Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy va Tramp RF bilan muloqotni va Jyenevadagi uchrashuvni muhokama qildi
Ukraina prezidentining aytishicha, Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi mart oyi boshiga ko‘chirilgan. Buning sabablari aniqlashtirilmagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi, unda Ukraina va RF o‘rtasidagi muzokara jarayoni muhokama qilingan. Bu haqda Ukraina rahbari chorshanba, 25 fevral kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ertaga Jyenevada ikki tomonlama uchrashuvda vakillarimiz ishlaydigan masalalar, shuningdek, muzokara guruhlarining to‘liq tarkibda — uch tomonlama formatda mart oyining eng boshida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlik haqida gaplashdik”, — dedi Zelenskiy. Uning ta’kidlashicha, telefon suhbatida Amerika tomonidan Trampning muzokarachilari Stiven Uitkoff va Jared Kushner ham ishtirok etgan.
Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina va RFning navbatdagi uchrashuvi “yetakchilar darajasidagi muzokaralarga o‘tish imkonini beradi”, deb umid qilmoqda va Tramp ham shunday qadamlar ketma-ketligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, Ukraina rahbari uch davlat delegatsiyalari uchrashuvining nega ko‘chirilganini aniqlashtirmadi — u fevral oyi oxirigacha bo‘lishi kerak edi.
Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff avvalroq AQSh delegatsiyasi 26 fevral kuni Jyenevada Kiyev vakillari bilan uchrashishini aytgan edi; Ukraina delegatsiyasiga Ukraina MXKK kotibi Rustem Umerov rahbarlik qiladi. Uitkoffning aytishicha, shu uchrashuvdan keyin “ehtimol, keyingi 10 kun ichida” Rossiya delegatsiyasi ishtirokida ham muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak.
Shunga qaramay, TASS xabar berishicha, 26 fevral kuni Jyenevaga Donald Trampning vakillari bilan uchrashish uchun RF prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev uchib keladi. Rossiya axborot agentligi manbasiga ko‘ra, bu uchrashuv RFning Ukrainaga qarshi urushini tugatish masalasiga bag‘ishlanmaydi — tomonlar “iqtisodiy yo‘nalish”ni muhokama qiladi.
Reuters agentligi ma’lum qilishicha, bu Vladimir Putin va Donald Tramp vakillarining Yevropa hududida bir hafta ichidagi ikkinchi uchrashuvi bo‘ladi. 23 fevral kuni ham tomonlar Jyenevada muzokara o‘tkazgan, unda yadro qurollarini nazorat qilish to‘g‘risidagi kelishuvni qayta tuzish masalasi muhokama qilingan.
Ukraina va RF o‘rtasidagi AQSh vositachiligidagi muzokaralar 23 yanvardan beri davom etmoqda — o‘shanda Abu-Dabida uch davlat delegatsiyalari ishtirokida ikki kunlik uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng BAAda 4–5 fevral kunlari yana bir bosqich o‘tkazildi. 17–18 fevral kunlari delegatsiyalar Jyenevada uchrashdi. Ammo uch bosqich muzokaralari natijasida tinchlikka olib boradigan sezilarli siljishga erishilgani haqida delegatlar tomonidan xabar berilmadi.
RFning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha muzokaralardagi eng keskin mavzulardan biri — Moskva talabi: Donbassning hali egallanmagan hududlarini jangsiz unga topshirish. Kiyev bunday hududiy da’volarni rad etadi, biroq murosa variantlarini izlashga tayyor. Zelenskiy avvalroq shunday variantlardan biri sifatida jang harakatlarini mavjud to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab to‘xtatish mumkinligini aytgan.
Fevral oyi boshida Ukraina prezidenti, shuningdek, 2022 yil mart oyida RF kuchlari egallagan Zaporijjya atom elektr stansiyasini boshqarish masalasi hal etilmay qolayotganini ta’kidlagan. Ukraina stansiya ustidan nazoratni o‘ziga qaytarishni talab qilmoqda, Moskva esa hatto AES boshqaruvi AQShga o‘tishi variantini ham rad etayotgani haqida Reuters avvalroq yozgan edi. Zelenskiyning aytishicha, bu masala kompleks tarzda hal qilinishi kerak — masalan, Kaxovka GESni tiklash bilan birga. Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi esa, AEXA obekt yaqinidagi jang harakatlarini to‘xtatishga chaqirib kelayotganiga qaramay, o‘qqa tutish oqibatlari bilan to‘qnashishda davom etmoqda.
Mavzuga oid
22:12 / 11.06.2026
AQSh Ukraina va Erondagi urushlar tufayli dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
21:17 / 11.06.2026
Tramp Eron neft va gaz bozorlarini «to‘liq Amerika nazorati ostiga» olishga va’da berdi
20:29 / 11.06.2026
Eron afsonaviy Apacheʼni urdi. Urush qaytalandi
16:23 / 11.06.2026