Jahon | 23:17 / 02.03.2026
6669
2 daqiqa o‘qiladi

Biz oson g‘alaba qozonamiz – Tramp urush boshlanganidan keyin ilk marta jonli efirda nutq so‘zladi

AQSh rahbari Eronga qarshi urushda aslo zerikmasligini, dunyodagi eng kuchli va qudratli armiyaga egaligini va oson g‘alaba qozonishini ta’kidladi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 2 mart kuni Vashingtondagi Oq uyda Faxriy medallar bilan taqdirlash marosimida nutq so‘zladi.

Bu uning 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganidan keyin birinchi marta jonli efirdagi nutqi bo‘ldi.

Tramp asosan urush haqidagi avvalgi gaplarini takrorladi. Meduza undan qisqa iqtiboslar keltirdi.

«Biz urushni boshladik, chunki Eron yadroviy qurol ishlab chiqishni to‘xtatmoqchi emas edi. Bu bizning so‘nggi va eng yaxshi zarba berish imkoniyatimiz edi. Eron allaqachon Yevropaga va bizning bazalarimizga zarba bera oladigan raketalarga ega edi va tez orada go‘zal Amerikaga yetib bora oladigan raketalarga ega bo‘lardi», dedi Tramp.

«Bizning maqsadlarimiz aniq: Eronning raketa salohiyati va harbiy-dengiz flotini yo‘q qilish, dunyodagi terrorizmning bosh homiysi hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi va o‘z chegaralaridan tashqarida terrorchilarni boshqara olmasligini ta’minlash», dedi Oq uy rahbari.

«Biz boshidanoq urush to‘rt-besh hafta davom etishini bashorat qilgan edik. Biz allaqachon prognozlardan ancha ilgarilab ketdik, ammo qancha kerak bo‘lsa, shuncha uzoqroq bardosh bera olamiz. Bugun kimdir hamma narsani tezda qilmoqchiligimni, aks holda «zerikib qolishimni» aytdi. Men zerikmayman. Bunda hech qanday zerikarli narsa yo‘q. Bizda dunyodagi eng kuchli va qudratli armiya bor va biz osongina g‘alaba qozonamiz», deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid