Jahon | 00:02
1881
7 daqiqa o‘qiladi

Eron zarbalari: cheklangan javobmi yoki katta urush boshlanishi?

Eron avval ogohlantirgandek AQShga javob zarbalari beryapti.

Fors ko‘rfazi atrofidagi bir qancha davlatlar allaqachon havo hududlarini yopgan, shunday bo‘lsa-da arab davlatlaridagi mashhur turargohlardan portlashlar aks etgan tasvirlar tarqalyapti.

Siyosatshunoslar Eron atrofidagi vaziyatni turli rakurslardan baholab, ehtimoliy kutilmalar haqida so‘z yuritdi.

Eron avval ogohlantirgandek AQShga javob zarbasi beroldimi?

Bektosh Berdiyev: Eron bir necha oy avvaloq agar Amerika Qo‘shma Shtatlari hujum qilsa, AQSh harbiy bazalari joylashgan har qanday davlat qonuniy nishonga aylanishi haqida ogohlantirgan edi. Bu haqida Qatar, BAA, Kuvayt va Saudiya Arabistoni oldindan xabardor qilingan va tegishli tayyorgarlik ham ko‘rilgan.

Shu sababli hozircha insoniy yo‘qotishlar katta emas. Biroq Eron o‘z so‘zida turgan holda ushbu davlatlardagi AQSh harbiy obektlari va boshqaruv nuqtalariga zarba berdi. Ayniqsa, Bahrayndagi dengiz kuchlari boshqaruv markaziga qilingan hujum alohida ahamiyatga ega.

Ayni paytda Eron kuchli diplomatik bosimga duch kelmoqda. Ko‘plab davlatlar uni boshqa mamlakatlar suverenitetiga tahdid qilganlikda ayblab, keskin qoralamoqda. Qatar, Kuvayt, BAA va Saudiyaga nisbatan qilingan harakatlar xalqaro miqyosda tanqid qilinmoqda. Biroq shu bilan birga, AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan hujumlar G‘arb tomonidan jiddiy qoralanmayapti. Bu holat xalqaro munosabatlardagi ikki xil yondashuv sifatida baholanmoqda.

Rossiya, Xitoy, Belarus va Turkiya kabi davlatlar Eronga nisbatan nisbatan yumshoqroq munosabat bildirgan bo‘lsa, G‘arb davlatlari aksincha Tehronni ayblashda davom etmoqda. Yevropa Ittifoqi ham bu jarayonda o‘z ittifoqchilari pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan.

Shuningdek Eron hali o‘z harbiy salohiyatini to‘liq namoyon etgani yo‘q. U doimiy bosim va zarbalar ostida turibdi. Shunga qaramay, ma’lum darajada javob zarbalarini bermoqda. Yana bir muhim jihat, arab jamiyatlaridagi kayfiyat. Bu yerda ikki xil qarash bor. Bir tomondan, Eron shia davlati bo‘lgani uchun raqib sifatida qabul qilinadi. Ikkinchi tomondan esa, u Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi va Isroilga qarshi asosiy kuch sifatida ko‘riladi.

Shuningdek, ko‘plab arab davlatlarida shia mazhabidagi aholi mavjud bo‘lib, ular turli sharoitlarda Eronni qo‘llab-quvvatlashga moyil.

Bu holat ayniqsa Iroqda yaqqol ko‘rinmoqda: u yerda AQSh harbiy bazalari va elchixonasi oldida namoyishlar boshlangan. Bu esa Iroqda vaziyat yanada beqarorlashishi mumkinligini ko‘rsatadi. Xususan, Bag‘doddagi namoyishlar bu xavfning real ekanini anglatmoqda. Umuman olganda, Fors ko‘rfazi atrofidagi davlatlarda shia aholining mavjudligi mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.

 

Oybek Sirojov: Oldingi 12 kunlik urush paytida Eron jamiyati axborot nuqtai nazaridan ma’lum ma’noda shok holatiga tushgan edi. Hozirgi vaziyatda esa jamiyat ancha uyg‘oq va tezkor reaksiya qilayotganini ko‘rish mumkin.

Masalan, Erondagi maktabga qilingan raketa zarbasi va natijada 150 dan ortiq bolaning halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar qisqa vaqt ichida butun dunyoga tarqalmoqda.

Bu esa axborot maydonida faollik oshganini ko‘rsatadi. Biroq shu bilan birga, internetning o‘chirilishi jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu holat ko‘plab yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishni chekladi va jamiyat ichida ma’lum darajada sarosima keltirib chiqardi.

Harbiy jihatdan qaralsa, Eron o‘zining aytganidek to‘liq samarali zarbalar bera olmayotgan bo‘lsa-da, ma’lum darajada javob qaytarayotgani ko‘rinib turibdi.

Bu esa mamlakat oldindan jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini anglatadi.

Shu bilan birga, bu holat mojaro uzoq davom etishi mumkinligidan darak beradi. Buni Eron rasmiylarining bayonotlari ham tasdiqlaydi. Xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining vaqtinchalik bosh qo‘mondoni Ahmad Vohidiy chiqish qilib, Eronda hali qo‘llanmagan “sirli qurollar” borligi va ular yaqin vaqtda ishga solinishi mumkinligini aytdi. Bu esa mojaro yanada keskinlashishi ehtimoli borligini ko‘rsatadi.

 

Kamoliddin Rabbimov: Eron siyosiy tizimi teokratik tizim bo‘lib, unda diniy va siyosiy hokimiyat birlashgan. Bugungi vaziyatni tushuntirishda faqat tashqi dushmanlarni ayblash yetarli emas. Mintaqada Isroilning agressiv siyosati, Falastindagi urushlar va katta hududiy da’volar haqidagi qarashlar bor. Bu omillar Eron siyosatiga ham ta’sir qiladi. Lekin zamonaviy dunyoda har qanday davlat ichki jihatdan ham kuchli va raqobatbardosh bo‘lishi kerak.

Bugungi xalqaro siyosatda, ya’ni kuch va manfaatlar ustuvorligi doim mavjud bo‘lgan. Oldin AQSh bu siyosatni ko‘proq xalqaro qonunlar va diplomatiya orqali olib borgan. Masalan, ayrim harbiy harakatlar BMT xavfsizlik kengashi orqali asoslab berilgan. Hozir esa ayrim siyosatchilar bu qoidalarga kamroq e’tibor bermoqda.

Eron tizimining eng katta muammosi uning legitimligi, ya’ni xalq orasidagi ishonchi susayib borayotgani. Iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat og‘irlashgan. Albatta, bunda tashqi bosimlar, sanksiyalar va geosiyosiy qarama-qarshiliklar muhim rol o‘ynaydi.

Eron tabiatan gaz va neftga boy, lekin ichki siyosiy tizim va xalqaro bosim tufayli bu resurslardan to‘liq foydalanolmayapti.

Shuningdek, dunyodagi boshqa davlatlar ham iqtisodiy va siyosiy bosimga duch kelmoqda. Masalan, Turkiyada ham oxirgi besh yilda inflatsiya 600 foizga yetgan. Keyingi bosim Pokistonga nisbatan ham paydo bo‘lishi mumkin. Isroilga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan har qanday davlat bu ro‘yxatdan joy olishi mumkin.

 

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid