Jahon | 14:26
2147
3 daqiqa o‘qiladi

YeI: Xominaiy o‘limidan keyin Eron xalqi uchun “yangi umid” paydo bo‘ldi

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kallas Xominaiyning halok bo‘lishini “Eron tarixida hal qiluvchi lahza” deb atadi, Yevrokomissiya raisi fon der Lyayyen esa bu “Eron xalqiga yangi umid” berganini bildirdi.

Foto: Sharafat Ali / Reuters

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen va YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas yakshanba, 1 mart kuni Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy vafot etganidan keyin Eron xalqi kattaroq erkinlikka erishishiga umid bildirdi. Biroq, AQSh–Isroil zarbalari natijasida Xominaiy halok bo‘lgani haqida fikr bildirgan YeI rahbarlari mintaqada beqarorlik xavfi borligidan ham ogohlantirdi.

“Xominaiy ketishi bilan Eron xalqi uchun yangi umid paydo bo‘ldi. Biz kelajak ularniki bo‘lishini, ular uni o‘zlari belgilay olishini ta’minlashimiz kerak”, — deya fon der Lyayyen Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan muzokaralardan keyin X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. “Shu bilan birga, bu lahzada real beqarorlik xavfi bor — u mintaqani zo‘ravonlik spiraliga tortib ketishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Yevrokomissiya raisi sheriklar bilan “barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek tinch aholi hayotini himoya qilish” maqsadida aloqada ekanini bildirdi.

“Ali Xominaiyning o‘limi — Eron tarixida hal qiluvchi lahza”, — deya Kaya Kallas X’da qayd etdi. “Bundan keyin nima bo‘lishi — noma’lum. Ammo endi xalqda, ehtimol, ko‘proq erkinlikka ega bo‘ladigan boshqa Eronga olib boradigan yo‘l ochildi”.

U telefon orqali Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar, shuningdek Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlarining boshqa tashqi ishlar vazirlari bilan ham suhbatlashganini ma’lum qildi. “Men sheriklar bilan, jumladan mintaqada Eronning harbiy harakatlari og‘ir yukini ko‘tarayotganlar bilan ham aloqadaman — keskinlikni pasaytirish uchun amaliy qadamlarni topish maqsadida”, — deb yozdi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

Avvalroq Kallas YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlarining vide-aloqa orqali uchrashuvi o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid