Jahon | 13:20
2784
23 daqiqa o‘qiladi

Sayyoraning eng muhim qontomiri: Xo‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish Eron uchun qanchalik ahamiyatga ega?

28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng ommaviy axborot vositalarida Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘g‘oz haqida nimalar ma’lum va nega uni sayyoraning eng muhim energetik qontomiri deb atashadi?

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi O‘mon ko‘rfazini (o‘ngda) Fors ko‘rfazi (chapda) bilan bog‘laydi. Shuningdek, ushbu suv yo‘li Yaqin Sharq davlati Eronni (yuqorida) Arabiston yarimorolidagi O‘mon, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar davlatlaridan (pastda o‘ngdan chapga) ajratib turadi.
(Foto: Jacques Descloitres / MODIS Land Rapid Response Team / NASA / GSFC).

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi nima?

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi — Fors va O‘mon ko‘rfazlarini Arab dengizi bilan bog‘lovchi suv yo‘li. U Eron va O‘monni ajratib turadi hamda asosan shu ikki davlatning hududiy suvlariga tegishli. U dunyodagi eng muhim dengiz kommunikatsiyalaridan biri hisoblanadi, chunki u orqali Fors ko‘rfazi mamlakatlari (Iroq, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va BAA) nefti tankerlar yordamida Osiyo bozorlariga tashiladi. Bo‘g‘oz orqali jahon nefti, kondensati va neft mahsulotlarining 15–20 foizi, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizdan ko‘prog‘i o‘tadi. Bloomberg baholashicha, 2025 yilda bo‘g‘oz orqali har kuni 16,7 million barrelga yaqin xom neft va kondensat tashilgan. Eronning Fors ko‘rfazi davlatlari (birinchi navbatda Saudiya Arabistoni va BAA) hamda Isroil va AQSh bilan munosabatlardagi keskinligi ushbu hududdagi kemalar qatnovi xavfsizligiga oid xavotirlarni kuchaytiradi. Bo‘g‘ozning yopilishi yoki qamal qilinishi uglevodorod xomashyosi narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi
NASA

Xo‘rmuz bo‘g‘ozining geografiyasi

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi Hind okeanining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u Eronning janubi-sharqiy sohilini O‘monning shimoliy sohilidan ajratib turadi. Bo‘g‘ozning uzunligi — 180–195 km, chuqurligi — 70–100 m, eni — 55–95 km. Eng tor joyi shimoli-sharqda (Eronning Larak oroli bilan O‘monning As-Salama arxipelagi orasida) bo‘lib, eni atigi 33–39 kmni tashkil etadi. Shu bilan birga, kema qatnovi uchun mo‘ljallangan yo‘laklar har ikki yo‘nalishda ham bor-yo‘g‘i ikki dengiz milyasi kenglikda bo‘lib, ular o‘rtasida xuddi shunday kenglikdagi bufer (ajratuvchi) hudud mavjud.

Bo‘g‘ozda ko‘plab mayda, kimsasiz orollar va aholi yashaydigan sakkizta yirik orol joylashgan. Ular orasida eng muhimlari — Xo‘rmuz oroli (bo‘g‘oz nomi ham shu oroldan olingan), shuningdek Keshm (bo‘g‘ozdagi eng katta orol), Larak, Hengam, Katta Tunb va Abu-Muso orollari (barchasi Eron tarkibida). Larak orolidan janubda O‘monga qarashli Sumandam yarimoroli joylashgan bo‘lib, unga As-Salama arxipelagi orollari tutashib ketgan. Bo‘g‘ozning shimolida Eronning yirik dengiz porti — Bandar-Abbos joylashgan. Shuningdek, sohil bo‘ylab Fujayra porti, Jabal-Ali va Xor-Fakkan shaharlari joylashgan bo‘lib, ular Dubayga yuk tashishda muhim tranzit tugunlari hisoblanadi.

Dastlab bo‘g‘ozning shimoliy sohilida, hozirgi Bandar-Abbos shahridan 100 km sharqda joylashgan Minab vohasi yaqinidagi qadimiy port shahri Xo‘rmuz deb atalgan. 650–651 yillardan boshlab u arablar nazoratida bo‘lgan, taxminan 1110 yildan esa o‘monlik musulmon sulolasi tomonidan boshqarilgan. XIII asr boshiga kelib port muhim tranzit savdo markaziga aylangan — u orqali Hindiston va Xitoy bilan savdo amalga oshirilgan. Shaharga mashhur sayyoh Marko Polo ikki marta kelgan (1272 va 1293 yillarda). XIII asr oxirida Chig‘atoy ulusidan bo‘lgan mo‘g‘ullar hujumlari sababli shahar va port Jarun oroliga ko‘chirilgan va u yerda Yangi Xo‘rmuz shahri barpo etilgan. XIV asrda bu yerga arab sayyohi va savdogari Ibn Battuta bir necha bor kelgan, taxminan 1472 yilda esa rus savdogari va sayyohi Afanasiy Nikitin ham bu yerda bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan yangi port ham, orol ham Xo‘rmuz nomi bilan atala boshlagan. 1507–1508 yillarda va 1515 yildan boshlab orol portugallar nazorati ostida bo‘lgan. 1622 yilda esa fors shohi Abbos I tomonidan qaytarib olingan va Safaviylar davlati tarkibiga qo‘shilgan (1798–1854 yillarda orol Maskat hukmdorlariga ijaraga berilgan).

Xo‘rmuz oroli
Lauren Dauphin / NASA Earth Observatory

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi va Eron: kimga tegishli va kim nazorat qiladi

Aksariyat davlatlar Xo‘rmuz bo‘g‘ozini xavfsizlik xalqaro dengiz huquqi, jumladan 1982 yilda qabul qilingan va 1994 yilda kuchga kirgan BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasining 37-moddasi bilan kafolatlangan xalqaro kema qatnovi hududi deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ushbu Konvensiyani na Eron, na AQSh ratifikatsiya qilgan va har ikki tomonning ushbu hududda kema qatnovini tartibga solishning huquqiy rejimi bo‘yicha pozitsiyasi turlicha.

Eron XX asr davomida hududiy suvlar zonasini bir necha bor kengaytirgan, jumladan Xo‘rmuz bo‘g‘ozida ham. 1934 yilda u bu zonani 3 dengiz milyasidan 6 milyagacha, 1959 yilda esa 6 milyadan 12 dengiz milyasigacha kengaytirgan. 1972 yilda O‘mon ham shunga o‘xshash chorani amalga oshirgan. Eronning 1993 yilda qabul qilingan Fors ko‘rfazi va O‘mon dengizidagi dengiz hududlari to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, Xo‘rmuz bo‘g‘ozi 12 dengiz milyasi (22,2 km) doirasida Eronning hududiy suvlari tarkibiga kiradi. Shu sababli u yerda faqat «tinch o‘tish» (inglizcha innocent passage) huquqi amal qiladi. Nazariy jihatdan bu Tehronga favqulodda vaziyat yoki harbiy tahdid yuzaga kelganda dengiz yo‘lini yopish hamda xorijiy harbiy kemalar o‘tishi uchun kelishuv talab qilish huquqini beradi. Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda ayniqsa keskinlikka sabab bo‘layotgan masalalardan biri bo‘g‘ozda Amerika harbiy kemalarining patrullik qilishidir (1980-yillardan buyon Bahraynda AQSh Beshinchi floti kuchlari joylashgan). Eron buni o‘z milliy xavfsizligiga tahdid deb biladi. O‘mon ham Tehron kabi bo‘g‘ozning 12 dengiz milyasi doirasidagi qismini o‘z hududiy suvlari deb hisoblaydi.

1970-yillar boshidan, mintaqadan Britaniya qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng, shohlik Eroni Xo‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirishga urina boshladi. Xususan, qator orollarni o‘z nazoratiga oldi va ularda harbiy kuchlarni joylashtirdi, 1973–1976 yillarda esa AQShning ma’qullovi bilan O‘monda yuz bergan monarxga qarshi qo‘zg‘olonni bostirish va Xo‘rmuz bo‘g‘ozida Eron manfaatlarini himoya qilish uchun bu mamlakatga ekspeditsiya korpusini yo‘lladi. 1975 yilga kelib Eronning bo‘g‘oz ustidan amaliy nazorat o‘rnatishi Saudiya Arabistonini neft eksporti uchun Qizil dengiz va Hind okeani orqali muqobil yo‘llarni izlashga undadi. Mamlakatda Islom inqilobi g‘alaba qozongach (1979 yil), Eron–Iroq urushi boshlanishi (1980-1988 yillar) va mintaqada Amerika harbiy-dengiz kuchlari paydo bo‘lishi ortidan bo‘g‘oz atrofidagi vaziyat keskinlashdi. Jumladan, Eron Iroq bilan urush avvalida Fransiyaga Parij Bag‘dodga qurol yetkazib bergan taqdirda bo‘g‘ozni yopish bilan tahdid qildi.

BAA bilan nizo

1970-yillardan boshlab kema yo‘llari yaqinida joylashgan Abu-Musa, Katta va Kichik Tomb orollarining tegishliligi atrofidagi mojaro bois Xo‘rmuz bo‘g‘ozi Eron va BAA orasidagi keskinlik hududiga aylandi. Tehron bu orollar 1887–1888 yillarda va 1908 yilgacha (o‘shanda ular Buyuk Britaniya tomonidan bosib olingan va London nazorati ostidagi Sharja amirligiga berilgan) Eronning bir qismi bo‘lganini da’vo qildi. tegishli edi. 1971 yil noyabrida, mintaqadan Britaniya qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng Tehron va Sharja o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda Eron harbiy bazasini eksterritorial huquq bilan joylashtirish evaziga Sharja amirligiga Abu-Musa oroli ustidan suverenitet berish ko‘zda tutilgandi. Ammo o‘sha oyning o‘zida, amirlik ustidan Britaniya nazoratining oxirgi kunida Tehron orolga qo‘shin jo‘natdi va uni hamda Katta va Kichik Tomb orollarini anneksiya qildi (hozirda har uchala orol Eronning Xo‘rmuzgan viloyati tarkibiga kiradi). Abu-Musa oroli ustidan nazorat Eronga neft eksporti infratuzilmasi hamda harbiy baza joylashgan Bandar-Abbos portini qo‘shimcha muhofaza qilish imkonini beradi.

Abu-Musa oroli
Icana News Agency / Keystone Press Agency / Global Look Press

AQSh bilan nizo

1984 yildan boshlab, Eron va Iroq o‘rtasidagi tankerlar urushi deb atalgan davr davomida har ikki tomon Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan tankerlar va boshqa kemalarga hamda sohilbo‘yi neft transporti infratuzilmasiga hujum qildi. Natijada 239 ta neft tashuvchi kemaga zarar yetdi, lekin bo‘g‘ozning o‘zi kemalar qatnovi uchun ochiq turdi. 1987–1988 yillarda bo‘g‘oz suvlari Amerika va Eron kuchlari o‘rtasidagi ziddiyat maydoniga aylandi: Eronning bo‘g‘ozni minalashi va Amerika fregatiga shikast yetkazishiga javoban AQSh harbiy-dengiz kuchlari Earnest Will («Qat’iy niyat») va Praying Mantis («Beshiktebratar») operatsiyalarini o‘tkazdi va Eron floti hamda sohildagi harbiy va sanoat infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazdi.

2000-yillarning ikkinchi yarmida uranni boyitish gumoni sababli Tehronga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etilishi Xo‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskinlikning yangi bosqichiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2008 yil yanvarda bo‘g‘oz xalqaro suvlarida Eronning beshta harbiy kateri Amerikaning uchta kemasiga xavfli darajada yaqinlashganidan so‘ng AQSh Eronni provokatsiyada aybladi. 2012 yil yanvarda Eron Xo‘rmuz bo‘g‘ozida yirik harbiy mashqlar o‘tkazdi va AQSh hamda YeI sanksiyalariga qasos sifatida kema qatnovlarini ushlab qolish bilan tahdid qildi. Barak Obama ma’muriyati ushbu suv yo‘li yopilishini «qizil chiziq» deb atadi, ammo Tehronning yuqori martabali shaxslari Eron neftini eksport qilishga to‘sqinlik qilingan taqdirda bo‘g‘oz yopilishi ehtimoli haqida bir necha bor ishora qilishdi.

2015 yil bahorida Eron patrul katerlari konteyner tashuvchi kemani to‘xtatdi va Singapur bayrog‘i ostida suzayotgan Alpine Eternity tankeriga qarata o‘t ochdi. Pentagon yil davomida AQSh va Eron harbiy kemalari ishtirokidagi 23 ta «xavfli holat»ni qayd etdi, keyingi yilda esa ular soni 35 taga yetdi. Eng jiddiy voqea 2016 yil yanvarda yuz berdi: Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari Forsi oroli yaqinida Amerikaning ikki katerini o‘n nafar dengizchisi bilan qo‘lga oldi. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik bunday voqealar soni kamayib, 2017 yilda 14 taga tushdi. Biroq 2018 yil may oyida AQShning yadroviy kelishuvdan chiqishi va Eronga qarshi sanksiyalar tiklanishidan so‘ng ikki davlatning Xo‘rmuz bo‘g‘ozidagi munosabatlari yana keskinlashdi. O‘sha paytdagi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bo‘g‘ozni bloklash ehtimoli haqida ishora qildi.

2019 yil may oyida Fujayra yaqinida to‘rtta, jumladan, ikkita Saudiya neft tankeri hujumga uchradi. Iyunda Eron kuchlari Tehron bayonotiga ko‘ra, Xo‘rmuz bo‘g‘ozi ustida Eron havo makoniga kirgan Amerikaning RQ-4 Global Hawk dronini urib tushirdi. Bir oydan so‘ng, 18 iyulda Gibraltarda Eron tankerining to‘xtatilishiga javoban Bandar-Abbos portida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi patruli Britaniyaning Stena Impero tankerini ushladi. O‘sha vaqtda AQShning USS Boxer desant kemasi bo‘g‘oz ustida Eron dronini urib tushirdi. Ertasi kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi Sentinel («Qo‘riqchi») operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. «Dengizda barqarorlikni ta’minlash, xavfsiz o‘tishni kafolatlash va Fors ko‘rfazi, Xo‘rmuz va Bob-il-Mandob bo‘g‘ozlari hamda O‘mon ko‘rfazi xalqaro suvlarida keskinlikni kamaytirish» operatsiya maqsadlari sifatida ko‘rsatildi.

2020 yil fevraldan boshlab, AQShning Yevropa va Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari Xo‘rmuz bo‘g‘oziga qo‘shimcha kuchlar jo‘natdi, shuningdek, u yerda Fransiya shafe’ligida Yevropa dengiz kuzatuv missiyasi (EMASoH) boshlandi. 2021 yil yanvarda Eron Xo‘rmuz bo‘g‘ozida Janubiy Koreya bayrog‘i ostidagi tankerni ushladi, 2023 yil may oyida esa yana ikkita neft tankeri ushlandi. 2024 yil aprelda Isroil Eronning Damashkdagi elchixonasiga zarba berganidan so‘ng Portugal bayrog‘i ostida suzayotgan, Isroil tadbirkori Eyal Ofer bilan bog‘liq MSC Aries konteyner tashuvchi kemasi ushlandi.

Xinhua / Global Look Press

2025 yil iyunda Isroilning Eronga qarshi «Isyonkor sher» operatsiyasi boshlangach, Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi rahbari Ismoil Kosari Xo‘rmuz bo‘g‘ozini yopish ehtimoli haqida bayonot berdi.

2026 yil fevral oyi o‘rtalarida AQShning mintaqadagi harbiy-dengiz kuchlarini kuchaytirishi va Donald Tramp tahdidlari fonida Eron harbiy-dengiz kuchlari Xo‘rmuz bo‘g‘ozida «Xo‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan aqlli nazorat» deb nomlangan harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar doirasida "kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash choralari" munosabati bilan Xo‘rmuz bo‘g‘ozining bir qismi bir necha soatga yopildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni admiral Alirizo Tangsiri agar mamlakat oliy rahbariyati buyruq bersa, Xo‘rmuz bo‘g‘ozini yopishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

2026 yilning 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga hujumidan so‘ng Reuters bo‘g‘oz Eron tomonidan yopilgani haqida xabar berdi. Tehron bunday topshiriq berilganini rasman tasdiqlamadi. Bloomberg bo‘g‘oz ochiq bo‘lsa-da, tankerlar ushbu bo‘g‘ozni kesib o‘tmayotganini yozdi. Xususan, Yaponiyaning Nippon Yusen KK kemasozlik kompaniyasi o‘z kemalariga Xo‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tmaslikka ko‘rsatma bergan, Gretsiya ham o‘z savdo flotini ogohlantirgan. Fars agentligining yozishicha, «tankerlar harakatini monitoring qiluvchi xalqaro tizim Xo‘rmuz bo‘g‘ozi hududidagi tankerlar tezligi nolga tushganini ko‘rsatmoqda».

Xo‘rmuz bo‘g‘ozining jahon iqtisodiyotidagi ahamiyati

Bugungi kunda, turli baholarga ko‘ra, jahon nefti, kondensat va neft mahsulotlarining 15–20 foizi (kuniga 17–21 million barrelga yaqin) hamda suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizdan ortig‘i (asosan Qatar va BAAdan) Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. 2024 yilda bo‘g‘oz orqali tashilgan xom neft va kondensatning 84 foizi, suyultirilgan gazning esa 82 foizi Osiyo mamlakatlariga, qolgan qismi Yevropaga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, Xitoyga import qilinadigan suyultirilgan gazning 24 foizi Xo‘rmuz orqali yetkazilgan. Saudiya Arabistonining neft eksporti Xo‘rmuz bo‘g‘oziga bog‘liq (2024 yilda xom neft va kondensat hajmining 38 foizi u orqali tashilgan). Eng yirik xaridorlar esa Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya bo‘lib, 2024 yilda Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashilgan neftning 69 foizi ular tomonidan sotib olingan.

U dunyodagi eng tig‘iz yo‘nalishlardan hisoblanadi — bo‘g‘oz orqali kuniga 200–300 ta kema o‘tadi, tig‘iz soatlarda har olti daqiqada bitta kema o‘tishi mumkin. Umumiy hisobda ushbu dengiz yo‘li jahon dengiz neft savdosining 40 foizini ta’minlaydi. Shu bois AQSh energetika vazirligi uni dunyodagi eng muhim neft tashish yo‘nalishi deb ataydi.

Muqobil yo‘nalishlar

Mintaqadagi aksariyat mamlakatlar (birinchi navbatda Iroq, Qatar va Kuvayt) Xo‘rmuz bo‘g‘ozidan Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga neft yetkazishning yagona yo‘li sifatida foydalanishga majbur. Hozirda faqat Saudiya Arabistoni, BAA va Erongina neft mahsulotlarini sohildagi eksport terminallariga Xo‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tgan holda yetkaza oladigan quvur yo‘llariga ega. Bular:

  • Saudiyaning Sharq–G‘arb neft quvuri (Petroline): sutkalik quvvati 5,1 mln barrel. (Sharqiy viloyatdagi Abkayk neft konini Qizil dengiz sohilidagi Yanbu terminali bilan bog‘laydi, uzunligi 1200 km atrofida).
  • Saudiyaning Abkayk–Yanbu gaz quvuri: sutkalik quvvati 290 ming barrel.
  • BAAning Abu-Dabi–Fujayra neft quvuri: sutkalik quvvati 1,5 mln barrel, Xabshan konidan Fujayra terminaliga neft yetkaziladi.

Shuningdek, quvvati sutkasiga 1,65 mln barrel bo‘lgan IPSA Saudiya–Iroq neft quvuri (Iraqi Pipeline in Saudi Arabia) ham bo‘lgan. U Iroq neftini Basra hududidan Yanbu shimolidagi Al-Muajiz terminaliga yetkazib bergan, biroq 1990 yilda Iroqning Kuvaytga hujumidan so‘ng ishdan chiqarilgan va o‘shandan buyon ishlamaydi. Iroq neftini eksport qilishning yana bir yo‘nalishi — uzunligi 970 km bo‘lgan Kirkuk—Jyeyhan Iroq–Turkiya neft quvuri hisoblanadi. U orqali neft Iroq shimolidagi Kirkukdan O‘rta yer dengizi bo‘yidagi Jyeyhan terminaliga yetkaziladi. U tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli 2023 yil martida yopilgan. Nihoyat, 2008 yil sentabrida BAAda Xo‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tadigan, qiymati 200 mlrd AQSh dollari bo‘lgan kanal qurish loyihasi ilgari surilgan, biroq ushbu reja amalga oshirilmagan.

Eronda Xo‘rmuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish maqsadida 2021 yil iyulida uni chetlab o‘tuvchi, sutkasiga 300 ming barrel quvvatga ega Gure—Jask neft quvuri va O‘mon ko‘rfazi sohilida joylashgan Jask shahrida terminal qurildi. Biroq uning imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, deyarli butun Eron neft eksporti hali ham Xark orolidagi neft terminali (bo‘g‘ozning shimolida joylashgan) orqali amalga oshirilmoqda.

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi
NASA

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yopilsa nima bo‘ladi?

Eronlik ekspertlarning 2025 yildagi baholashlariga ko‘ra, Xo‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi neft ta’minotining keskin qisqarishiga olib keladi va neftning bir barreli 250 AQSh dollarigacha ko‘tarilishi mumkin. Iroq tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, bo‘g‘ozning yopilishi Fors ko‘rfazi va Iroqdan kuniga taxminan 5 mln barrel neft yo‘qotilishiga hamda narxlarning bir barrel uchun 200–300 dollargacha ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Isroilning Eronga hujumidan so‘ng Brent rusumidagi neft narxi 13 foizga ko‘tarilib, bir barreli 78,5 dollarga yetdi. JPMorgan mutaxassislari esa Yaqin Sharqda keng ko‘lamli mojaro yuz berib, Xo‘rmuz bo‘g‘ozi qamal qilingan taqdirda neft narxi bir barrel uchun 130 dollarga yoki undan ham balandroqqa ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Neft narxining keskin oshishi haqidagi xavotirlar 2026 yil fevralida AQSh va Isroilning Eronga hujumlaridan so‘ng yanada kuchaydi. Jumladan, RBK ekspertlarining fikricha, Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgan taqdirda neft kotirovkalari 100 dollarlik chegaradan oshib, hatto bir barrel uchun 150 dollarga yetishi mumkin.

Eron xalqaro siyosatda Xo‘rmuz bo‘g‘ozidan qanday foydalanishi mumkin?

Xo‘rmuz bo‘g‘ozining shimoliy qismi ustidan nazoratga ega bo‘lgani tufayli Eron bir necha bor, xususan, 2012 va 2018 yillarda uni yopish bilan tahdid qilgan. Bu Eronga nisbatan xalqaro sanksiyalar kiritgan AQSh va YeI mamlakatlariga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rilgan. Bo‘g‘oz hududi asosan Eron kuch tuzilmalarining eng jangovar va yaxshi qurollangan qismi hisoblanuvchi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy-dengiz kuchlari javobgarligi doirasiga kiradi. Ular tezyurar raketa katerlari va kemaga qarshi raketalar bilan jihozlangan boshqa kemalarga ega hamda ularning ixtiyorida bo‘g‘ozni to‘liq yopa olmasa ham kemalar qatnovini jiddiy ravishda izdan chiqarishga qodir dengiz minalari zaxirasi mavjud.

Shu bilan birga, Xo‘rmuz bo‘g‘ozi Eron neftini xalqaro bozorlarga, birinchi navbatda Xitoyga eksport qilishda eng muhim yo‘nalish sifatida xizmat qiladi va mamlakat iqtisodiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron 2025 yilda bo‘g‘oz orqali 2018 yildan buyon rekord hajmda neft tashigan.

Bundan tashqari, G‘arb mamlakatlari va Isroil Eronni Yamandagi husiychilarni Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qurol bilan ta’minlashda ayblab keladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid