O‘zbekiston | 14:13
583
3 daqiqa o‘qiladi

Qatarda jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q - elchixona

Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar fonida Qatar hududida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmadi. Bu haqda O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi ma’lum qildi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA xabar berishicha, 1 mart holatiga ko‘ra Qatarda 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Ulardan:

  • 31 nafari — diplomatik vakolatxonalar xodimlari va oila a’zolari;
  • 40 nafari — Dohada tahsil olayotgan talabalar;
  • 250 nafari — vaqtincha ishlovchi fuqarolar;
  • 270 nafari — turizm va boshqa sabablar bilan safarda bo‘lib turganlar.

Qayd etilishicha, 28 fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va bir qator xalqaro reyslar bekor qilinishi natijasida 48 nafar vatandosh Doha shahridagi Hamad xalqaro aeroportida qolib ketgan. Ular Toshkentga Sharja, Dubay va Olmaota aeroportlari orqali uchib ketishi kerak edi.

Hamad xalqaro aeroporti ma’muriyati, shuningdek, Qatar Airways, Air Arabia va Saudia Airlines aviakompaniyalari yo‘lovchilarga mehmonxona taqdim etish imkoniyati cheklanganini ma’lum qilgan.

Shu kunning o‘zida elchixona mas’ul xodimlari aeroportga chiqib, fuqarolarning holatini o‘rgangan hamda aviakompaniyalar va aeroport ma’muriyati bilan muzokaralar olib borgan. Elchixona tomonidan fuqarolar bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, zarur konsullik yordami ko‘rsatilgan.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘ragan fuqaro va boshqa vatandoshlar bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatilgan va fuqarolar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirilgan.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, reyslarning bekor qilinishi turli davlatlar fuqarolariga ta’sir ko‘rsatgan favqulodda vaziyat bo‘lib, joylashtirish imkoniyatlari cheklangan sharoitda amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, diplomatik vakolatxona mavjud imkoniyatlar doirasida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish ishlarini davom ettirmoqda.

Qatar havo hududi ochilib, aviaqatnovlar qayta tiklangandan so‘ng fuqarolarning vatanga qaytishi mumkin bo‘lishi ta’kidlangan. Ayni paytda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning xavfsiz qaytib ketishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda. Yo‘lovchilar ro‘yxati tuzilgan va muntazam yangilanib borilmoqda.

Elchixona fuqarolarni vahima qilmaslikka, voqealar yuzasidan faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirib, xavfsizlik nuqtai nazaridan Qatar rasmiy idoralari ko‘rsatmalari va mahalliy qonun-qoidalarga to‘liq amal qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik hamda odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishni tavsiya qildi.

Qatarda turizm maqsadida vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar elchixona konsuli Otabek Murodov bilan bog‘lanishi mumkin: +974 5141 1001.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid