlar sodir bo‘ldi. Birinchi shaharda ishlamay turgan AYoQShdagi portlashda 7 nafar politsiyachi yaralandi, ikkinchi portlash esa politsiya bo‘limida sodir bo‘ldi, hech kim jabr ko‘rmadi.

Foto: Ukraina politsiyasi

Ukraina politsiyasi faoliyatiga ta’sir qilgan portlashlar dushanba, 23 fevral kuni kechqurun Mikolayiv va Dnipro shaharlarida ro‘y berdi. Birinchi shaharda, hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, ishlamay turgan AYoQShdagi portlash oqibatida patrul politsiyasining yetti nafar xodimi jabrlangan. Dniproda esa portlash politsiya bo‘limida sodir bo‘lgan, hech kim jabr ko‘rmagan.

Ukraina politsiyasi ma’lum qilishicha, Mikolayivda qo‘lbola portlovchi qurilmaning portlashi mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:10 da ro‘y bergan. Bu paytda ishlamay turgan AYoQSh hududida smenaga almashish uchun kelgan patrulchilar bo‘lgan. Yaralangan huquq-tartibot xodimlaridan ikki nafari og‘ir ahvolda. Hodisa bo‘yicha terakt moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ukraina milliy politsiyasi rahbari Ivan Vigovskiy bu voqeani huquq-tartibot idoralari xodimlariga qaratilgan maqsadli hujum deb atadi va Mikolayivdagi portlashni 22 fevralga o‘tar kechasi Lvivdagi terakt bilan bog‘ladi — o‘shanda politsiya xodimi halok bo‘lgan, yana 25 kishi yaralangan edi. «Bu tasodif emas. Lvivdagi so‘nggi teraktdan keyin dushman huquq-tartibot tizimini izdan chiqarishga urinyapti», — dedi Vigovskiy.

Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 20:30 da Dnipro shahridagi politsiya bo‘limlaridan birida ham portlash ovozi eshitilgan. Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, hech kim jabr ko‘rmagan. «Portlash to‘lqini natijasida binodagi derazalar, mebel va kompyuter texnikasi shikastlangan. Shuningdek, bino yonida to‘xtatilgan avtomobil ham zarar ko‘rgan», — deyiladi politsiya bayonotida.

Bundan oldin, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shu kuni avvalroq Lvivda sodir bo‘lgan terakt haqida izoh berib, bu jinoyat ortida Rossiya tomoni turganini aytgan. «Ijrochilar Telegram orqali yollangan. Shunga o‘xshash o‘nlab holatlarning oldi olindi. Ukraina huquq-tartibotchilari bunday yollashlarga doim qarshi kurashyapti», — degan davlat rahbari.

Shu voqealar fonida Zelenskiy ofisi rahbarining o‘rinbosari Irina Vereshchuk avvalroq Telegram va “shunga o‘xshash boshqa anonim platformalar” imkoniyatlarini “cheklash” haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirgan. Biroq ertasi kuni Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko brifingda “blokirovka” haqida emas, balki terrorchilik jinoyatlari sonini kamaytirish uchun platformaga nisbatan muayyan “cheklovlar” haqida gapirish kerakligini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid