Jahon | 08:31 / 25.02.2026
1578
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh assambleyasi Ukrainada tinchlik haqida rezolyutsiya qabul qildi

Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya uchun BMTga a’zo 107 davlat ovoz berdi, AQSh va yana 50 davlat betaraf qoldi. AQSh ayrim bandlar bo‘yicha alohida ovoz berishni talab qildi.

Foto: BMT

BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini boshlanganining to‘rtinchi yilligi kuni “Ukrainada barqaror tinchlikni qo‘llab-quvvatlash” nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Ukrainaga “xalqaro e’tirof etilgan chegaralari doirasida suverenitet, mustaqillik, birlik va hududiy yaxlitlik” huquqini tasdiqlovchi ushbu hujjat uchun Nyu-Yorkda seshanba, 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisda 107 mamlakat vakillari ovoz berdi.

Qarshi bo‘lib 12 davlat — Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Burkina-Faso, Burundi, Kuba, KXDR, Eritreya, Eron, Mali, Niger, Nikaragua va Sudan vakillari chiqdi. Yana 51 davlat betaraf qoldi, ular orasida — AQSh, Xitoy, Hindiston, JAR, Armaniston, Qozog‘iston, Braziliya va BAA ham bor. Hujjat Ukrainada darhol o‘t ochishni to‘xtatish, harbiy asirlarni to‘liq almashish, Rossiya tomonidan noqonuniy ushlab turilgan barcha shaxslarni ozod qilish va fuqarolarni Ukrainaga qaytarishga chaqirgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa BMT Bosh assambleyasi rezolyutsiyani qabul qilganini qutladi. “Hal qiluvchi pallalarda xalqaro hamjamiyat o‘z pozitsiyasini aniq bildirishi kerak. Bugun shunday kun”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. Uning aytishicha, Ukraina uchun bu “navbatdagi ovoz berish” emas, balki uning yolg‘iz emasligi va “BMT nizomi prinsiplari hali ham ahamiyatga ega” ekanining tasdig‘idir.

“Biz BMT nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq har tomonlama, adolatli va barqaror tinchlikka erishish yo‘lida — qat’iy va izchil harakat qilishda davom etamiz”, — dedi Sibixa.

Shu bilan birga, AQSh rezolyutsiyaning ayrim bandlari bo‘yicha maxsus, alohida ovoz berish o‘tkazishni talab qildi. Xususan, Vashington Ukraina hududiy yaxlitligi haqidagi jumla va xalqaro huquqqa muvofiq “umumiy, adolatli va barqaror” tinchlikka chaqirilgan abzats bo‘yicha ovoz berishni alohida o‘tkazishni istadi.

AQShning BMTdagi vakil o‘rinbosari Temmi Bryus AQSh darhol o‘t ochishni to‘xtatish chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Biroq, umumiy olganda, rezolyutsiyada “tinchlikka olib boruvchi barcha diplomatik kanallarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, joriy muzokaralarni izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan” qoidalar borligini tushuntirdi. AQShning alohida ovoz berish talabi qo‘llab-quvvatlanmagani uchun Vashington betaraf qoldi.

Shu kuni RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dmitriy Lyubinskiy Jyenevadagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida yarim bo‘sh zalda chiqish qildi. Uning nutqini taxminan 40 ta g‘arb davlatining vakillari boykot qildi. Javob tariqasida Lyubinskiy Yevropani “rusofobiya”da aybladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid