Jahon | 13:04
1252
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroilga o‘z sinfidagi eng ilg‘or F-22 Raptor qiruvchilarini yubordi

Seshanba kuni o‘nlab Raptor’lar Britaniyadagi harbiy bazani tark etib, Isroilga yetib keldi. Ochiq razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Yaqin Sharqda allaqachon 300 dan ortiq hujumkor qiruvchi samolyotni jamlagan.

Isroilning Ovda harbiy bazasiga kelgan F-22 Raptor’lar / Foto: Havoc Aviation

Seshanba kuni AQSh bir guruh F-22 Raptor qiruvchi samolyotlarini Isroilga yubordi. Bu haqda AQSh rasmiysi va joylashtirishdan xabardor shaxsga tayanib, New York Times xabar bermoqda. Bu qadam AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy kuch to‘plashi davom etayotganini ko‘rsatdi. Joylashtirish – Eron yadroviy dasturi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar kutilayotganiga ikki kun qolgan paytda amalga oshirildi.

Isroilning Ovda harbiy bazasida turgan Raptor’lar / Foto: Havoc Aviation

Parvoz kuzatuv ma’lumotlari va videolar – AQShning eng ilg‘or qiruvchilaridan birining ilk ma’lum joylashtirilishini ko‘rsatmoqda. Harbiy avia-spotterlar olgan video va suratlarda o‘nlab F-22 samolyotlari Britaniyadagi vaqtinchalik joylashuv punktidan havoga ko‘tarilayotgani aks etgan.

Tasdiqlangan video, suratlar va ochiq parvoz ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu samolyotlarning bir nechtasi yaqinda AQShdan Angliyadagi Royal Air Force Lakenheath bazasiga ko‘chirilgan. Ular seshanba kuni tushdan oldin Lakenheath'dan yaqin bazadan chiqqan bir nechta yoqilg‘i quyuvchi samolyotlar hamrohligida uchib ketgan.

AQSh rasmiylari seshanba kuni kechqurun F-22 qiruvchilari Isroilga yuborilayotganini va ayrimlari allaqachon yetib kelganini aytdi. Rasmiy va joylashtirishdan xabardor shaxs NYT nashriga ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirgan.

Angliyadagi Royal Air Force Lakenheath bazasida turgan F-22 Raptor’lar / Foto: Havoc Aviation

Samolyotlar ochiq parvoz kuzatuv saytlarida ko‘rinmagan, chunki odatda hujumchi samolyotlar ko‘rinmaydi. Biroq ularning Yaqin Sharq tomon uchganini ko‘rsatuvchi boshqa belgilar mavjud edi. New York Times ko‘rib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, F-22 lar bilan Britaniyadan uchib chiqqan yoqilg‘i quyuvchi tankerlar seshanba kuni tushdan keyin O‘rta Yer dengizi ustidan uchgan.

«Bu Eronga nisbatan yanada agressivroq pozitsiyaga tayyorgarlik va ehtimoliy hujumda Isroil bilan hamkorlikni ko‘rsatadi. Bu — Eron AQSh shartlariga rozi bo‘lmasa, hujum qilishga jiddiy qaralayotganini bildiradi», deydi AQSh havo kuchlarining iste’fodagi general-leytenanti, Devid Deptula.

AQSh havo kuchlari ta’rifiga ko‘ra, «hech bir ma’lum yoki istiqboldagi qiruvchi samolyot bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan» F-22 – havoda ham, yerda ham nishonlarga zarba bera oladigan ilg‘or "stealth" qiruvchi samolyotdir. O‘tgan yil iyun oyida AQShning Eron yadroviy obektlariga bergan zarbalari vaqtida F-22 lar uzoq masofali bombardimonchi B2 larga hamroh bo‘lgandi.

F-22 Raptor qiruvchisi / Foto: Havoc Aviation

Anadolu nashrining ochiq manba razvedka hisobotlariga tayanib yozishicha, Yaqin Sharq mintaqasida 300 dan ortiq AQSh harbiy samolyoti mavjud. Ular asosan Qatardagi "Al-Udeid", Iordaniyadagi "Muwaffaq Salti" va Saudiyadagi "Prince Sultan" aviabazalarida joylashtirilgan. Shuningdek, Abraham Linkoln va Gerald Ford aviatsiya tashuvchi kemalaridagi 8 va 9-aviatsiya qanotlari ham kiradi.

Yanvar boshidan buyon ushbu havo kuchlarini shakllantirish uchun AQSh Markaziy qo‘mondonligi taxminan 270 ta logistika reysini amalga oshirgan. Shuningdek, Patriot va THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimlari ham olib kelingan.

Iordaniyadagi "Muwaffaq Salti" aviabazasidagi qiruvchi samolyotlar / Foto: U.S. Air Force

Yig‘ilgan havo kuchlari turli qo‘llab-quvvatlovchi va hujumchi samolyotlardan iborat. Ular orasida taxminan 48 ta F-16 va 42 ta F-35 samolyotlari bor. O‘tgan yil iyun oyidagi operatsiyada ishlatilgan B-2 bombardimonchilarining harakati kuzatilmagan.

Shuningdek, Isroilning o‘ziga tegishli 250 dan ortiq hujumkor qiruvchi samolyotlari AQShning mintaqadagi havo salohiyatini amalda ikki barobarga oshiradi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid