Jahon | 13:18
507
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya bundestagi Ukraina qo‘llab-quvvatlanishi haqida rezolyutsiya qabul qildi

RFning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganiga to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan qabul qilingan rezolyutsiya matnida aytilishicha, Ukraina o‘z milliy chegaralaridan tashqarida ham erkinlikni, demokratiyani va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilmoqda.

Foto: Maja Hitij/ Getty Images

Germaniya Federativ Respublikasi bundestagi Germaniyaning Ukrainaga Rossiya harbiy tajovuziga qarshi kurashida ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqladi. Chorshanba, 25 fevral kuni deputatlar koalitsiya ko‘pchiligi bilan RFning Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bostirib kirganiga to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi.

Hukmron partiyalar — konservativ blok Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI), shuningdek Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) tomonidan kiritilgan rezolyutsiya matnida ta’kidlanishicha, Ukraina o‘z milliy chegaralaridan tashqarida ham erkinlikni, demokratiyani va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilmoqda.

Bundestag Ukrainaga yetarli miqdorda qurol-yarog‘, o‘q-dori va texnika yetkazib berishni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, chunki nemis parlamentiga ko‘ra, Kiyev barqaror va adolatli tinchlikka faqat kuch pozitsiyasidan turib erisha oladi. Bundan tashqari, Rossiya daromadlarini, ayniqsa neft eksportidan tushadigan daromadlarni qisqartirish uchun Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini yanada kuchaytirish zarurligi aytiladi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful yig‘ilishda so‘zga chiqib, Ukrainada uzoq muddatli va adolatli tinchlikka erishishga chaqirgan. Uning fikricha, agar Yevropa hududlarni bosib olish va zo‘ravonlikka ko‘nib qolsa, bu ekspansiyaga intilib, revizionist siyosat yuritayotgan boshqa davlatlar uchun ham namunaga aylanadi.

Muxolifat XDI/XSI va GSDP taklifini qo‘llab-quvvatlamadi. O‘ta o‘ng radikal “Germaniya uchun muqobil” partiyasi va So‘l partiya hukmron koalitsiyani harbiy kuchga ortiqcha urg‘u bermoqda, deb aybladi, “yashillar” esa rezolyutsiyani yetarlicha qamrovli emas, deya tanqid qildi. Yanvar oyi oxirida GFR bundesrati ham Ukraina qo‘llab-quvvatlanishi haqida rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid