Jahon | 12:59 / 03.03.2026
22694
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning tahdidlari va «Hizbulloh» ham urushga qo‘shilishi. So‘nggi ma’lumotlar

Donald Tramp urush boshlanganidan buyon ilk bor jurnalistlar qarshisida chiqish qilib, Eron bo‘yicha bayonotlar berdi. U AQShning Eron bilan urushdagi 4 maqsadini keltirib o‘tgan hamda urushdan zerikmasligini ta’kidlagan.

Foto: Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

Trampning urush boshidan buyon ilk nutqi

Donald Tramp urush boshlanganidan buyon ilk bor jurnalistlar qarshisida chiqish qilib, Eron bo‘yicha bayonotlar berdi. Uning nutqi jonli efirda translatsiya qilindi. Bunga qadar Oq uy matbuot xizmati faqat Truth Social orqali AQSh prezidentining Amerika va Isroilning islom respublikasiga qarshi qo‘shma amaliyoti yuzasidan oldindan yozib olingan videomurojaatlarini e’lon qilayotgan, shuningdek, Trampning o‘zi OAVga telefon orqali intervyular berayotgandi.

Tramp o‘z nutqida urushning boshlanishini Eronning yadro qurolini ishlab chiqarish bo‘yicha harakatlarini to‘xtatish zarurati bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Oq uyning yadroviy dasturni tiklashga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirgan. Trampning ta’kidlashicha, Erondagi rejim allaqachon Yevropa va Amerika bazalariga yetib bora oladigan raketalarni ishlab chiqqan, tez orada AQShdagi nishonlarni ham ura oladigan raketalar tayyor bo‘lishi mumkin edi.

Reuters agentligi yozishicha, prezidentning da’volari bo‘rttirilgan va Amerika razvedkasi ma’lumotlariga zid keladi. Agentlik manbalari oldinroq maxsus xizmatlar baholariga ko‘ra, Eron qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalarga faqat 2035 yilga borib ega bo‘lishi mumkinligini xabar qilgandi.

Tramp AQShning Eron bilan urushdagi to‘rt maqsadini keltirib o‘tgan:

  • Eronning raketa salohiyatini yakson etish;
  • Eron flotini yakson etish;
  • Eronga yadro quroliga ega bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • Eronga boshqa mamlakatlardagi «terrorchi armiyalar»ni moliyalashtirish va qurollantirishga yo‘l qo‘ymaslik.

The New York Times nashri Tramp o‘z nutqida, urushdagi maqsadlar qatorida Erondagi hukmron rejimning o‘zgarishini tilga olmaganiga e’tibor qaratgan. Gazetadagilar fikricha, bu Tramp ma’muriyati bu urush orqali nimaga erishmoqchi ekani haqida aniq xabar berishga qiynalishining belgilaridan biridir.

Tramp urush qachon yakunlanishi borasida ham aniq gap aytmagan. «Biz boshidanoq urush to‘rt-besh hafta davom etishini bashorat qilgan edik. Biz allaqachon prognozlardan ancha ilgarilab ketdik, ammo qancha kerak bo‘lsa, shuncha uzoqroq bardosh bera olamiz. Bugun kimdir hamma narsani tezda qilmoqchiligimni, aks holda «zerikib qolishimni» aytdi. Men zerikmayman. Bunda hech qanday zerikarli narsa yo‘q. Bizda dunyodagi eng kuchli va qudratli armiya bor va biz osongina g‘alaba qozonamiz», – deya qo‘shimcha qildi Tramp.

AQSh prezidenti bu chiqishi arafasida Amerika nashrlariga bir necha intervyular bergandi. U CNN bilan suhbatda AQSh hali jiddiy zarbalar berishni boshlamaganini aytib, hujumlarning «katta to‘lqini» bilan tahdid solgandi. New York Post bilan muloqotda esa Eronga «agar zarurat tug‘iladigan bo‘lsa», quruqlik amaliyoti o‘tkazish uchun Eronga Amerika qo‘shinini kiritishi mumkinligini istisno etmagan.

Pentagon eronliklarni imkoniyatdan foydalanish va hukmron rejimni ag‘darishga chaqirdi

AQSh Urush vazirligi ham bir necha oy ichida ilk bor matbuot uchun brifing o‘tkazdi. Pentagon rahbari Pit Hegset Eron bilan urush yuzasidan izoh berarkan, AQSh zarbalari islom respublikasidagi «rejimni o‘zgartirish»ga qaratilmaganini aytgan, lekin mamlakat rahbariyati o‘zgarganini tan olgan. «Va bu dunyo uchun faqat yaxshi bo‘ldi», – deya qo‘shimcha qilgan vazir. Hegset Eron aholisini imkoniyatdan «foydalanish»ga va hukmron rejimni o‘z qo‘li bilan ag‘darishga chaqirgan.

U urushni Vashington emas, amaldagi rejimning 47 yillik mavjudligi davrida «Amerikaga qarshi bir tomonlama shafqatsiz urush olib borgan» Tehron boshlaganini aytgan. Urush vaziriga ko‘ra, eronliklar buni «Bayrutdagi avtomobillarni portlatish, Amerika kemalariga raketa hujumlari, elchixonalardagi qotilliklar, Iroq va Afg‘onistondagi amerikaliklarga qarshi teraktlar» orqali amalga oshirgan. «Bu urushni biz boshlamadik. Ammo Tramp prezidentligi davrida biz bu urushni yakunlaymiz», – degan Hegset.

O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi urush Isroilning mavjudligiga bo‘lgan tahdidni bartaraf etishga, shuningdek, eronliklarga amaldagi rejimni ag‘darishda yordam berishga qaratilganini aytgan. Shu bilan birga, Netanyahu Eron nafaqat Isroil va AQSh, balki «mintaqadagi barcha xalqlar»ga tahdid solayotganini ta’kidlagan. «Biz bu yerda Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda, butun insoniyat nomidan va uning uchun harakat qilmoqdamiz», – deya qo‘shimcha qilgan isroilliklar bosh vaziri.

Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

Urushdagi boshqa so‘nggi muhim voqealar

  • Eron AQSh va Isroil bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortdi. Bir kun oldin Tramp Eronning yangi rahbariyati undan muzokaralarni qaytadan boshlashni so‘rayotganini va u bunga rozi bo‘lganini aytgandi.
  • Eron Isroilga va Amerikaning Fors ko‘rfazidagi mamlakatlarda joylashgan bazalariga yangi zarbalarini yo‘lladi. Isroil janubidagi Beer-Sheva shahrida turar joy kvartali zarba ostida qolgan. 19 kishi yaralangan. Bundan tashqari, BAA va Bahrayn shaharlari Eronning navbatdagi hujumlariga nishon bo‘lgan. Qatar va Saudiya Arabistonida dronlar suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish va neftni qayta ishlash zavodlariga hujum uyushtirgan.
  • Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» guruhi ham Isroil bilan zarbalar almashinuvini boshlagan. Isroil mudofaa armiyasi xabariga ko‘ra, yopirilma zarbalar seriyasi doirasida «Hizbulloh»ning 70 dan ortiq qurol omborlari, uchirish moslamalari va raketa komplekslariga aniq zarba berilgani, shuningdek, guruhning yuqori martabali qo‘mondonlari o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Livan hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida mamlakatda 52 kishi halok bo‘lib, 150 dan ortiq kishi yaralangan. Keskinlashuv fonida AQShning Bayrutdagi elchixonasi Livanda bo‘lib turgan amerikaliklarni zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirgan. Livan bosh vaziri Navaf Salam «Hizbulloh»ning zarbalaridan keyin guruhning harbiy amaliyotini «noqonuniy harakat» deb baholadi va uning harbiy faoliyati taqiqlanganini e’lon qildi.
  • Kuvaytda AQShning uchta qiruvchi samolyoti urib tushirildi. Mamlakat mudofaa vazirligi avvaliga 2 mart kuni Kuvayt hududida Amerikaning «bir necha» qiruvchi samolyotlari qulaganini xabar qildi. AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) F-15E rusumli uchta qiruvchi samolyotidan ayrilganini tasdiqladi. Idora bu samolyotlar Eron hujumlarini qaytarish chog‘ida Kuvayt havo hujumidan mudofaa kuchlarining «do‘stona» zarbasi oqibatida qulaganini taxmin qilgan. Olti nafar uchuvchi muvaffaqiyatli katapulta qilingan, shifokorlar ularning holatini barqaror deb baholagan. Hodisa sabablariga aniqlik kiritilishi ma’lum qilingan.
  • CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan urush boshlanganidan buyon jami olti nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan, yana 18 nafar harbiy jiddiy yaralangan.
  • BAAda 28 fevral kuni yopilgan aeroportlar faoliyatini tikladi va reyslar amalga oshirilishi boshlandi. Dubay va Abu-Dabidan bir necha samolyot uchib ketgan, jumladan, Toshkentga ham. O‘zbekiston hukumati Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi fuqarolarini evakuatsiya qilish harakatlarini boshlagan.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid