Jahon | 14:15 / 27.02.2026
5504
8 daqiqa o‘qiladi

Kobulga zarba bergan Pokiston, AQSh–Eron yadroviy muzokaralari va Yevroittifoqning Qirg‘izistonga talabi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida qurolli to‘qnashuv

«Tolibon» payshanba kuni kechqurun Pokiston chegarasi bo‘ylab harbiy pozitsiyalarga qarshi operatsiya boshladi. Natijada Pokistonning ikki nafar askari halok bo‘lgan, qarshi hujumda esa yana uch askari yaralangan.

«Tolibon» ushbu «keng ko‘lamli» operatsiya haftaning boshida amalga oshirilgan zarbalarga javoban boshlanganini da’vo qilmoqda.

«Pokiston harbiy doiralari tomonidan chegarani takroran buzish va qo‘zg‘olonlarga javoban chegara bo‘ylab Pokiston armiyasi markazlari va harbiy obektlariga qarshi keng ko‘lamli oldindan zarba berish operatsiyalari boshlandi», deb yozdi «Tolibon» rasmiysi Zabihulloh Mujohid. Shuningdek, Mujohid hujum davomida ko‘plab pokistonlik askarlar o‘ldirilgani va ayrimlari asir olinganini bildirdi.

Bu da’volar Pokiston bosh vaziri vakili tomonidan rad etildi. «Dastlabki ma’lumotlar afg‘on tomoni katta talafot ko‘rganini, bir nechta postlar va texnika yo‘q qilinganini tasdiqlamoqda», - deyiladi tungi bayonotda.

«Tolibon» hujumidan so‘ng Pokiston harbiylari juma kuni tong saharlab Afg‘onistonning Kobul va Qandahor shaharlariga havodan zarbalar berdi. AFP xabariga ko‘ra, Kobul aholisi shahar bo‘ylab kuchli portlashlar ovozini eshitgan.

Har ikki tomon so‘nggi to‘qnashuvlarda bir-biriga katta talafot yetkazilgani, o‘nlab askarlarni o‘ldirganini da’vo qilmoqda.

Bu havo hujumlaridan keyin Pokiston mudofaa vaziri Muhammad Asif keskin ohangdagi bayonot berib, «Tolibon» hukumati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon qildi.

«Pokiston vaziyatni to‘g‘ri yo‘llar bilan va do‘st mamlakatlar orqali me’yorda saqlab qolish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. U to‘liq hajmdagi diplomatiyani ishga soldi. Sabr kosamiz to‘ldi. Endi bu — siz bilan bizning o‘rtamizdagi ochiq urushdir», deb yozdi Asif.

Ikki davlat o‘tgan yili chegaradosh hududlarda yuz bergan halokatli to‘qnashuvlardan so‘ng mo‘rt sulhga kelishib olgandi, ammo so‘nggi kunlarda janglar yana avj olmoqda. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2 500 km uzunlikdagi tog‘li chegara mavjud.

AQSh va Eron yadroviy muzokaralari

AQSh va Eron Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarda siljishga erishdi, deb xabar berdi vositachi Ummon davlati. Biroq payshanba kungi ko‘p soatlik muhokamalar aniq bir burilishsiz yakunlandi.

Ikki tomon o‘z yetakchilari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgandan so‘ng muzokaralarni tez orada davom ettiradi. Kelasi hafta Venada texnik darajadagi muhokamalar o‘tkazilishi belgilangan.

Muhokamada doimgidek Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi hamda AQSh vakillari Stiv Uitkoff, Jared Kushner qatnashgan.

Araqchi Eron davlat televideniyesiga bergan intervyusida: «ba’zi masalalarda kelishuvga erishdik, boshqalarida esa farqlar saqlanib qolmoqda», - dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron AQSh sanksiyalarini bekor qilishni talab qilmoqda, Vashington esa bunga faqat Tehronning katta yon berishlaridan keyingina rozi bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.

Tramp agar kelishuv bo‘lmasa, chora ko‘rish bilan bir necha bor tahdid qilgan. 19 fevralda esa Tramp Eronga kelishuv uchun 10-15 kun muhlat bergan, aks holda «juda yomon ishlar» sodir bo‘lishidan ogohlantirgan edi.

Xitoy armiyasida yana tozalash

26 fevral kuni Xitoy kamida to‘qqiz nafar yuqori martabali harbiy amaldorni milliy qonun chiqaruvchi organ tarkibidan chetlatdi. South China Morning Post gazetasining xabar berishicha, Xalq vakillari Butunxitoy kengashi – armiya va qurolli politsiyadan bo‘lgan deputatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritib, ularning umumiy sonini 243 nafarga tushirgan.

Chetlatilganlar orasida besh nafar armiya generali, bir nafar general-leytenant va uch nafar general mayor bor. Lavozimidan olingan besh nafar oliy martabali general qatorida axborot, quruqlikdagi qo‘shinlar, dengiz va havo kuchlarining sobiq qo‘mondonlari bor.

Shuningdek, Markaziy harbiy kengashning Mudofaa safarbarligi departamenti generallari ham ro‘yxatdan chiqarilgan. Rasmiy Pekin ushbu chetlatishlar sababini ochiqlamadi.

China Power tahliliy markazi hisobotiga ko‘ra, 2022 yil va undan keyin tayinlangan 47 nafar generalning 87 foizi tergov qilingan yoki lavozimidan chetlatilgan. Umuman olganda, so‘nggi yillarda Xitoy xalq ozodlik armiyasidagi oliy rahbarlik lavozimlarining qariyb 52 foizi tergov yoki «tozalash» qurboni bo‘ldi. Bu holat rais Si Jinping davridagi misli ko‘rilmagan kadrlar almashinuvini aks ettiradi.

Isroil G‘arbiy sohilda 312 ta inshootni vayron qildi

Huquq himoyachilari guruhining ma’lum qilishicha, Isroil 2026 yilning dastlabki olti haftasi davomida Falastinning 312 ta turar joy va qishloq xo‘jaligi inshootini buzib tashlagan.

Quddus huquqiy yordam va inson huquqlari markazi bayonotida bosib olingan G‘arbiy sohilda Isroil amalga oshirayotgan vayronagarchiliklar va noqonuniy ko‘chmanchilarning hujumlari keskinlashgani ta’kidlanadi.

Markaz BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, Isroil rasmiylari yil boshidan 18 fevralga qadar 312 ta inshootni yer bilan yakson qilganini bildirdi. Bu holat qariyb 21 ming falastinlikka ta’sir ko‘rsatgan. Vayronagarchiliklarning aksariyati G‘arbiy sohilning qariyb 60 foizini tashkil etuvchi va Isroilning to‘liq nazoratidagi «C hududi»da sodir bo‘lgan.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, bu harakatlar xalqaro humanitar huquqning, xususan, To‘rtinchi Jyeneva konvensiyasining qo‘pol buzilishidir. Mazkur konvensiya bosib olingan hududlarda shaxsiy mulkni vayron qilishni taqiqlaydi.

Aslida G‘azodagi urush boshlanganidan buyon G‘arbiy sohilda zo‘ravonliklar keskin oshgan. 2023 yil oktyabridan hozirga qadar bu hududda 1 117 nafar falastinlik halok bo‘ldi, qariyb 11,5 ming kishi yaralandi. Yana 22 mingga yaqin falastinlik hibsga olingan.

Yevropaning Qirg‘izistonga talabi

Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston rasmiylarini Yevropa tovarlarining Rossiyaga reeksport qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.

Bryusselning fikricha, Qirg‘iziston hududi orqali Rossiyaga Yevropa sanksiyalari ostidagi tovarlar kirib borishi mumkin. Gap ikki maqsadli — fuqarolik va ehtimoliy harbiy bo‘lgan mahsulotlar, komponentlar haqida bormoqda.

Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri Qirg‘izistonga Yevropa tovarlari importi sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, ularni Rossiyaga qayta eksport qilish hajmi ham sezilarli darajada ko‘paygan. Bunday dinamika Yevropa rasmiylarini xavotirga solmoqda, chunki bu uchinchi davlatlar orqali sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tishga urinishlardan dalolat.

Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston rasmiylaridan bojxona nazoratini kuchaytirish, mahsulotning oxirgi xaridorlarini puxta tekshirish va vositachi kompaniyalar monitoringini kutmoqda.

Avvalroq Bryusselda, reeksport muammosi hal etilmasa, Qirg‘izistonga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar joriy etish muhokama qilingandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid