Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron atrofidagi qiruvchilar, Durovga qarshi «terrorizmga oid ayblov» va Livanni ogohlantirgan Isroil – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQShning Eron atrofidagi qiruvchilari
Anadolu axborot agentligi Eron atrofida keskinlik kuchayib borayotgan bir vaqtda Yaqin Sharqdagi AQSh bazalariga yo‘l olgan o‘nlab qiruvchi samolyotlarni kuzatdi.
Ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada 300 dan ortiq AQSh harbiy samolyoti mavjud. Ular asosan Qatardagi "Al-Udeid", Iordaniyadagi "Muwaffaq Salti" va Saudiyadagi "Prince Sultan" aviabazalarida joylashtirilgan. Shuningdek, Abraham Linkoln va Gerald Ford aviatsiya tashuvchi kemalaridagi 8- va 9-aviatsiya qanotlari ham kiradi.
Yanvar boshidan buyon ushbu havo kuchlarini shakllantirish uchun AQSh Markaziy qo‘mondonligi taxminan 270 ta logistika reysini amalga oshirgan. Shuningdek, Patriot va THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimlari ham olib kelingan.
Yig‘ilgan havo kuchlari turli qo‘llab-quvvatlovchi va hujumchi samolyotlardan iborat. Ular orasida taxminan 48 ta F-16 va 42 ta F-35 samolyotlari bor. O‘tgan yil iyun oyidagi operatsiyada ishlatilgan B-2 bombardimonchilarining harakati kuzatilmagan.
Shuningdek, Isroilning o‘ziga tegishli 250 dan ortiq hujumkor qiruvchi samolyotlari AQShning mintaqadagi havo salohiyatini amalda ikki barobarga oshiradi. Bundan tashqari, seshanba kuni Isroil AQShdan uning arsenalidagi eng ilg‘or samolyotlar — F-22 «Raptor»larning 12 tasini qabul qilib oldi.
Shu bilan birga AQSh va Eron o‘rtasidagi bilvosita yadroviy muzokaralar ham davom etmoqda. AQShning bu harakatlari Eronga bosim va muzokaralar ish bermasa, ehtimoliy urushga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
Durovga qarshi jinoiy ish
Rossiyada Telegram asoschi Pavel Durov terrorizmga oid ayblovlar bo‘yicha jinoyat ishi doirasida tergov qilinayotgani e’lon qilindi.
Rossiyaning rasmiy davlat gazetasi e’lon qilgan maqola «Rossiya Federal xavfsizlik xizmati materiallariga asoslanganini» aytib, ilovani «gibrid tahdidlar vositasi» deb atagan. «Telegram rahbari P. Durovning harakatlari «terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish» bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish doirasida tergov qilinmoqda», deyiladi unda.
Maqolada Telegram — NATO harbiy ittifoqi va Ukraina vositasiga aylangani, radikallar va terrorchilar tomonidan keng qo‘llanayotgani yozilgan.
«Ko‘plab qoidabuzarliklar va Telegram ma’muriyatining rasmiylarimiz bilan hamkorlik qilishni istamasligi qayd etildi. Tegishli organlar zarur deb bilgan choralarni ko‘rmoqda», dedi Kreml so‘zchisi Peskov.
Telegram asoschisi Pavel Durovning o‘zi «rasmiylar rossiyaliklarning Telegramʼdan foydalanish imkoniyatini cheklash uchun har kuni yangi bahonalar o‘ylab topayotganini» aytdi. «Ular shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligini bostirishga urinmoqda. O‘z xalqidan qo‘rqayotgan davlatning achinarli manzarasi», deb yozdi Durov.
Rasmiylar VPN, WhatsApp hamda Telegram kabi messenjerlarga qarshi choralar — Ukraina tomonidan Rossiya ichkarisida amalga oshirilayotgan halokatli hujumlar va G‘arb razvedkalarining taxminiy sabotajga urinishlari fonida xavfsizlik uchun zarur ekanini aytmoqda.
Kreml 1 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega Telegramʼni bloklashga urinmoqda. Maqsad – o‘n millionlab rossiyaliklarni MAX nomli davlat qo‘llab-quvvatlaydigan muqobil ilovaga yo‘naltirmoqchi.
Aslida ilovadan Kremlning o‘zi ham, rossiyaparast harbiy blogerlar va Putinni qo‘llovchi targ‘ibotchilar ham keng foydalanadi.
Ukrainaga yordam masalasi
Vengriyaning tashabbusni bloklayotgan pozitsiyasiga qaramay, Ukraina Yevropa Ittifoqidan 90 milliard yevro miqdoridagi foizsiz kreditni «shunday yoki boshqacha yo‘l bilan» oladi. Bu haqda Yevrokomissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Kiyevdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Ruxsat bering, to‘liq aniqlik kiritay. Kredit Yevropa kengashida davlat va hukumat rahbarlarining 27 nafari tomonidan kelishilgan. Ular so‘z berdi. Bu so‘z buzilishi mumkin emas», dedi Lyayyen. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqida foydalanilishi mumkin bo‘lgan «turli variantlar» bor.
Ukraina uchun kreditning ustuvor vazifasi «mudofaa sohasidagi eng dolzarb ehtiyojlarni» qondirishdir. «U ukrain kuchlari uchun ilg‘or mudofaa uskunalarini xarid qilish va ishlab chiqarishga yordam beradi», dedi Yevrokomissiya raisi.
20 fevral kuni Vengriya Ukrainaga kredit ajratilishini bloklagandi. Budapesht «Drujba» quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti tiklanmaguncha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini aytmoqda.
Ukraina esa Rossiya neftini Slovakiya va Vengriyaga yetkazish uchun uning hududi orqali o‘tuvchi quvur Rossiya zarbalari natijasida shikastlanganini aytmoqda. Zelenskiy quvur vayron qilingani uchun javobgarlik Moskva zimmasida ekanini aytdi.
Isroil Livanni ogohlantirdi
Agar «Hizbulloh» AQSh va Eron o‘rtasidagi har qanday urushga aralashsa, Isroil Livanga qattiq zarba berish va aeroportni ham o‘z ichiga olgan fuqarolik infratuzilmasini nishonga olishini aytib, ogohlantirgan. Bu haqda ikki nafar yuqori martabali livanlik rasmiy Reutersʼga aytgan. Manbalarga ko‘ra, Isroilning bu xabari bilvosita yetkazilgan. Isroil bosh vaziri idorasi hamda Livan prezidentligi izoh so‘rovlariga javob bermadi.
«Hizbulloh»ning yangi rahbari Naim Qosim o‘tgan oydagi murojaatida guruh Vashington va Tehron o‘rtasidagi qarama-qarshilikda «betaraf emasligini» va «ehtimoliy tajovuz nishonida» ekanini aytgandi.
«Biz o‘zimizni himoya qilishga qat’iy qaror qilganmiz. Vaqti kelganda qanday harakat qilishni — aralashamizmi yoki yo‘q, o‘zimiz tanlaymiz», dedi Qosim.
Bir yil avval lavozimga kelgan Livan bosh vaziri Navaf Salam esa — Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh»ni qurolsizlantirishga intilib kelmoqda. U seshanba kuni guruhni Livanni «yana bir sarguzasht»ga tortmaslikka chaqirdi.
AQSh Davlat departamenti ham Beyrutdagi AQSh elchixonasidan zarur bo‘lmagan hukumat xodimlari va ularning tegishli oila a’zolarini olib chiqmoqda.
Isroil 2024 yildagi urush davomida «Hizbulloh»ga og‘ir zarbalar berdi — uning yetakchisi Hasan Nasrullohni hamda minglab jangchilarini o‘ldirdi va arsenalining katta qismini yo‘q qildi.
Shundan so‘ng 2024 yildagi AQSh vositachiligida sulhga qaramay, Isroil Livanga muntazam zarbalar berib kelmoqda va guruhni qayta qurollanishda ayblamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatishdan buyon Isroil zarbalari natijasida Livanda qariyb 400 kishi halok bo‘lgan.
Moskvada portlash
Moskva shahrida Savyolovskiy vokzali yaqinida 24 fevralga o‘tar kechasi portlash yuz berdi. Natijada bir nafar politsiyachi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi. Portlashni sodir etgan shaxs ham halok bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi vakilining aytishicha, yo‘l-patrul xizmati uch nafar xodimi Savyolovskiy vokzali maydonida xizmat olib borayotgan paytda «bir erkak yaqinlashib, o‘zini portlatgan».
Keyinroq Rossiya Tergov qo‘mitasi xudkush — Udmurtiyada tug‘ilgan 22 yoshli yigit ekanini bildirdi, biroq uning ismi ochiqlanmagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u 22 fevral kuni Sankt-Peterburgdan Moskvaga kelgan.
Portlash joyidan e’lon qilingan kadrlarda politsiya avtomobili jiddiy zarar ko‘rgani ko‘rinadi. Mashina kuzovi ichkaridan qiyshayib ketgan, yong‘in kuzatilmagan. «Tass» manbasi portlovchi qurilma quvvati trotil ekvivalentida taxminan 300 gramm bo‘lganini aytgan.
Kun davomida portlashga Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham izoh berdi. «Bugungi kunda odatiy bo‘lgan internet orqali yollash bo‘lsa kerak. Odamga portlovchi qurilmani tutqazishgan, keyin esa masofadan turib uni ham, ehtimoliy hujum obektini ham portlatishgan», dedi u FSB hay’ati yig‘ilishida.
Bu so‘nggi ikki oy ichida Moskvada sodir bo‘lgan ikkinchi shunday portlashdir. 24 dekabrga o‘tar kechasi ham Moskvada portlash sodir bo‘lib, uch kishi, jumladan, ikki nafar DPS xodimi halok bo‘lgandi.
22 fevralga o‘tar kechasi Ukrainaning Lviv shahrida ham portlash sodir bo‘ldi: unda 23 yoshli politsiya xodimasi halok bo‘lgan va 25 kishi jarohatlangan.
Mavzuga oid
15:51 / 24.02.2026
Ukraina urushining 4 yilligi, Fransiyada Trampning qudasi bilan mojaro va G‘arbiy sohilda yoqib yuborilgan masjid – kun dayjesti
15:49 / 23.02.2026
Meksikada o‘ldirilgan kartel yetakchisi, yakunlangan qishki Olimpiada va qayta saylangan Kim – kun dayjesti
14:55 / 21.02.2026
«Iskander» raketa zavodiga hujum va Trampning bojlarini bekor qilgan Oliy sud – kun dayjesti
14:47 / 20.02.2026