AQSh Markaziy qo‘mondonligi Amerika harbiylari xalqaro suvlarda savdo kemalariga qayta boshlangan hujumlarga javoban jiddiy talafot yetkazish maqsadida Eronga bir qator «kuchli» zarbalar berganini ma’lum qildi.

«Zarbalar Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan uchta savdo kemasiga qilgan hujumiga javoban berildi. Eron tomonining tajovuzi asossiz va xavfli bo‘lib, o‘t ochishni to‘xtatish rejimining ochiqdan ochiq buzilishi edi», – deyiladi bayonotda.

Seshanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikkita, dushanba kuni esa yana bir tanker hujumga uchragandi. Qatar Eronni suyultirilgan gaz tashuvchi tankerga hujum qilishda aybladi; kema mashina bo‘linmasida yong‘in yuzaga kelgan. Ekipaj a’zolari evakuatsiya qilingan, Reuters manbalari xabar berishicha, yong‘in portlashga olib kelishi mumkin edi. Shuningdek, OAV O‘mon qirg‘oqlari yaqinida Saudiya Arabistoni bayrog‘i ostida suzgan tanker shikastlangani haqida ham xabar berdi. Tehron bu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

AQSh harbiylari Eronning havo mudofaasi va sohil kuzatuvi tizimlari, shuningdek, raketa va dronlarni uchirish qurilmalari hamda port inshootlariga zarba berdi, deya ma’lum qilgan OAVga Amerika rasmiysi.

Keyinroq Markaziy qo‘mondonlik yangi zarbalar seriyasini yakunlagani va 80 dan ortiq nishonlar – havo mudofaa tizimlari, boshqaruv punktlari, sohil radiolokatsion stansiyalari, kemaga qarshi raketa tizimlari va Islom inqilobi muhofizlari korpusining kichik katerlarini yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Axios manbasi so‘zlariga ko‘ra, yangi zarbalar iyun oyi oxirida berilgan so‘nggi zarbalarga qaraganda to‘rt-besh baravar kuchliroq bo‘lgan. CNN suhbatdoshi esa bu zarbalarni «jazo» deb atagan va zarbalar davom etishini qo‘shimcha qilgan.

Eron davlat nashrlari Bandar-Abbos va Sirik port shaharlarida, shuningdek, Keshm orolida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berdi.

Tinch aholi orasida halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar yo‘q, Sirikdagi port hududiga tushgan snaryad parchalari tufayli bir necha kishi jarohatlangan.

Sirik va Bandar-Abbosdagi baliqchilik pirslari (kemalarga yuk ortish va tushirish, shuningdek, yo‘lovchilarni chiqarish uchun qurilgan, suv ichkarisiga kirib borgan gidrotexnik inshoot, prichal) hujumga uchragan, bir necha baliqchilik kemalari yonib ketgan. Eronning IRIB davlat telekanali xabar berishicha, bu hujum nishoni Bandar-Abbosdagi telekommunikatsiya minorasi bo‘lishi mumkin.